G‘azoning deyarli 90 foiz aholisi ko‘chirilgan – BMT
Qurolli mojarolar, tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan oqibatlari tufayli dunyoda o‘z yurtining ichida noiloj ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni rekord darajaga yetib, 83,4 million kishiga yetdi. Bu haqda bugun, 13 may kuni Norvegiya Qochqinlar kengashi (NRC) va unga qarashli Ichki ko‘chirishlarni monitoring qilish markazi (IDMC) tomonidan Jenevada e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, so‘nggi 6 yilda ichki ko‘chirilganlar soni ikki baravardan ko‘proqqa oshgan: 2018 yilda bu ko‘rsatkich 40,6 millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 54,1 million, 2022 yilda esa 69,8 million kishiga yetgan. 2024 yilda butun dunyoda 83,4 million kishi o‘z yashash joyini tark etib, mamlakat ichida boshqa hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, 2023 yilda ichki ko‘chishga majbur bo‘lganlarning 90 foizi (ya’ni qariyb 73,5 million kishi) qurolli to‘qnashuvlar va zo‘ravonliklar oqibatida yashash joyidan ko‘chgan. Bu 2018 yildagiga nisbatan 80 foiz ko‘p.
Faqatgina fuqarolar urushi davom etayotgan Sudanning o‘zida 11,6 million ko‘chirilgan shaxs bor – bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Suriya bo‘yicha bu raqam 7,4 millionni, Kolumbiyada 7,3 millionni, Kongo Demokratik Respublikasida 6,2 millionni, Yamanda esa 4,8 millionni tashkil qilgan.
Tabiiy ofatlar sababli mamlakat ichida ko‘chishga majbur bo‘lganlar soni qariyb 10 million kishini tashkil etdi. Eng ko‘p zararlangan davlatlar: Afg‘oniston (1,3 million), Chad (1,2 million), Filippin (1 million), Efiopiya (757 ming) va Somali (733 ming). Mutaxassislar ushbu toifadagi ichki ko‘chishlarning 99,5 foizi iqlim o‘zgarishidan kelib chiqqan tabiiy ofatlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.
IDMC rahbari Aleksandra Bilak hisobot taqdimotida “mojarolar, qashshoqlik va iqlim o‘zgarishi eng zaif qatlamlarga eng kuchli zarba berayotganini” qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning ko‘chishiga sabab bo‘luvchi omillar ko‘pincha bir-biriga chambarchas bog‘langan bo‘lib, bu holat inqirozlarni yanada chuqurlashtirib, ichki ko‘chirilgan shaxslar muammosini og‘irlashtiradi.
Norvegiya Qochqinlar kengashi rahbari Yan Egelann esa yangi ko‘rsatkichlarni “global birdamlik uchun uyg‘otuvchi chaqiriq” deb atadi.
“Har gal gumanitar yordam uchun ajratiladigan mablag‘lar qisqarganda, navbatdagi ko‘chkinchi inson ovqat, dori-darmon, xavfsizlik va umiddan mahrum bo‘ladi”, dedi u.