Chingiz Aytmatov Xitoy imperatorlarining avlodi bo'lganmi?

12 dekabr – Chingiz Aytmatov tavallud topgan kun​

Turkiy xalqlarda o’g’il bola yetti ota-bobosi kim bo’lgani, el-yurtda ular to’g’risida qanday xotira qolganini bilishi, yaxshi ishlarini eslab yurishi qat’iy odat bo’lgan.

Oqsoqollar ko’chada notanish bolani ko’rib qolishsa, “Qani, botir bola, kimning o’g’lisan, otangning otasi kim, bobongning bobosi kim bo’lgan?” deb so’rashgan. Bola o’zining sulolasini bilmasa, “O’g’liga bobolari kimligini o’rgatmagan qanday ota bo’ldi”, deya afsuslanishgan.

“Men o’zim haqimda yozayotganimda, gapni bugun “feodal o’tmish” deb atalayotgan o’tmish hayotimdan boshlashim mumkin, – deydi Chingiz Aytmatov. – Men sheker urug’idanman. Bu urug’ shajaramizning boshi. Otamning ismi To’raqul, uning otasi Aytmat, Aytmatning otasi Kimbildi, Kimbildining otasi Qo’njijo’q…”

Taniqli qirg’iz olimi O’smonoxun IbraimovningChingiz Aytmatovga bag’ishlangan kitobida yozuvchining olis avlodlari haqida g’oyat qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

Ularga ko’ra, Chingiz og’a tug’ilgan Sheker ovuli shu nom bilan ataluvchi qirg’iz urug’i nomidan olingan bo’lib, “qitay” urug’ining chap qanotidan tarqagan. Yozuvchining singlisi Roza (Rozaliya) Aytmatovaning xotiralarida keltirilishicha, “qitay” urug’ining tarixi bunday: “Bir gal urug’ning asoschisi bo’lmish Kubaning nabirasi Qaranay qo’shni hududlarda joylashgan xitoy qabilalari bilan jangda g’olib kelib, ovuliga o’lja bilan qaytayotganida choparlar unga o’g’illik bo’lganini xabar qilishadi.

O’sha tunda osmonda yangi oy ko’rinadi. Chaqaloqqa “qutlug’” va “oy” so’zlaridan kelib chiqib, “Qut-oy” degan ism berishadi. Keyinchalik bu ism “qitay” (qirg’izcha yozilishi “qыtay”) tarzida qo’llanilib, yirik sulolaga asos bo’ladi.

Chingiz Aytmatov bir gal suhbatdoshlarining ko’p takrorlanadigan savoliga javob berib, “Men Xitoy imperatorlari urug’idanman” degan ekan. O’. Ibraimov “O’shanda avvaliga hammamiz hayron bo’lganmiz, keyin adibning bu hazilidan miriqib kulganmiz. Chunki, qitay urug’ining bugungi etnik xitoylarga mutlaqo aloqasi yo’q. Ammo… keyinchalik bu javob hazil emasdir, deb ham o’ylaganmiz”, deydi.Bunda u adibning quyidagi hikoyasini nazarda tutgani aniq.

Qadimda qirg’iz qabilalari qo’shni hududlarda yashaydigan xitoylar ustiga tez-tez bostirib borib, ularning mol-mulkini ayovsiz talashar ekan. Xitoylar bosqinchilarni tinchitish, qo’lga tushganlarini jazolashga har qancha urinishmasin, ularning bu harakatlari natija bermagan. Chunki, qirg’izlar zudlik bilan orqaga qaytib, baland tog’ cho’qqilari orasida g’oyib bo’lib qolishar ekan. Xitoylar ular yashayotgan hududlargacha kelsalar-da, talonchilarni topa olmay, sarson bo’lib orqalariga qaytib ketishar ekan.

