U samolyotni olib qochib, evaziga katta pul talab qilgan va samoda g’oyib bo’lgan edi. Oxir-oqibat jinoyatchini sirli belgilar sotib qo’ydi.
Kostyum kiygan erkak «Boing-727» bortidagi joyiga kelib o’tirgach, burbon va sodali ichimlik so’radi. Buning e’tiborga loyiq biror jihati yo’qdek edi, ammo AQSh tijorat aviatsiyasi tarixidagi samolyot olib qochish bilan bog’liq yagona ochilmagan jinoyat shu tariqa boshlandi. Odatda, aviaqaroqchi tezda qamoqqa tushadi yoki narigi dunyoga ravona bo’ladi, biroq salkam yarim asr avval noma’lum kimsa uchib ketayotgan samolyotdan pul to’la qop bilan birga sakradi va izsiz yo’qoldi. Oradan 48 yil o’tdi, mazkur jinoyat ishi esa arxivga topshirib yuborildi, lekin ba’zi bir tinib-tinchimas insonlar maxfiy xatlarda yashiringan tilsimni yechib, nihoyat, kalavaning uchini topishganini va sirli samolyot o’g’risining shaxsini aniqlashganini aytishmoqda. Quyida, ehtimol, AQSh maxfiy xizmatlarining qo’li bo’lgan ushbu ajablanarli voqea tafsilotlari haqida hikoya qilamiz.
1971 yilning 24 noyabr kuni tushga yaqin tashqi ko’rinishi bilan boshqalardan deyarli ajralib turmagan odam Oregon shtatidagi Portlend aeroportiga kelib «Northwest Airlines» aviakompaniyasi kassasiga murojaat qildi va Den Kuper nomiga Sietlga uchadigan «305» raqamli reysga naqd pul to’lab aviachipta sotib oldi. O’sha kuni samolyotning taxminan uchdan bir qismi to’ldi: bortda olti nafar ekipaj a’zosi hamda 37 yo’lovchi bor edi. Uchish vaqti esa yarim soatdan oshmasdi.
Bortga ko’tarilgach, Kuper samolyotning oxiridagi o’z joyini egalladi. Bu 45 yoshlar atrofidagi ishbilarmonlarga o’xshab ketadigan, oq ko’ylak ustidan kostyum kiygan, qora bo’yinbog’ taqqan, bo’yi taxminan 180 santimetr, ko’rinishidan xotirjam erkak edi. U samolyot uchishini kutar ekan, vaqt o’tkazish maqsadida o’ziga ichimlik buyurdi va hatto sigareta chekkandek ham bo’ldi. Ammo samolyot parvoz qilganidan so’ng oradan o’n daqiqa o’tar-o’tmas sal narida o’tirgan bortkuzatuvchiga bir parcha qog’oz uzatdi. Styuardessa qog’ozda yolg’izlikdan zerikkan tadbirkorning telefon raqami yozilgan degan o’yga bordi va o’qimasdanoq qog’ozni cho’ntagiga solib qo’ydi. Biroq yo’lovchi yana uning e’tiborini o’ziga jalb qildi: «Xonim, qog’ozdagi yozuvga qarasangiz yaxshi bo’lardi. Menda bomba bor».
Kuper sarosimaga tushib qolgan styuardessani yoniga o’tirishga majbur qildi-da, keyin o’zining yonidagi portfelni ochib ko’rsatdi. Portfel ichidagi simlar va qizil bloklarga ko’zi tushgan styuardessa «tadbirkor» hazillashmayotganini tushundi. Shu tariqa bortkuzatuvchi orqali Den samolyot kapitaniga o’z talablarini yetkazdi. Ro’yxat qisqa edi: to’rtta parashyut hamda 200 ming dollar. Parashyutlar harbiylarniki emas, fuqarolarniki, pullar esa belgi qo’yilmagan 20 dollarlik kupyurada bo’lishi shart, shuningdek, aviakompaniya samolyotni yoqilg’i bilan to’ldirishi lozim edi.
Bundan 48 yil avval 200 ming dollar juda katta pul sanalardi: avtomobil o’rtacha 3,5 ming dollardan sotilar, bir gallon benzin esa 36 sent turardi. Agar inflyatsiyani hisobga olsak, 200 ming dollarning hozirgi paytdagi qiymati 1,2 million dollardan oshiqroqni tashkil etishi mumkin. Shunga qaramasdan yovuz niyatli kimsaning talablariga darrov rozi bo’lishdi va ekipaj a’zolariga Kuperning barcha buyruqlarini bajarishni maslahat berishdi. Kuper o’zi so’ragan barcha narsalar aerodromda bo’lishini talab qildi, shu sababli yo’lovchilarga aeroport uzra bir necha bor aylanib yurishni «texnik nosozlik» deya tushuntirishdi. 20 dollarlik kupyuralarni Sietldagi barcha banklardan yig’ib kelishdi. Oradan ikki soat vaqt o’tib «Boing» aeroportning eng chekka, ammo yaxshi yoritilgan joyiga qo’ndi. Snayperlardan cho’chigani bois Kuper ichkaridagi chiroqlarni o’chirib, oynalarga pardani torttirib qo’ydi. Pul hamda parashyutlarni aviakompaniya xodimi olib keldi. Shundan so’ng yo’lovchilar bilan birga ikki nafar bortkuzatuvchi qo’yib yuborildi. Qolganlar, ya’ni ekipaj komandiri, ikkinchi uchuvchi, bortinjener va styuardessani garov tariqasida ushlab turgan Kuper yangi talablarini ma’lum qildi: u Mexikoga uchishi kerak. Biroq bu ishni oddiy tarzda emas, balki ma’lum shartlar asosida amalga oshirish lozim. Masalan, samolyot imkon qadar sekin va garchi uzoq masofaga parvozlar taxminan 10-11 ming balandlikda uchsa, bu safar maksimum balandlikda uchishi kerak. Ustiga-ustak, samolyot shassisi yig’ishtirilmasligi, yopqichlar 15 darajaga tushirilishi va kabina bosim ostida qolmasligi, orqa trap esa («Boing-727»da orqa trap dum qismida bo’ladi) tushirilgan bo’lishi talab qilindi. Kuperni bir amallab so’nggi shartdan voz kechishga ko’ndirishdi, chunki bu holatda parvozni amalga oshirish o’ta xavfli edi. Mexikogacha yoqilg’i yetmasligi bois aviaqaroqchi Nevada shtatining Reno shahriga qo’nib o’tishga rozi bo’ldi.
