Kayserida ko'rilishi shart makonlar

Kayseri – Turkiyaning Markaziy Anatoliyadagi yirik sanoatlashgan shahri. Kayseri shahri beshta shahar tumanidan iborat: ikkita asosiy tuman Ko’jasinan va Melikgazi hamda 2004-yildan beri Hajilar, Injesu va Talas. Kayserining eng mashhur va eng baland tog’i 3916 metr balandlikdagi Erjies tog’idir. Erjies tog’i so’ngan vulqon bo’lib, uning etaklarida ko’plab ikkilamchi vulqon cho’qqilari joylashgan. Viloyatning muhim ko’llari: Jamiz ko’li, Cho’l ko’li, Sarigo’l, Yay ko’li va Tuzla ko’li. Bulardan tashqari turli xil to’g’onlar, syorfing va rafting sport turini sevuvchilar uchun Zamanti irmog’i, shuningdek kemping uchun o’rmonlar va yaylovlar hamda nafis sharsharalar ham bor. Keling, hozir Kayseri viloyatining kezish uchun mukammal joylarini ko’rib chiqamiz.

 

1. Erjies tog’i. Erjies tog’i 3916 metr balandlikda, Markaziy Anatoliya mintaqasidagi eng baland tog’ bo’lish barobarida, Turkiyaning beshinchi eng baland tog’idir (Ag’ri-Jilo-Suphan-Kachkar-Yerjies). Bu Kayseridan 25 km g’arbda joylashgan “faol, ammo uyqudagi vulqonli” tog’dir. Kayserining ramziga aylangan Erjies tog’i, «Uzoqlashgan sari yaqinroq tuyuladigan, yaqinlashgan sari uzoqlashadigan tog’» deb ataladi. Kayseri badan hisoblansa, Erjies uning ruhidir. Erjies tog’ida so’nggi yillarda qish sport turlari, shu jumladan chang’ida, snoubourdda uchish ancha rivojlandi. Bundan tashqari “Radisson Blu”, “Mirada Del Lago” hamda bir qancha mashhur mehmonxonalar bilan bir qatorda kiritligan sarmoyalar natijasi o’laroq tog’ “Erjiyes Ski Resort” nomi bilan mashxur qish turizmi markazi shakllandi. Bu yerda bir necha bor snoubordda uchish bo’yicha Jahon chempionatlari o’tkazildi. Bundan tashqari, noyabr oyidan aprel oyigacha davom etadigan “Qish turizmi mavsumi” davomida chet el va mahalliy turistlari chana, snoubord, chang’i sporti va muz ustida konkida uchishdan bahramand bo’lishlari mumkin.

2. Kapuzbashi sharsharalari. Kapuzbashi sharsharalari 500 kvadrat metr maydondagi 7 ta sharsharadan tashkil topgan, toshlar orasidan otilib chiquvchi, 30-76 metr balandlikdan juda katta suv oqimi bilan quyilib, yoz va qish oylarida uzluksiz oqadigan buloq sharsharalaridir. Kapuzbashi sharsharasi Kayserining Yahyali tumanidagi Aladag’lar milliy bog’i chegaralarida joylashgan. Kapuzbashi sharsharasining eng muhim xususiyati uning shifobaxsh buloq manbasidan quyilishidir. Kapuzbashi sharsharalari (76 m) dunyoda AQShdagi Niagara sharsharalaridan (55 m), Finlyandiyadagi Imatra sharsharalaridan (25 m), Erzurumdagi Tortum sharsharalaridan (50 m), Antaliyadan, Viktoriya sharsharalaridan (100 m), Turkiyada esa Duden sharsharalaridan (25 m) va Manavgat sharsharalaridan (5 m) oqim jihatidan kattaroq hisoblanadi. Sharsharalar oqadigan joyning balandligi 700 metr. Aladag’lar cho’qqisidagi qor va muzlik suvlari bilan oziqlanadi. “Ensenin Tepe” nomli qoyalardan paydo bo’lgan sharsharalardan beshtasi tepalikning sharqida, ikkitasi janubda joylashgan. 30-76 metr oralig’ida o’zgarib turadigan sharsharalarning suvlari Aladag’-Aksu suvlari bilan qo’shilib, Zamanti irmog’iga va u yerdan Seyhan daryosiga qo’shiladi.