Xitoy imperatori talonchilarning qilmishlaridan xunob bo’lib, bir kuni yaqinlarini yoniga chorlabdi-da, ularga qirg’iz xoni bilan uchrashuv uyushtirishni buyuribdi. Uchrashuv payti tomonlar murosaga kelishibdi: qirg’izlar talonchilikni bas qilishadi, Xitoy imperatori esa o’zining suyukli qizlaridan birini xonga tortiq qiladi. Oradan bir yil o’tgach, Xitoy kelin o’g’il tug’adi. Chaqaloqni boshqa xotinlardan tug’ilgan bolalardan farqlash uchun avvaliga “Xitoy kelinning o’g’li”,keyin “Qitay bola”, bora-bora “Qitay” deb ataydigan.

Qitaydan tug’ilgan bolaga Tulku deb ism qo’yishadi. Tulkudan Baytike, Buuday va Bogojuu tug’iladi. Baytikening farzandlari Tontogor va Qiyra. Tontogorning o’g’li Shaker. Shakerning o’g’li Qudaynazar. Qudaynazarning o’g’illari Asan-Usen. Asenning o’g’li Tabildi. Tabildining o’g’illari Qonjujoq va Tanaboy. Qonjujoqning o’g’illari Janali va Tinali. Tinalining o’g’li Kimbildi. Kimbildining o’g’illari Birimqul va Aytmat.

Birimqul (Aytmatning akasi) ikki xotindan uchta farzand ko’radi: Alimqul, Ozubek, Kerimbek. Aytmat va Oyimxondan besh farzand tug’ilgan. Ayimgul, To’raqul, Qoraqiz, Guloyim va Risqulbek. To’raqul ham besh farzandning otasi bo’lgan: Chingiz, Ilgiz, Lyutsiya (Lyusya) va Rozaliya (Roza).

“BOLALARINGDAN BIRI DUNYo TANIYDIGAN ODAM BO’LADI”

Roza Aytmatovaning xotiralariga qaytamiz. “Bizning shajaramiz ona tomondan X1X asrda O’rta Osiyoga ko’chib kelgan musulmon tatarlarga borib taqaladi. Qarindoshlarimizning aytishlaricha, onamizning avlodlari ilm-ma’rifatli o’qituvchilar, kommersantlar, diniy arboblar bo’lishgan. Bobomiz Hamza Abduvaliyev 2-gildiyali rus savdogari, taniqli mulkdorbo’lib, homiylik ishlari bilan nom qozongan. Uning qalin qor tagida qolib, yem-xashakdan qiynalayotgan chorvadorlarga yordam ko’rsatish to’g’risidagi murojaati bosilib chiqqan mahalliy gazeta saqlanib qolgan.

Hamza Abduvaliyev madrasada ta’lim olgan, arab tilini bilgan, rus tilida so’zlasha olgan. Shu bois farzandlarini savodli qilishga, rus tilida gapirishga, o’sha paytning madaniyatli va ma’rifatli kishilari qilib tarbiyalashga astoydil harakat qilgan. Rus, qirg’iz va tatarlar yashaydigan Qorako’l posyolkasiga ko’chib kelib, shu yerda muqim yashab qolgach, bolalari uchun uy quradi, mahalliy aholining taniqli kishilari bilan yaqinlashadi, mehnatsevarligi va tirishqoqligi sabab, ularning hurmat-ehtiromiga sazovor bo’ladi. 1916 yilgi qo’zg’olonlar payti hukumat tomonidan ayovsiz jazolangan mahalliy aholiga achinish hissi bilan qaraydi.Qorako’lda sovet tuzumi o’rnatilgach, mol-mulkini bolsheviklarga topshiradi. O’z qo’li bilan qurgan ikki qavatli uy saqlanib qolgan, bog’i esa bugun ham “Abduvaliyevlar bog’i” deb ataladi”.

Yozuchining onasi Nagima Hamzayevna Aytmatova (Abduvaliyeva) qalban go’zal, o’z davrining ilg’or g’oyalari bilan qurollangan ma’rifatli, turmush o’rtog’i To’raqulga sadoqatli ayol bo’lgan. O’g’li Chingizning taqdirida uning tarbiyasi va beadoq mehri muhim ahamiyat kasb etgan, eng og’ir paytlarda, masalan, eri qamoqqa olinib, ro’zg’or tashvishlaridan qaddi bukilganida ham bolalari to’g’risida g’amxo’rlik qilishdan to’xtamaydi.