Samolyot kechki sakkizga yaqin osmonga ko’tarildi. Uni ikkita harbiy qiruvchi kuzatib borar, ular salondan ko’rishning imkoni yo’q joyda, ya’ni «Boing»ning usti va ostida uchib borishardi. «305» reys parvoz qilganidan so’ng Kuper bortda qolgan bittayu bitta styuardessaga uchuvchilar kabinasiga kirishni buyurdi-da, o’zi mustaqil tarzda orqa trapni tushirdi. Bu vaqtga kelib qorong’i tushgan, yomg’ir esa tinmasdi. O’n daqiqacha jimjitlik
hukmronlik qildi, keyin samolyotning orqa qismi bir siltandi. Oradan ikki soat o’tib, havo kemasi yoqilg’i quyish uchun Renoga qo’nganida samolyotni tintib chiqqan politsiyachilar Kuperni ham, pullarni ham topa olishmadi.
Shundan so’ng Kuperni tutish maqsadida butun boshli tumanlarni tekshirishdi. Hatto FQB agentlari samolyotni xuddi aviaqaroqchi olib qochgan vaqtdagidek qilib uchirishib, undan 90 kilogrammli yukni tashlab ko’rishdi. Biroq bu tadbirlarning hech biri naf bermadi.
Erkak tomonidan samolyotda foydalanilmagan parashyutlar, bo’yinbog’ va ko’plab barmoq izlari qoldirilgan edi. Ammo barmoq izlarining birortasi ham foydalanishga yaroqli emas ekan. Bo’yinbog’dan olingan DNK namunalari esa gumondorlarning hech birining DNKsi bilan mos tushmadi. Keyinchalik FQB agentlari ushbu narsalar umuman samolyot o’g’risiga tegishli bo’lmasligi ham mumkin, u kimningdir bo’yinbog’ini taqqan bo’lishi ehtimoldan xoli emas, degan fikrga kelishdi. To’g’ri, qoldirilgan ashyoviy dalillardan tashqari, go’yoki gumondorning turli gazetalarga yuborgan xatlari ham bor edi. Ushbu xatlarda noma’lum shaxs Den Kuper to’qima ism ekani, talonchining sog’-omonligi va mavjud tizim hamda «ahmoq hukumat» ustidan kulib yurganligi haqida yozgan edi.
«Men Sem amaki o’rgatgan narsalarni amalda qo’llab ko’rishim lozim edi va mana, men juda boy odamman», — deyilgandi bitiklardan birida. Biroq hech narsani aniqlashning iloji bo’lmadi. Shu o’rinda yana bir e’tiborli jihat haqida to’xtalish lozim: fotorobotlarda o’rta yoshlardagi qorasoch va qorako’z odam haqida aytilardi, ba’zi guvohlar esa notabiiy sochlar, ya’ni parik va hatto makiyaj to’g’risida ham gapirishdi.
Avvaliga maxfiy xizmat sirli Kuper parashyutdan sakrash bo’yicha katta tajribaga ega yoki desantchi bo’lishi mumkin degan to’xtamda edi va mana shu taxmin bo’yicha gumondorlar ro’yxati tuzildi. «Oradan bir necha yil o’tib biz bunday emas, degan fikrga keldik. Biror-bir tajribali parashyutchi kuchli yomg’ir yog’ib turgan qop-qorong’i tunda va shamol soatiga 320 kilometr tezlik bilan yuziga urib turganda mokasinayu paltoda o’zini samolyotdan tashlamaydi. Bu o’ta xavfli», — deydi mazkur jinoyat ishiga 2006 yildan 2016 yilgacha mas’ul bo’lgan agent Larri Karr.
Natijada FQB samolyot o’g’risi sakrash paytida omon qolmagan, u suvga cho’kib ketgan yoki yerga urilib jon taslim qilgan, degan taxminga yon bera boshladi. Bu teoriya oradan to’qqiz yil o’tgach, qisman o’z tasdig’ini topdi. 1980 yili bir bolakay Kolumbiya daryosi qirg’og’idan yarmi chirib ketgan 20 dollarlik kupyuralardan iborat jami 5,8 ming dollar topib oldi. Banknotlar seriya raqamlari bo’yicha tekshirib ko’rilganda bu Kuperga berilgan pullarning bir qismi ekanligi tasdiqlandi. Qolgan pullar esa hozirgacha topilgani yo’q.
Izohlarni ko`rish