Bugunga kelib dunyo bo’ylab semizlik nafaqat kattalar o’rtasida, balki bolalar va o’smirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti taxminlariga ko’ra, 2030 yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Ma’lumotlarda keltirilishicha, 1975 yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. Besh yoshdan 19 yoshgacha bo’lgan 340 milliondan ziyod bolalar va o’smirlar semizlikka duchor bo’lishgan.
Mazkur faktlar O’zbekiston aholisi uchun ham semizlik jiddiy tahdid ekanini ko’rsatmoqda. Shuning uchun ham 1 iyuldan boshlab Prezidentimizning «Sog’lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Farmoniga asosan yurtimizda semizlikka qarshi kurashish, salomatlikni mustahkamlash va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish bo’yicha keng ko’lamli ishlar boshlangan.
Jumladan, Sog’liqni saqlash vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli hududda ommaviy sport bilan shug’ullanuvchilar sonining oshishiga, sog’lom ovqatlanishiga, xususan, tarkibida tuz, qand va yog’ miqdori ko’p bo’lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini iste’mol qilishni qisqartirishga, zararli odatlardan, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechish yo’li bilan kasallikka chalinish, ortiqcha vazn holatlari (semizlik) va bevaqt vafot etish ko’rsatkichlari kamayishiga qarab ishiga baho berish bo’yicha reytingini raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini joriy etadi hamda “Sog’lom turmush tarzi” platformasi bilan integratsiya qilinishini ta’minlaydi.
Shuningdek, mutaxassilarning fikricha, yurish, velosayr va gimnastrada kabi jismoniy faollikni kundalik turmush tarziga aylantirish har qaysi yoshdagi kishilar uchun foydadan holi emas. Faol yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o’smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklar va qandli diabet kabi yuqumli bo’lmagan kasalliklarning oldini olgan bo’lamiz.