Bir gal Nagima folbin ayolga uchrab, undan turmush o’rtog’ining taqdiri to’g’risida so’raydi. Folbin To’raqul to’g’risida hech nima demaydi, ammo “Bolalaringdan biri dunyo taniydigan odam bo’ladi”, deydi.

Abduvaliyevlar oilasining shajarasi quyidagicha: Yosif – Xalil – Gabdrashit – Gaysa – Gabdelvali (1800) – Hasan-Hamza (1850-1932) – Nagima (1904).Shajarada Abduvaliyev va Utyamishevlar sulolasi Tataristonda taniqli Ishmanlar sulolasining yonma-yon ikki novdasi deyiladi.

Roza Aytmatova bu suloladan ikki yuzga yaqin taniqli kishilar yetishib chiqqani to’g’risida yozma hujjatlar borligini aytadi. Ularga ko’ra, Ishmanning otasi– To’qtarg’ali o’g’li, To’qtarg’ali – Kuchukning o’g’li, Kuchuk – Tabejning o’g’li, Tabej – Qudashning o’g’li, Qudash – qul Sulaymonning o’g’li, Qul Sulaymon – Sulaymonning o’g’li. Bu ikki sulola asoschilarining ildizlari bulg’orlarga borib taqaladi.

Shu o’rinda bir mulohaza. Qirg’izlar bobo va buvi (momo)ni “Tay ata”, “Tay ene” (“Katta ota”, “Katta buvi”) deyishadi. Vodiyda endigina yo’lga kirgan bolani “Toy bola” deb erkalatish odat. Qadimgi xitoy yurishlari Farg’ona vodiysida bo’lganini eslasak, O’. Ibraimovning ikkilanishida jon borga o’xshaydi. U adib shajarasi haqidagi fikrini shunday yakunlaydi:“Aytmatovning tomirlarida qanday qon oqishidan qat’iy nazar, O’ljas Sulaymonov haq gapni lo’nda qilib aytib qo’ygan: “Chingiz – ruhning xoqoni, so’zning podshosi”. Bu martaba imperatorlikdan baland”.

BAXTLI ONLAR UZOQQA ChO’ZILMADI

Yozuvchining onasi Nagima Hamzayevna haqida ko’p yozilmagan. Ammo bu mushtipar ayol boshiga tushgan azob-uqubatlar ozmuncha emas. To’raqul bilan tanishgach, oila hayoti havas qilarli darajada boshlanadi. Ikki yosh samimiy muhabbat bilan bir-birlariga suyanadilar, farzandlari ulg’ayib, yonlariga kirishlarini orzu qilishadi. Ammo… baxtli onlar uzoqqa cho’zilmaydi. To’raqul oilasi va bolalarini Moskvadan poezdga o’tqazib, yurtga qaytarayotganidayoq Nagimaning ko’nglida mash’um xavotir uyg’onadi. Nega endi ota qolib, biz qaytayapmiz? Kutilmaganda, hech bir tayyorgarliksiz yo’lga chiqishimizning sababi nima? To’raqul nega xayolchan bo’lib qoldi, bir nimani sezdimikan? Ishidan xato topishgan bo’lsa-chi? Unday desa, xato qilganiga, yanglishganiga ishonish qiyin. Bolsheviklar ishiga sadoqatli, Lenin asarlarini tinimsiz o’qigan, Moskvada marksizm-leninizm institutida, qizil professura kurslarida ta’lim olgan, Qirg’izistonda partiya-sovet idoralarida yuqori mansablarda ishlagan kishida qanday xato bo’lishi mumkin?

