Lolalar mavsumi Istanbulga bahor kelganidan darak beradi. Har yili aprel oyida Istanbulning eng mashhur joylari rang-barang bahor lolalari bilan burkanib, butun dunyoda yuksak qiziqish uyg’otadi. Sultonahmet maydonida lola yetishtirishning akvakultura usulidan foydalangan holda keng maydonga “lola gilami” to’qilgan. Bu hayratlanarli manzara mahalliy aholini ham, chet ellik mehmonlarni ham hayratga soladi. Xuddi shunday manzaralarni Istanbuldagi Emirgan bog’i, Gulhane bog’i, Yulduz bog’i, So’g’anli botanika bog’i, Beykoz bog’i, Buyuk Chamlija bog’i, Kichik Chamlija bog’i, Fethipasha bog’i va Hidiv Pavilion bog’ida uchratish mumkin.
Turk san’ati va madaniyatida lola ramzi alohida o’rin tutadi
Lolalar Onado’liga O’rta Osiyoning Pomir tog’i turklari tomonidan olib kelingan. Lola turk madaniyatining eng muhim timsollaridandir. U piyozsimon o’simlik bo’lib, XII asrdan beri hunarmandchilikda bezak naqshlari namunasi sifatida qo’llanila boshlandi. Bu go’zal, betakror va rang-barang gullar Usmonlilar davrida she’rlar, farmonlar, hikoyalar va miniatyura rasmlarining asosiy mavzusi sifatida urfda bo’lgan. Lola naqshlari masjidlar, qabr toshlari va saroy bezaklarida, shuningdek, gilam hamda mato naqshlarida, kaftan va sep sandiqlarida, hatto tangalar, jangovar dubulg’alarda ham keng qo’llanilgan.
Lolalar, asosan, XVI asrda Usmoniylar imperiyasining poytaxti Istanbulda yetishtirilgan va butun shahar bo’ylab manzarali gullar sifatida ekilgan. Lolalarga bo’lgan bu ishtiyoq Sulaymon Shoh hukmronligi davrida keng tarqalgan bo’lib, bu o’simlikning turli xil va navlarini rivojlanishiga olib keldi. Ayniqsa, shaharning ramzi bo’lgan Istanbul lolasi o’sha davrda paydo bo’ldi. Sulton Ahmad III davrida lola ikki mingga yaqin navi bilan shuhrat qozondi va XVIII asrga Lola davri deya nom berildi.
Har bir rang alohida ma’noga ega
Lola navlari ko’payib borgani sari lolalar va ularning ranglari turli ma’nolarga ega bo’ldi. Qizil lolalar sevgini, oq lolalar esa poklik va hokisorlikni ifodalagan. Binafsharang gullar «olijanoblik va romantika» ni, sariq rang esa «quvonch» ni bildiradi. Noyob qora lola «pinxon, qo’l yetmas» degan ma’noni anglatsa, chiziqli lola esa «betakror go’zallik»ka ishora qiladi.
Turk madaniyatida shunday muhim o’rin tutgan bu ajoyib gul XV asrning ikkinchi yarmida Avstriyaning Vena shahriga, so’ngra Niderlandiyaga olib kelingan va shu tariqa Yevropaga tanishtirilgan. Gollandiyada tezda katta shuhrat qozongan lolalar Kanada poytaxti Ottavaga olib kelindi va dunyoga mashhur bo’ldi.
Bugungi kunda Onado’lida juda ko’p lola navlari yetishtirilmoqda. Eng hayratlanarlilari orasida «yig’layotgan kelin» deb ham ataladigan «engashgan lola» bor. Dunyo bo’ylab ushbu boshi quyiga egilgan lolalarning 167 turi mavjud; Ulardan 20 tasi endemik bo’lib, 43 turini Turkiyada uchratish mumkin.