Odamzod paydo bo’lganidan beri nikoh tushunchasini juda qadrlaydi. Bu tushunchani qalbiga jo qilgan holda mustahkam oila qurish, farzandlarni voyaga yetkazish, jufti bilan umrbod baxtli yashashga intiladi. Lekin dunyoni aylanib chiqsangiz, nikoh tushunchasining noodatiy, o’zga xalqlarga umuman yot ko’rinishlariga guvoh bo’lasiz. Quyida shunday noodatiy nikohlarga misollar keltirib o’tamiz.
POLIANDRIYa
Bu ayol bir necha erkak bilan oila qurib yashashi demakdir. Bunday nikohlar, asosan, Tibetning chekka hududlarida uchraydi. Agar oilada ikki aka-uka bo’lsa, ular sira talashib, janjallashib o’tirmay, bir ayolni nikohiga oladi. Lekin ayol dunyoga keltirgan farzandlar to’ng’ich akaning bolalari deb qabul qilinadi. Ukasiga esa bu farzandlar jiyan hisoblanadi.
VAQTINChALIK NIKOH
Bunday nikoh Islom dini endi-endi yer yuzini zabt eta boshlagan paytlarda o’ylab topilgan. Qadimiy xalqlar odatiga ko’ra, erkak va ayol o’zlari kelishgan holda ma’lum muddatgagina nikoh tuzishgan.
ARVOH BILAN NIKOHDAN O’TISh
Dunyoning bir qator davlatlarida arvoh bilan nikohdan o’tish, ya’ni arvohga uylanish yoki turmushga chiqish rasman tan olingan. Masalan, shunday holatni Xitoyda ko’p uchratish mumkin. Xitoyliklar olamdan o’tgan erkak yo ayolni yolg’iz dafn etishmaydi. Uning yoniga, albatta, qarama-qarshi jins vakili yo vakilasini ham dafn qilishadi. Bu marhum zerikmasligi uchun o’ylab topilgan odat emish. Yana dunyo xalqlarida bir odat borki, bunga ko’ra, oilada uka akasidan keyin uylanishi shart deb qo’yilgan. Basharti umri qisqa bo’lib, aka uylanishgacha yetmasdan olamdan o’tsa, uning arvohiga qiz yoki juvonni nikohlab qo’yishadi. Ana shungacha ukasi uylanishga haqli emas. Shunday qilinsa, akaning arvohi ukasidan qasd olmas ekan.
KOMPLEKS NIKOH
O’tgan asr boshlarida Amerikaning Nyu-York shtatida bir odat bo’lgan. Odatga ko’ra, erkakdan yaqin atrofdagi barcha ayollar bilan bir vaqtning o’zida oila bo’lib yashashi talab etilgan. Bir ayol bilan yashagan erkak qatl etilgan. Uni kechirilmas gunohga yo’l qo’ygan odam sifatida o’ldirib yuborishgan.
DEVADASI
Qadimda Janubiy Hindistonda yashovchilar qiz bolani ibodatxona yoki cherkovga turmushga berishgan. Bu amal qiz bola tug’ilgandayoq ijro etilgan. Qiz voyaga yetgach, o’zi nikohlangan ibodatxona yoki cherkovga borib xizmat qilgan. Buning uchun oldin qo’shiq aytish, raqs ijro qilish, ibodatxona uchun ibodatga keluvchilardan sadaqa undirishi shart bo’lgan. Bunday qizlar jamoatchilik qarshisida cheksiz hurmat-izzatga ega bo’lgan. Afsuski, hozir ham Devadasi nikohi o’sha hududlarda saqlanib qolgan.
7 Mo»jiza gazetasidan olindi