Mukammal va hashamatli obraz hosil qilishning aniq bir qoidasi mavjud deb bo’lmaydi. Cho’ntaklar pulga to’la bo’lgan taqdirda ham qimmatbaho do’konlardan haridlar qilgan taqdiringizda ham buni hashamatli obraz yaratish bilan bitta narsa deb bo’lmaydi. Ammo hamisha mukammal va hashamdor ko’rinishingizni ta’minlay oladigan ayrim usullar mavjud. Quyida ularni yoritib o’tamiz.
1. Imkon qadar sokin rangli libosni tanlang.
Och va sokin ranglar o’zaro uyg’unlashtirilgan holatda jozibador ko’rinish hosil qiladi. Shu bois ham bir necha turdagi och ranglarni moslashtirib, yangi obraz yaratishga harakat qilib ko’ring. Och jigarrang, och pushti oq ranglar ham hashamatli qiyofa yaratishda qo’l keladi.
2. Aksessuarlar sifatli ekanligiga e’tibor qarating.
Sumka, kamar, bosh kiyimlar va shunga o’xshash boshqa aksessuarlarni harid qilish paytida narxiga uchmang. Dizaynerlarning aytishlariga ko’ra, urfdan qolgan libosni ham did bilan tanlangan aksessuar trendga aylantira oladi. Yana bir muhim qoidani unutmang, unchalik ham mashxurlikka erishmagan brendning o’rtamiyona narxdagi sifatli sumkasi “Shanel”ning soxtalashtirilgan aksessuaridan ustunroq turadi.
3. Vaqtga bo’ysunmas garderob
To’g’ri bichimli palto, sifatli materialdan yaratilgan “trench”, jinsi, bir nechta“vodolazka”, “qalam” bichimidagi yubka hech qachon urfdan qolmaydigan liboslar sirasiga kiradi. Ularga moda olamining shiddatli harakatiga ta’sir qila olmaydi. Ushbu liboslarga bir nechta aksessuar qo’shish orqali esa klassik ust boshlarni zamonga moslashtirib olishingiz mumkin.
4. “Qayiqcha” uslubidagi poyabzal
Siz qanchalar jiddiy uslubda kiyingan bo’lmang, oyoqlaringizda ajoyib poyabzal bo’lmas ekan, qilgan harakatlaringizning barchasi bekor. “Qayiqcha” uslubidagi poyabzal – u xoh bozordan sotib olingan bo’lsin, xoh qimmat do’kondan – har qanday holatda ham juda chiroyli va hashamatli ko’rinadi.
5. Printlarga bee’tibor bo’lmang!
Aksariyat ayollar o’ylagani kabi libos printlari obrazga bachkanalik bag’ishlamaydi. Aksincha ular ajoyib uslub hosil qilib berishi mumkin. Vaqt sinovlaridan omadli o’tgan printlar- katak gullar, nuqtalar, yo’l-yo’l chiziqlar aynan shular jumlasidandir.
6. O’zgaring!
Moda olamida imkoniyatlar tushunchasining chegarasi yo’q. O’zingizni ma’lum bir uslub bilan chegaralab qo’ymang. Garderobingizda sport uslubidagi liboslar, romantik ko’rinishga ega ko’ylaklar, jiddiy kiyimlar ham bo’lishi kerak. Koko Shanel ta’kidlaganidek: “Betakror bo’lish uchun ayol kishi har kuni o’zgarishi lozim!”.
loading…