Karantin davrida sermahsul ijod qilgan mashhurlar

Ayni paytda dunyoning ko’plab mamlakatlarida joriy etilgan karantin ko’pchilikni bir tomondan xavotirga solsa, boshqa tomondan ertangi kunga nisbatan ishonchsizlik hissini uyg’otmoqda. Biroq, o’tmishga chuqurroq nazar tashlansa, insoniyat tarixida doim takrorlanib turgan bunday ofatlar uni hech qachon yenga olmagan.

Germaniyaning “Doyche velle” (“Nemis to’lqini”) agentligi tarixda mashhur insonlar vabo, o’lat, bezgak va boshqa turli yuqumli kasalliklar davrida joriy etilgan karantin vaqtidan qanday unumli foydalanganliklari haqida qiziqarli maqola e’lon qildi.

Maqolada yozilishicha, mashhur rus shoiri Aleksandr Pushkin 1830 yili Rossiyada bezgak epidemiyasi tarqagan paytda pandemiyadan saqlanish maqsadida bir necha oyga Boldino qishlog’idagi dala hovlisiga ko’chib o’tadi. Pushkin tushlikkacha miriqib uxlab, kunning ikkinchi yarmida ijod bilan shug’ullanadi. Uning ijodi shunaqa sermahsul bo’ladiki, mashhur “Motsart va Salyeri” pyesasi, “Belkin qissalari” kabi barhayot nasriy asarlari, o’ttizdan ortiq she’ri aynan shu davrda yuzaga keladi. Shoir mashhur “Evgeniy Onegin” asarining so’nggi yakunlovchi boblarini ham karantin vaqtida dala hovlisida yozib tugatadi. Shu sababli bu davr Pushkin ijodida “Boldino kuzi” nomi bilan yorqin iz qoldiradi.

1918 yilda Yevropa bo’ylab ispan grippi epidemiyasi tarqaladi. Pandemiyadan vahimaga tushgan norvegiyalik mashhur rassom, ekspressionizm yo’nalishining dastlabki namoyandalaridan biri Eduard Munk kasallikka chalingan bemorlar tasvirlangan suratlar chizib, ularni alohida xonada qoldiradi, o’zi esa boshqa xonaga o’tib o’zini o’zi izolyatsiya qilgan holda ijod qilishda davom etadi, shu tariqa o’zining mashhur asarlarini yaratadi, deb yozadi nemis jurnalisti.

Maqola muallifi Sabine Olse insonning yolg’iz qolishi ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, bunga taniqli fransuz fizigi Blez Paskalning qarashlarini ibrat qilib keltiradi. Paskal 1657 yilda yozgan “Pensées” (“Fikrlar”) nomli qaydlar to’plamida shunday deydi: “Insonlarning baxtsiz, omadsiz bo’lishiga sabab, ularning uyda qola olmasligidadir”. Fransuz olimi dinga e’tiqod qiluvchi, xudojo’y inson bo’lgan. Uning fikricha, insonning o’z uyida, kulbasida yolg’iz qolishi Yaratgan bilan muloqot qilish uchun ayni muddaodir.

Shu o’rinda, muallif zamonamizning mashhur insonlari, adiblari, san’atkorlari karantin vaqtidan qanday foydalanayotgani haqida ham misollar keltirib o’tadi.

Jumladan, Fransiyada koronavirus avj olayotgan bir paytda, fransuz adabiyotida “Korona kundaliklari” nomli yangi adabiy janr shakllanmoqda. Misol tariqasida, bestseller asarlar muallifi, zamonaviy fransuz adibi Leyla Slimani atrof-muhit, tabiatning uyg’onishi mavzusidagi hikoyalarini “Le Monde” kundalik gazetasida o’quvchilar bilan ulashib kelmoqda. “Karantin – bu ijod uchun kutilmagan baxtli tasodifdir”, deydi yozuvchi.

Shuningdek, Yevropada taniqli nemis-rus pianinochisi Igor Levit ham pandemiya vaqtida muxlislari ko’nglini olish maqsadida har kuni oqshom internet orqali uydan turib jonli konsert bermoqda. Musiqachi bu orqali qiyin vaqtlarda ham muxlislari bilan qalban yaqin bo’lishni o’z konsertlari orqali ifodalashini ta’kidlagan.

Muallif maqola so’ngida taniqli rus rejissyori Kirill Serebrennikovning joriy yil mart oyida muxlislarga yo’llagan videomurojaatidan iqtibos keltiradi:

“Tojdor pandemiyasi vaqtida kitob mutolaa qiling, kundalik yurgizing va o’z kechinmalaringizni yozib boring, sport bilan shug’ullaning, uy ishlariga yordamlashing, do’stlaringiz bilan suhbatlashing. Eng muhimi, “karantin”, “izolyatsiya” degan so’zlarni unuting. Bu vaqtni ta’til yoki yangi ishlarni boshlash uchun kuch to’plash vaqti deb biling”, deya yakunlaydi jurnalist.

“Doyche velle” xabari asosida Bahriddin Aslanov tayyorladi

loading…