Chingiz Aytmatovning “Bolaligim” xotira qissasida quyidagilarni o’qiymiz: “1937 yilning boshi. Siyosiy ta’qiblar ko’plar qatori otamning ham giribonidan tutib, bo’g’a boshlagan payt edi… Otamning ko’ngli biron noxushlik bo’lishini oldindan sezgandek, bizni yurtimizga qaytarib yuborishga harakat qila boshladi. Nazarimda, u taqdiri azalning hiyla-nayranglaridan, qismatdan qochib qutuladigan yo’l yo’qligiga ko’zi yetib, bundan bizni asrash zarurligini his qilgancha oilasini shu taqdir girdobidan uzoqlashtirishni o’ylardi…

Biz nima uchun kimdan va nimadan qochib ketayotganimizni o’shanda unchalik anglamaganmiz. Biroq… yuragim bir nimalarni sezgani aniq. Ko’nglim allaqanday noxushlikni sezdi. Buyumlarimizni yig’ishtirayotgan otam bilan onamning qayg’uli chehralari, qo’rquv to’la ko’zlari bundan ishora berib turganday edi. Otam biz bilan uyga qaytmoqchi emasdi. Unga ish joyidan ruxsat berishmaganini bilardim…”.

Nagima shubha-gumonlar girdobiga g’arq bo’lgancha, turmush o’rtog’i bilan poezd perronida xayrlashib, bolalarini bag’riga bosib, uyga qaytadi. Adibning ukasi Risqulbekning uyida yashashadi, To’raqulning qaytib kelishini uzoq kutishadi. Umid chirog’i bir kuni yonib qolar, deb o’ylashadi. Ona topgan bir burda nonini to’rt bolasi bilan baham ko’rdi. Ochlikka chidashdan ko’ra, “Xalq dushmanining bolalari” degan tamg’aga dosh berish qiyin kechadi. Nagimaning buyuk xizmati – bolalarini o’ksitmay katta qilgani, ularga munosib ta’lim-tarbiya bergani desak, xato bo’lmaydi.

“OTAM HAQIDA O’YLASAM…”

Adib o’zining shu asarida bolalik yillari otasi bilan Farg’ona va Andijonga borganini eslaydi. “Otam haqida o’ylasam, u ko’z o’ngimda hamisha ko’mirdek qop-qora, bir joyida ozroq oqi bor quyuq sochli, dalada kiyadigan ko’ylagi, qo’njli bulg’or etigi bilan gavdalanadi. U ko’pincha qo’sh ot qo’shilgan charm o’rindiqli aravada yurar, oldinda esa aravakash o’tirardi.

Otamning qiyofasi bilan birga, Farg’ona tarafdagi paxsa yoki guvala bilan o’ralgan tomi tekis, bir-biriga o’xshab ketadigan pastqam uylarni ham eslayman. Farg’onaliklarning turish-turmushi o’ziga yarasha edi.

Bu yerda odamlar ahil-inoq kun kechirishadi. Qishloqlarda keksalarning hurmatini joyiga qo’yishadi. Oqsoqollarning gapi erkagu ayol, katta-yu kichik – hamma uchun qonunday gap. Yaxshi kunda ham, yomon kunda ham qishloqdoshlar bir-birlarini yolg’izlatib qo’yishmaydi. O’zbekistonda hozir ham shunday…”, “Bir marta otam bilan Andijonga bordik. Bolaligimdagi bu safar sira yodimdan chiqmaydi… Uzoq yo’l yurdik, charchasak oz-ozdan dam olib, yana yurardik. Yo’lda odamlar otamga bir nimalarni aytishar, undan maslahat so’rashardi. Juda g’arib yashayotganlari, ko’makka muhtojliklari ko’rinib turardi. Otam ularning savoliga javob berar, maslahatini ayamasdi…”

O’ZBEK XALQINING ShA’NINI HIMOYa QILGAN ADIB

Bu va boshqa ko’plab holatlar bois bo’lajak adibning ong-shuurida o’zbek xalqiga havas, hurmat-ehtirom yuzaga keladi, keyinchalik bu tuyg’u badiiy va publitsistik asarlariga, ta’sirchan ma’ruzalariga ko’chadi, el-yurtimizning oqibatli do’sti, og’ir damlarda yonida tura oladigan qadrdoniga aylanadi, ko’plab ijodkorlar uchun ustoz maqomiga ko’tariladi.

