Ikki asrlik lazzat – Pishmanie

Pishmanie yoki boshqa nomlar bilan mashhur bo’lgan “Pishmani”, “Holva-yi kettan”, “Cho’zinchoq holva”, “Ipli holva” Anatoliyada oq shakar, bug’doy uni, sariyog’, margarin bilan tayyorlangan an’anaviy shirinlik bo’lib, ulkan mehnat talab qiladi. Anatoliyaning deyarli har bir mintaqasida uchratish mumkin bo’lsa-da, Kojaeli viloyatida tayyorlanadigan ushbu shirinlik turi alohida shuhrat qozongan hamda ko’p miqdorda ishlab chiqarilganligi va sotilganligi sababli, u Kojaeli viloyatining Izmit shahriga xos bo’lgan lazzatlardan biri hisoblanadi va 2010 yilda «Izmit Pishmaniesi» sifatida «Geografik Ishorat» guvohnomasini qo’lga kiritgan. Eskishehir viloyatida «Tel tel», Kastamonuda «Chekme» yoki «Chekme holvasi» nomi bilan tanilgan. «Pashmak», «Tel (simli) holva», «Zig’ir holvasi» va «Cho’zinchoq holva» bozorda turli shakllarda uchratishingiz mumkin bo’lgan Pishmanie turlaridir. Ammo, xalq orasida Izmit va Erzurum viloyatlari Pishmanielari ko’proq tanilgan va qay birining lazzatliroq ekanligi borasida haligacha tortishishadi.

Shirinlikning kelib chiqishi Eron mintaqasiga borib taqaladi. “Junga o’xshash” ma’nosini anglatuvchi “Peshmek” so’zi vaqt o’tishi bilan qo’y juniga o’xshaganligi uchun turk tilida “Pishmanie” deb talaffuz qilina boshlagan. Anadolu (Anatoliya) ga qay tariqa tarqalganligi haqida aniq ma’lumot yo’q. Uy sharoitida tayyorlanadigan shirinlik bo’lgan Pishmanie vaqt o’tishi bilan keng tarqalib, saroyda tayyorlana boshlagan. Pishmaniening bir turi bo’lgan «Cho’zinchoq holva» 1800 yillarda Kastamonuda ishlab chiqarila boshlandi. Aytishlaricha, Kojaelida Pishmanie ustasi sifatida tanilgan birinchi odam Kandiralik Hayrettin Usta bo’lgan. Kojaeli atrofida yashovchi armanlardan biri bo’lgan Shekerji Hoji Agop Do’lmajiyan, Hayrettin Ustadan Pishmanie tayyorlashni o’rganganidan so’ng Izmit Pishmaniesini bozorda xalq uchun ishlab chiqarishini boshladi. Birinchi jahon urushidan keyin Do’lmajiyan qandolat do’konini yopdi va chet elga ko’chib ketdi, lekin undan Pishmanie tayyorlashning nozik tomonlarini o’rgangan Izmit Tumani Moliya boshlig’i Ibrohim Ethem Efendi Kapano’nu tumanida qandolat do’koni ochdi va qandolatchilik ishlab chiqarishning davom etishini ta’minladi. Do’lmajyanning farzandlariga turk va fransuz tillarini o’rgatish uchun do’konida ishlagan Ibrohim Ethem Efendi Kapano’nudagi ustaxonasida ko’plab Pishmanie oshpazlari yetishib chiqqan. 2009 yilda Izmitda «Xalqaro Pishmanie Festivali» tashkil etila boshlandi. Ushbu festivalda Ginnesning rekordlar kitobiga kirish uchun 1040 metr Pishmanie pishirildi. Izmitning Pishmanie ishlab chiqaruvchilari 1040 metr uzunlikdagi Pishmanie tayyorlashlari natijasida «Dunyoning eng uzun shirinligi» nomi bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. “Xalqaro Pishmanie Festivali” 2009 yildan keyin ham oktabr oyida muntazam ravishda o’tkazilishi davom etdi; 2019 yilda esa o’n birinchi festival bo’lib o’tdi.

U sariyog’, vanil (yoki kakao), limon tuzi, shakar, qiyom, un va suvdan tayyorlanadi. Pishmanie qilish uchun shakar 170 darajada mumsimon holga kelguncha qaynatiladi. Issiq karamellangan shakar eritmasi sovuq yuzaga quyiladi, sovutiladi va oqartiriladi. Oqartirish jarayonida shakar aralashmasi metall ilgichga osib qo’yiladi, qo’lda buklanadi va yana bir bor cho’ziladi. O’ziga xos “tortish” deb ataladigan jarayon shakar aralashmasiga havo kirishi uchun ko’p marta takrorlanadi. Ushbu jarayon natijasida yumshoqroq va oqroq shakar xamiri olinadi. “Miena” deb ataladigan ushbu xamir, un va sariyog’ni alohida idishda aralashtirib, qovurish orqali tayyorlanadi. Shakar xamiri va miena an’anaviy usulda qo’l bilan aylantiriladi, burish paytida “mum”ni buzmaslikka e’tibor berish kerak. Har bir aylantirishdan keyin “mum” halqa holatiga keltiriladi va bu jarayon ushbu halqaning simga aylanmagunicha davom ettiriladi. Bugungi kunda aylantirish jarayoni dumaloq uskunada (mashinka) amalga oshiriladi. Pishmaniening bir qismi sim shaklida iste’mol qilmoqchi bo’lganlar uchun shakl berilmasdan qadoqlanadi, boshqa qismi esa oson tanovul qilishlari uchun maxsus idishlar bilan to’p shakliga keltiriladi.

Pishmanie madaniyat bilan shu darajada chambarchas bog’liq bo’lib ketgan-ki, hatto 2010 yilda Izmit tumaniga kiraverishda mashhur rassom – Huseyin Ko’dan tomonidan Pishmanie haykali barpo etilgan. Shuningdek, Izmit Pishmaniesining shahar bilan yanada ko’proq bilinishi va xotirlanishi uchun Izmit tumani hokimiyati tashabbusi bilan Pishmaniega bag’ishlangan qo’shiqlar aytildi. Erol Buyukburch tomonidan bastalangan va aytilgan ushbu qo’shiqning nomi – “Pishman”, ya’ni pushaymon. Xalq og’zidan og’izga o’tib kelgan rivoyatlarga qaraganda, shirinlikning “Pishmanie” deb atalishiga sabab, uni tanovul qilayotganda, aniqrog’i, tishlayotganda nafas olmasdan tishlash kerakligidir. Ya’ni, tishlayotgan paytda nafas olsa, shirinlik pudrasimon bo’lganligi sababli burunga “qochishi” natijasida nafas yo’liga kirib, odamlarning aksirishiga va shirinlikning atrofga sochilib ketishiga olib kelishi va nafas olgandan so’ng pushaymonlik hissi – “Pishmanie” nomini yuzaga keltirgan.