3. Derebag’ sharsharasi. Kayserining Yahyali tumanidan taxminan 10 kilometr uzoqlikda va Derebag’ mahallasida joylashgan. Yassi oqimli buloq sharsharalaridan biri bo’lgan Derebag’ sharsharasining balandligi 15 metr. Ikki g’ordan chiqqan musaffo va tiniq buloq suvlari tor vodiydan oqib o’tib, Yahyaliga yetib boradi. Atrofida piknik uchun maydonlar tashkil etilgan. Derebag’ sharsharasi mahalliy va chet eldan tashrif buyuradigan turistlar uchun manzarasidan bahramand bo’ladigan, o’ziga xos “selfi” larni bezatish, hamda atrofida piknik qilish uchun jannatmakon joy bo’lib xizmat qilib kelmoqda.

4. Sultan Sazlig’i. Sultan Sazlig’i milliy bog’i Markaziy Anadolu mintaqasidagi Kayseri viloyatining Yahyali, Develi va Yeshilhisar tumanlari hududida joylashgan. 2002-2004-yillarda o’tkazilgan flora tadqiqotlari natijasida hududda 428 ta tabiiy o’simlik turi mavjudligi va ularning 48 tasi endemik ekanligi aniqlandi. Sultan Sazlig’ida hozirgacha qushlar hisoboti natijalariga ko’ra eng ko’p – 301 qush turi hisobga olindi. Sultan Sazlig’ida qush turlari va soni, ayniqsa, suv-botqoq ekotizimidagi suv sathining o’zgarishiga va oylarga qarab juda farq qiladi. Bu yerda maftunkor pushti flamingolarni uchratishingiz mumkin!

5. Hajer o’rmoni. Aladag’lar milliy bog’i hududida joylashgan Hajer o’rmoni tik yon bag’irlardan iborat vodiyni o’rab turgan zich daraxtlar bilan qoplangan Turkiyaning eng yaxshi “post” o’rmonidir. O’zining o’ta yovvoyi tabiati va vizual boyligi bilan u sarguzashtni sevuvchilar va sayyohlar uchun jozibali tabiyat mo’jizasidir. U Yedigo’ller va Kapuzbashi sharsharalarini o’zining noyob vodiylari, daralari va muzlik qoyalari bilan bog’laydi. Bu yer kemping uchun mukammal makonligi bilan birga mahalliy turistlar uchun sevimli joylardan biri hisoblanadi.

6. So’g’anli vodiysi. Kayseridan 80 kilometr uzoqlikda, minglab yillar davomida turli hayotlarga va sivilizatsiyalarga guvoh bo’lgan So’g’anli vodiysida kaptarxona, g’or, boshpana, cherkov va monastir sifatida foydalanilgan qiziqarli tosh shakllari mavjud. Juda qiziqarli geografik tuzilishga ega bo’lgan So’g’anli vodiysi juda qadimgi istiqomat makoni sifatida Rim davridan qolgan cherkovlari bilan mashhur. Bu cherkovlarning eng mashhurlari: Avliyo Barbara (Tahtali), Karabash, Gumbaz va Yilanli cherkovlari. Xristianlar IV asrda o’z e’tiqodlarini saqlab qolish uchun joylashishni tanlagan bu pana vodiyda Injil sahnalari tasvirlangan go’zal freskalar bilan bezatilgan ko’plab cherkovlar, hamda bugungi kunda topilgan cherkov xarobalari orasida gumbazli cherkov mavjud. Bugungi kunda ushbu vodiy tarixiy xarobalar bilan to’la. Mehmonlarini tabassum bilan kutib oladigan So’g’anli xalqining yana bir xususiyati bor: ular rang-barang liboslari, munchoqlari bilan bir-biridan chiroyli, qo’lda ishlangan So’g’anli qo’g’irchoqlarini o’ylab topishgan. Matodan qilingan bu qo’g’irchoqlar juda mashhur.