Uning yurtimizga har bir kelishi adabiyot, san’at, teatr sohasi fidoyilari uchun chinakamiga bayram bo’lardi. Buyuk adib bilan ijodiy muloqotda bo’lish, unga safardoshlik qilish baxtiga muyassar bo’lganlar oz emas. Ularning hammasi, ishonchim komilki, adibning hayotda o’ta kamtar va oddiyligiga, suhbatdoshi kim bo’lishidan qat’iy nazar, ularni e’tibor bilan tinglashiga,ba’zan, noqulay vaziyat yuz berganida ham o’zini bosiq va o’ychan tutishiga, ortiqcha dabdaba, maqtov, o’rinsiz mulozamatni yoqtirmaganiga e’tibor berishgan, deb o’ylayman.

Eng og’ir paytda o’zbek xalqining sha’nini jasorat bilan himoya qilgani, xalqimizning o’tmish madaniyati va uning mintaqa xalqlari madaniyati va turmush tarziga ta’sirini yuksak baholagani,sadoqatli safdoshi Odil Yoqubovga maktub yo’llab, uni asossiz ayblovlardan saqlab qolgani, “Adil, tarixiy mavzuda roman yozishda sen mendan o’tding” deyishining o’zi, Pirimqul Qodirovga ham zarur paytda yelkasini tutgani hamma narsani aytib turibdi.

Chingiz og’aning yaqin safdoshlari uning hayoti bir tekisda kechmaganini ta’kidlashadi. Cho’lpon-otada xalqaro Issiqko’l forumida qatnashar ekanmiz, otaxon adiblardan biri: “Chikem (qirg’iz tilida Chingiz ismining qisqartirib aytilishi) ko’p va xo’b iyladi-da, ukajon, hammamizdan ko’p iyladi (yig’ladi)”, dedi. Badanim jimirlab ketdi. “Qanaqa yig’i, Chingiz Aytmatov-a? – deyman. Ha, yodimga tushdi. Qo’liga miltiq olib, sigir o’g’rilarini o’ldirmoq niyatida chopib borayotgan bolakayning yig’isi. Maktabda “Sen nari tur, xalq dushmanining bolasi”, deya qo’lini bigiz qilib ko’rsatishganida, ko’ziga kelgan o’kinch yoshlari. Onasi hayotdan ko’z yumganida, balerina Bibisora Beyshenaliyevani tuproqqa qo’yishayotganida, ikki o’g’lining onasi, hayotining og’ir damlarida dildosh va darddosh bo’lgan Kerez Shamshiboyeva vafot etganida yig’lagani.

Otasining xoki solingan qutichani o’z qo’li bilan “Ota beyit”da qabrga qo’yayotganida ich-ichidan kelgan alamli nola. Sobiq tuzumning so’nggi kunlarida boshi uzra bir vaqtlar otasi boshida aylangan qora bulutlarni ko’rib ko’zlari yoshlangani… Ha, buncha dard va alamni ko’tarish oson bo’lmagan.

O’zbekistonlik bir guruh ijodkorlar adib tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Bishkek va Cho’lpon-otada o’tkazilgan forumida qatnashar ekanmiz, “Ota-beyit”da mangu qo’nim topgan Chingiz og’a qabrini ziyorat qildik.Olatog’ etaklarida joylashgan bu ziyoratgohda ulug’ ustoz bu yorug’ olamning ne-ne taloto’plariga guvoh bo’lgan viqorli toqqa yelkasini tutib, boshqa hech qachon urush bo’lmasin, qiyomat qo’pmasin, tog’lar qulamasin, odam bolasi bir-biriga qurol o’qtalmasin, biri-birining uyiga o’t qo’ymasin, bolasini o’ldirmasin, qarg’alar jahannam uzra boshqa hech qachon faryod qilmasin, ildizi, tili va dili bir ellar bir-birlaridan uzoqlashmasin, bir-birini tanimay qolmasin, deya yaratgan Egamga iltijo qilib yotganga o’xshab ketdi.

Chingiz og’a oramizdan ketganida dunyo titrab ketmadi. Chunki, bu yorug’ olam bundan-da og’ir yo’qotishlarni, zahri asrlarga yetib borgudek taloto’plarni ko’p ko’rgan. Diydasi qotib ketgan. Ammo… oradan yigirma yil o’tgach, o’shanda biz kimdan va nimalardan judo bo’lganimizni anglab, mana endi, asta-sekin o’zimizga kelayotganga o’xshaymiz.

“Hurriyat” gazetasi