1922 yilning kuzida Turkiston Respublikasi «Ko’mak» jamiyati tomonidan Germaniyaga tahsil olish uchun yuborilgan 16 nafar talaba orasida Xayrinisa Majidxonova ham bor edi. O’sha davrning ilg’or fikrli yoshlari qatorida Yevropaga bilim olish uchun yo’l olgan bu qiz kim edi va u haqda nimalarni bilamiz?
Xayrinisa Majidxonova 1905 yil 25 dekabrda Toshkent shahrida ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi ma’rifatparvar inson bo’lgan Majidxon Jalilov Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg kabi qator shaharlariga safar qilgan, jadidchilik g’oyalari bilan yaxshi tanish edi. Shu bois u oila a’zolarining, xususan, qizlarining yevropacha ta’lim olishiga sharoit yaratdi. Miroboddagi yangi maktabda tahsil olgan Xayrinisa zamonaviy bilimlarni puxta egalladi, rus va nemis tillarini o’rgandi.
Taraqqiyot va istiqbol qayg’usi
— E’tiborli tomoni, o’smir qiz o’sha paytdagi jadid matbuotini kuzatib borardi, — deydi tarixchi Bahrom Irzayev. — Ayni shu narsa uning dunyoqarashi shakllanishiga ta’sir ko’rsatdi. Xayrinisani keng fikrlashga o’rgatishda birinchi o’zbek xotin-qizlar bilim yurtida o’qiyotgan opasi Oyposhshaxon ham katta yordam berdi.
1922 yili Xayrinisa Majidxonovaning «Turkiston» gazetasida chop etilgan maqolasi shunday deyishimizga asos beradi. Maqolada endigina 17 yoshni qarshilagan qizning Vatan istiqboli haqidagi orzu-istaklari o’rin oldi. Oradan qariyb yuz yil o’tganiga qaramay, maqolada ilgari surilgan fikrlar taraqqiyot uchun dolzarb ahamiyatga ega ega ekani e’tiborimizni tortadi.
«Turkistonning dunyo savdo maydonida tutqon vaziyati XVII asrdan beri tuban darajada qolib keldi. Bu asr umuman musulmon mamlakatlarining tanazzul davri bo’lib, tanazzulning ham ko’p sababi karvon yo’llarining ahamiyati ketib, g’arblilar tarafidan dengiz yo’llarining yuksaltirilishi edi. XIX asrda ham Turkiston G’arbiy Ovrupodan uzoq bo’lg’onlig’i uchun, taraqqiyot tomonidan boshqa musulmon mamlakatlaridan ham tuban darajada turdi… Faqat Russiyadan temir yo’l kelib, savdo maydoni kengaydi… Bundan ochiq anglashiladirki, bizning moziyimizni porloq qilg’on — elimizdan o’tgan karvon yo’li bo’lsa, istiqbolimizni porloq qilg’uchi, elimizni jahon savdo maydonig’a tutoshdirg’uvchi ulug’ temir yo’ldir. Ular bizning savdomizni kengaytur, bizga boyliq va obodliq berur va o’zimizga katta sanoat turg’azishga imkon ochar», — deb yozgandi muallif.
Yosh Xayrinisa maqolada o’z vatani kelajagi haqida kuyunchaklik bilan fikr bildiradi: «Turkiston iqlimining qizg’inlig’i va yerining munbit (hosildor)ligi uni doim qiymatlik hosilot beruvchi ziroat mamlakati ravishida qoldirg’usidir. Ikkinchi tomondan Turkiston tog’larining ma’danga boylig’i bunda tog’ sanoatining yuksalishiga sabab bo’lg’usidir. Bu ikki asos — hayotni ta’min qilish yo’llarining yuksalishi natijasida (paxta zavodlari, ipak fabriklari, ma’dan zavodlari, shekilli) katta sanoatning boshqa xillari ham yuksalgusidirlar. Turkistonning tabiiy boyliqlarini ishlata olg’ali, katta sanoatni turg’izgali va natijada yangi temir yo’llar o’tkazgali kuchi yetsun hozirgi xo’jalikdan ortib qolib to’plang’on boyliqning bo’lishi kerak. Hozirgi ziroatning mahsulotini ortdirish uchun birdan-bir chora bo’lsa ziroatda har xil yangi ishlab chiqorish usullari, yangi qurollar va mashinalarni qo’llanishidir». O’sha davrlarda bu tarzda ilg’or fikrlaydigan xotin-qizlarni kamdan-kam uchratish mumkin edi. Shu ma’noda nemislar yurtiga o’qishga yuboriluvchi yoshlardan biri sifatida Xayrinisa Majidxonovaning tanlangani ham bejiz emasdi.
Xorijda tahsil
Talabalar safida o’zbek qizlaridan toshkentlik Xayrinisa Majidxonova, Saida Sherahmadboyeva va xorazmlik Maryam Sultonmurodovaning xorijga yo’l olishi ulkan jasorat edi. Negaki, u paytlar qizlarning oddiy maktabga qatnashining o’zi jiddiy qarshilikka sabab bo’lardi.
