Bir qarashda chumolilar va odamlar orasida umumiylik yo’qdek tuyiladi. Ammo olimlar chumolilarni alohida o’rganib chiqishgach, bu fikrni keskin rad etishdi.
Dastlabki xulosa shu bo’ldiki, chumolilar hayotlarining birinchi kunidanoq o’z vazifalarini anglab yetadilar. Ulardagi hayot tarzi umumiylik sistemasiga tayangan bo’lib, o’zaro birgalik hissi ularni birlashtirib turadi.
JARROH HAShAROTLAR
Endigina tug’ilgan chumolilar alohida parvarishxona — “yasli”larda saqlanadi. Bu chumoli bolalarining tarbiyasiga yoshi katta chumolilar mas’ul etib tayinlanadi.
Yana bir qiziqarli tomoni shundaki, tarbiyachi chumolilar yosh chumolilarni tez-tez tabiat qo’yniga olib chiqishadi.
Qariya chumolilar va bemor chumolilarga maxsus shifokor chumolilar qarashadi. Shifokor chumolilar bemor chumolilarni muolaja qilishda amputatsiyadan foydalanadi, ya’ni bemor chumolilarning zarar yetgan joylarini kesib tashlaydi. Chunki ko’p oyoqlilarda oyoqlar yangidan o’sib chiqadi, bu tabiiy hol.
JONLI KO’PRIK
Amerikada yashab kelgan “Fermer chumolilar” daraxt va devor kavaklarida hamda yer ostida jon saqlaydilar. Hamma ishni birgalikda qilishga o’rgangan bu mehnatkash va ahil hasharotlarni qishki mavsumga tayyorgarlik oldidan ko’rsangiz, ularning insoniyatga qanchalar o’xshashligini fahmlaysiz.
Amerika markazida esa “o’roqchi” chumolilar yashaydi. Ular yo’llar quradi. Bunda bir-birlari bilan bog’langandek harakat qiladi. Masalan, o’zlari turgan joydan bug’doyzorgacha jonli ko’prik yasab, zaxira donlarni qo’lma-qo’l uzatib g’amlaydi. Bu ko’prik chumolilarning o’zlaridan quriladi. Ko’prikning uzunligi ba’zan 1 kmgacha ham borib qoladi. Ishni to’xtovsiz va bexato bajarayotgan chumolilarga qarab tursangiz, bu mehnat zamirida ulkan kuch-qudrat yotganini his qilasiz.
NAVBAT TARTIB POSBONLARIGA!
Ba’zan, ayrim sabablarga ko’ra, bir chiziq bo’lib tizilgan chumolilar safi buzilib ketsa, “tartib posboni” bo’lgan chumolilar kelib, tartib o’rnatmaguncha ish to’xtaydi. Eng qizig’i, bu chumolilarni hech kim chaqirmaydi. Hali tasdiqlanmagan ayrim taxminlarga ko’ra, ular o’z telepatiyasi signali orqali voqelikdan xabardor bo’lib, yetib kelishadi. So’ng bir zumda tinchlik o’rnatishadi.
O’lgan chumolilarni dafn qilish marosimi ham insoniyatnikiga o’xshash. Ya’ni marhumlarni “hammol” chumolilar ko’tarib boradi. “Go’rkov” chumolilar esa 2 sm li go’r qazib, marhumlarni yerga qo’yadi va ko’madi.
Ko’pgina olimlar bu jarayonlarni o’rganib chiqib, shunday bir to’xtamga keldilar: «Chumolilar yer yuzida mavjud hasharotlar ichida eng aqllisi bo’lsa-da, harakatlarining barchasi shartli refleks va ularning oddiy instinktlaridan kelib chiqqan».
Internet manbalari asosida
Z.ISOQOVA tayyorladi.
(«7 Mo»jiza» xazinasidan)
loading…