Qurbonlik

Qadimiy Ink qabilalari xudodan gunohlar kechirilishini  so’rab odamlarni qurbonlik qilgan. Qurbonlikka asosan bolalar tortilgan. Qurbonlik qilinganlarning jasadi mo’miyolanib, qorlar va muzliklar ostiga ko’mib tashlangan. Hozirgi kunga qadar arxeologlar And tog’larining besh ming metr balandlikdagi cho’qqilaridan 115 taga yaqin ana shunday qurbonlik joylarini topishga muvaffaq bo’lishdi. 1995 yili esa mo’miyolangan jasad olimlar tomonidan qazib olindi. Jasad bundan 500 yil burun qurbonlik qilingan ekan.

Ha, aynan 1995 yili Perudagi qishloqlardan birini makon tutgan Nevado-Sabanskaya vulqoni kutilmaganda uyg’ondi. Olovga burkangan qora kul hatto ancha naridagi Nevado-Ampato vulqoni ustini ham qoplab oldi. Shu bilan birga vulqon qadimiy ink qabilalari o’z qurbonliklarini berkitgan muzliklarni ham ochib berdi.

G’arbiy Virjiniya tog’ instituti olimi Yoxan Reynxard ushbu muzliklar bilan birinchilardan bo’lib qiziqdi.

Makkajo’xoridan tayyorlangan pivo

Ekspeditsiyaga jo’nashdan oldin Reynxard sherigi Migel Zarata bilan birgalikda makkajo’xoridan maxsus pivo tayyorladi. Manzilga yetgach, ular irim-sirimlarga bo’ysungan holda pivoni toqqa sepib chiqishdi. Bu bilan ular tog’ arvohlaridan 6310 metr yuqoriga uyushtiriladigan ekspeditsiyaga yo’l berishlarini so’rashdi.

— Bu yerlarning odati shunaqa, — dedi Migel. — Biror narsaga ega bo’lishdan oldin o’zing ham nimadandir voz kechishing zarur bo’ladi. Bu makkajo’xori pivosi hisoblanadi. Aytishlaricha, tog’ arvohlari shu pivoni xush ko’risharkan…

Ajablanarlisi, irim-sirimlar ish berdi. Olimlar nafaqat ekspeditsiyadan salomat va muvaffaqiyatli qayta olishdi, balki, muzliklar orasidan hali hech kimga ma’lum bo’lmagan sirni topishdi. Muzliklar orasiga 500 yil oldin ink qabilasi a’zolari qiz bolaning jasadini mo’miyolagan holatda berkitgan ekan.

Tasodifiy topilma

Ikki olim izlanishlar davomida yerdan chiqib turgan g’alati narsani ko’rib qolishdi. Bu inklarga tegishli bosh kiyimning bir qismi bo’lib, qurbonlik paytida foydalanilgan. Sal narida ular yana bir nechta qurbonlik qilish jarayonida ishlatiladigan qadimiy buyumlarni ham topishdi. Reynxardning qiziqishi ortib, hamrohini yanada oldinga boshladi. Ular qandaydir arzirli yangilik topish ilinjida vulqon qoldirgan 65 metrlik chuqurlikka tushib ketishdi. Xuddi shu yerda olimlarni omad qarshi oldi.

14 yoshli qiz mo’miyosi

Chuqurlikdagi toshlardan birining yonida xuddi alpinist sumkasiga o’xshagan sumka yotardi. Olimlar shosha-pisha unga yaqin borishdi. Ne ko’z bilan ko’rishsinki, bu hech qanday sumka emas, balki, lattaga o’rab tashlangan odam jasadi edi. Keyinroq jasad 14 yoshli ink qabilasi qiziga tegishli ekani ma’lum bo’ldi. Qizning yuzlari tilib tashlangan, ikkala ko’zi o’yib olingandi.

— Jasadni ag’darib ko’rganimizda, — deydi Reynxard. — Hayratdan qotib qoldik. Jasad butkul qurib-qaqshab qolgandi. Shundagina tushunib yetdikki, bu qiz ink qabilasi a’zolari tomonidan qurbonlik qilingan. Shu yo’l bilan inklar xudodan gunohlarini kechirishini so’rashgan.

Mo’miyoni asrash yo’li

Topilmasi qanchalar qimmatli ekanini bilgan Reynxard bir narsani yaxshi anglab turardi. Ular And tog’larining kunchiqar qismida turishibdi. Arzimagan iliqlik ham jasadni eritib yuborishi hech gap emas. Bu organizmdagi to’qimalarni o’rganish jarayonini yo’qqa chiqaradi. Shuning uchun jasadni muzlagan holatda saqlash va iloji boricha tezroq Virjiniya universitetiga yetkazish lozim edi.