Xayrinisa Majidxonova 1923-24 yillarda Berlinda «Xorijliklar uchun nemis tilini o’rganish» maktabida o’qib, o’rta ma’lumot to’g’risida shahodatnoma oldi. 1924-26 yillarda Darmshtadtdagi (Darmstadt) o’qituvchilar seminariyasida nemis tili va adabiyoti yo’nalishida o’qidi. 1926-28 yillarda amaliyotni Berlin shahridagi o’quv muassasalarida o’tab, o’rta maxsus ma’lumot olgani to’g’risidagi diplomni qo’lga kiritdi. Bilimga chanqoq qiz Berlinda pedagogik amaliyot bilan bir paytda mashhur doktor Fekkelmanning tibbiyot xodimlarini tayyorlovchi xususiy maktabida ham tahsil oldi.
Qatag’on qilichi
Xayrinisa Majidxonova 1928 yili O’zbekistonga qaytib kelgach, shifokor bo’lib ishlay boshladi. 1935 yili Toshkent tibbiyot institutini bitirgandan so’ng esa o’qituvchilar dam olish uyida vrach-terapevt hamda Fayzulla Xo’jayev nomidagi O’zbek poyabzal tresti ambulatoriyasida shifokor-vrach bo’lib ishladi.
Afsuski, oldiga buyuk maqsadlarni qo’ygan Xayrinisa Majidxonova yovuz siyosatning qurboniga aylandi. Navqiron 32 yoshida sho’ro qatag’oniga uchradi. Bu paytda u hali oila qurib ulgurmagandi.
1937 yilning 13 sentyabrida «1922-28 yillarda Germaniyada o’qigan va 1928 yil SSSR hududiga josus sifatida qaytgan» degan soxta ayblov bilan Xayrinisa Majidxonova ham qamoqqa olindi. Shu kuni berilgan order asosida u yashayotgan otasiga tegishli Katta Mirobod ko’chasi 43-uy, 1-xonadonda tintuv o’tkazildi. Kitoblari, tarjimalari, xatlari, suratlari, hatto shaxsiy buyumlari olib ketildi.
Sabab nima edi? Tergov jarayonida ma’lum bo’ldiki, ayblov ortida 1927 yilning yozgi ta’tili vaqtida dugonasi Maryam Sultonmurodova bilan birga Parijga qilgan sayohati va u yerda Mustafo Cho’qay hamda Buxorodan Germaniyaga tahsil olish uchun yuborilgan Ahmad Naimlar bilan bo’lgan tasodifiy uchrashuv turardi.
Xayrinisa tuhmatlardan iborat ayblovlarning barchasini rad etdi, qiynoqlarga chidadi. Biroq bu uning O’zSSR Jinoyat Kodeksining 57-I (Vatanga xiyonat, harbiy va davlat sirlarini sotish, shpionaj), 62- (aksilsovet targ’ibot), 67- (aksilinqilobiy tashkilotga a’zolik) moddalari bilan aybdor deb topilishiga to’sqinlik qila olmadi.
1938 yilning 9 oktyabrida o’tkazilgan mash’um «Uchlik» sudi qo’yilgan ayblarning hech biri isbotlanmaganiga qaramay, unga o’lim jazosini belgiladi. Hukm o’sha kunning o’zidayoq ijro etildi.
Uzoq kechikkan oqlov
Stalin o’limidan so’ng nohaq qatag’onga uchraganlar oqlana boshlagach, opa-singillari Xayrinisaning so’nggi taqdiri bilan qiziqdilar. Biroq mas’ul idoraning «Xayrinisa Majidxonova 1942 yil jazoni ijro etish davrida vafot etgan» degan ma’lumotidan so’ng oila a’zolari qayta bu masalani ko’tarishmadi. Boisi, ular sovet jazo organlaridan qattiq yurak oldirib qo’yishgan, 1937-38 yillarda qizining aksilinqilobiy faoliyatini yashirganlikda ayblab 75 yoshli Majid oqsoqolni ne ko’ylarga solishgani eslarida edi.
Taqdirni qarangki, Xayrinisa Majidxonovaning nomi oqlanishi istiqlol yillariga kelibgina amalga oshdi, ya’ni 1999 yil 7 oktyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan unga nisbatan oqlov e’lon qilindi.
Aziz yodi unutilmaydi
Ha, qattol sho’ro tuzumining qonli siyosati Xayrinisa Majidxonova singari millatimizning ko’plab ilg’or fikrli vakillarini mahv etdi. Boisi, Vatan ozodligi va taraqqiyoti ularning eng yuksak orzu va maqsadi edi. Xalqni zulm va istibdod ostida saqlashni ko’zlagan sho’ro hokimiyati uchun esa millatparvar, fikri ochiq insonlar eng xavfli dushman hisoblangan va o’zining qatag’on qilichini doimo ularga qaratgan. Vatanimiz mustaqillikka erishgachgina, bunday nohaqlikka chek qo’yildi. Ozod yurtda yashash nasib etgan va mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qilayotgan bugungi avlod vakillari shu ulug’ maqsad yo’lida qurbon bo’lgan xalqimizning asl farzandlarini hech qachon yoddan chiqarmaydi.
To’lqin ShERNAYEV
«Mahalla»
loading…