Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi harbiy qismlardan birida tarbiyasi og’ir o’quvchi-yoshlar uch kun davomida xuddi harbiylardek yashab ko’rdi. Bu vaqt ichida ular bilan ma’naviy va ma’rifiy ishlar olib borilib, jangovar tayyorgarlik mashg’ulotlarida dastlabki harbiy ko’nikmalar egallandi.
Uch kun davom etgan mashg’ulotlar davomida o’quvchi yoshlar real harbiycha hayot bilan tanishib, saf tayyorgarligi, o’q otish, ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni ta’minlash, qurollarni noto’liq qismlarga ajratish va yig’ish, jismoniy tayyorgarlik kabi mashqlarda bevosita ishtirok etdilar.
O’quvchi-yoshlarning harbiy qismda yashashi uchun alohida kun tartibi belgilandi. Ular harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan barcha sharoitlardan, xususan, issiq va shinam yotoqxona, mazali taomlar hamda zamonaviy kutubxona, sport inshootlari, mini poligondan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ldi.
Mudofaa vazirligi qo’shinlarida birinchi marta o’tkazilayotgan ushbu tadbir yoshlar tomonidan sodir etilayotgan turli huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga, ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, el-yurt xizmatiga doimo tayyor farzand sifatida tarbiyalashga qaratilgan.
Bu kabi tadbirlar O’zbekiston Prezidentining 2018 yil 13 dekabr “O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko’rish va o’tkazish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoyishi yuzasidan o’tkazilmoqda. Eslatib o’tamiz, farmoyishga binoan joriy yilning 15 dekabridan 2019 yilning 15 yanvariga qadar “Vatanparvarlik oyligi” etib belgilangan.