Shu sababli olimlar mo’miyolangan jasadni joyida qoldirishdi-da, tog’dan 500 metr pastlikdagi lagerga tushishdi. O’sha yerda tunab qolishdi. Ertasi kuni tongda ortga qaytib, jasadni olishdi-da, yana pastga yo’l olishdi.

Ko’z ko’rib quloq eshitmagan manzara

Olimlar jasadni tarozida tortib ko’rib, yanada hayratga tushishdi. Ichki a’zolari butkul qurib bitgan jasadning sof og’irligi 80 funtdan iborat edi.

— Nahotki, inklar shu qadar ulkan bo’lgan? — dedi Reynxard hayratini yashira olmay. — Agar qurigan murdasi shuncha bo’lsa, qizaloqning vazni hayotligida qancha bo’lgan ekan?..

Jasad xavfdan yiroq bo’lishi uchun olimlar uni maxsus qopga joylab, o’sha atrofdagi Kabanakonde qishlog’iga yo’l olishdi. Ammo bu yerni ham xavfsiz deb bo’lmasdi. Negaki, mahalliy o’g’rilar topilmani o’g’irlashdan ham tap tortishmaydi. Buning ustiga jasad tez orada erib ketishi, barcha harakatlar yo’qqa chiqishi mumkin edi. Xayriyatki, jonkuyarlar topildi. Ular yordamida jasad G’arbiy Virjiniya universitetiga yetkazildi. Universitetning ko’zga ko’ringan olimlaridan biri doktor Xose Antonio Chaves topilmani «Muz qizi» deb nomladi. Bu mahalliy tilda Xuanita ma’nosini berardi. Tadqiqotlar boshlandi. Xuanitaning jigar va boshqa a’zolari sinchiklab o’rganildi. Ma’lum bo’ldiki, inklar qizni qurbonlik qilishdan oldin ko’zlarini mahkam boylashgan, so’ngra og’riqni his etmasligi uchun giyohvand modda berishgan. Keyin esa boshining o’ng ko’zidan teparoq qismiga og’ir va to’mtoq buyum bilan urishgan. Qon quyilishi oqibatida bosh miya sal nariroqqa siljib ketgan.

Eng dahshatlisi, Xuanita qurbonlik jarayonida nimalar bo’layotganini umuman idrok etmagan.

KO’ZOYNAK QAChON PAYDO BO’LGAN?

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, optik ko’zoynakka o’xshash buyumdan birinchi bo’lib qadimiy Rim imperatorlaridan biri Neron foydalana boshlagan. Uning ko’zlari uzoqni yaxshi ko’rmasligi sabablimi, gladiatorlar jangini kuzatish maqsadida «smaragda» deb nomlanuvchi billur bo’lagidan foydalangan. Billur bo’lagi ko’rish qobiliyatini yaxshilash, uzoqni yaqinlashtirib ko’rsatish uchun xizmat qilgan va uni maxsus metallga joylashtirishgan. Linzasi zumraddan yasalgan. Olimlar Neron voqeasini o’rganish asnosida shunday xulosaga kelishdiki, hozirgi kunda optika do’konlarida sotilayotgan ko’zoynaklar aslida bundan ikki ming yil oldin paydo bo’lgan. Ularning ko’rinishi ham turlicha. Ba’zilari teatr durbini, ba’zilari esa burun qismiga o’rnatish uchun mo’ljallangan ko’rinishda bo’lgan.

Shubhasiz, qadimiy ko’zoynaklarga ham xuddi hozirgidek quloqqa qistirish, yerga tushib ketmasligi uchun alohida tutqichlar yasalgan. Tutqichlar yumshoq mato, charm, egiluvchan matolardan tayyorlangan. Lupa shaklidagi ko’zoynaklardan esa kitob o’qish jarayonida kitobga to’g’rilangan holda foydalanishgan.

Ko’zoynaklar qadimda juda arzon narxlarda ustalar tomonidan tayyorlab berilgan. Linzalari yordamida olov yoqish ham mumkin bo’lgan. Bunday ko’zoynaklardan ikki ming yilcha avval qadimiy gretsiyaliklar ham unumli foydalangan.

«100 velikix tayn mira» kitobidan olindi.

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi