Shuhrat Qayumov taniqli operator Temur Qayumovning farzandi hisoblanadi. U kinodagi ilk rolini “Abdullajon” filmida yaratgan. Rejissor Zulfiqor Musoqov “O’zbekkino” hovlisida Temur Malikovning o’g’lini uchratib qoladi. Mana shu tasodifiy uchrashuv sabab Abdullajon roli Shuhrat Qayumovga nasib etgan. U “Abdullajon”dan so’ng boshqa o’zbek filmlarida suratga tushmadi. Maktabni tamomlagach, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil oldi. 1998-yilda tajriba oshirish maqsadida chet elga ketgan va bir necha yil Qozog’iston va Rossiyada yashagan. U Rossiyada suratga olingan loyihalarda operator sifatida ishlagan. 2003-yili O’zbekistonga qaytib, o’z kompaniyasiga asos solgan. Uning kompaniyasi kinotexnikalarni sotish va ijaraga berish bilan shug’ullanadi. Oilali: 2 o’g’il va bir qizning otasi.