Bir qator hududlarda davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan ham shug'ullanib kelayotgani aniqlandi

2022 yil 8 avgust kuni qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to’g’risida”gi qonunning 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishga haqli emasligi haqidagi qoida belgilandi (mazkur qonun 2022 yil 8 noyabrda kuchga kiradi).

Xo’sh, bu qoidaga qay darajada amal qilinmoqda?

Korrupsiyaga qarshi kurashish agenligi ba’zi faktlarga to’xtaldi

Ma’lum bo’lishicha, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg’ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanib kelinayotganligi holatlari joyiga chiqqan holda o’rganildi.

Qayd etilishicha, ushbu viloyatlarda jami 1378 nafar davlat xizmatchilari (138 nafari hokim va hokim o’rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o’rinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari) davlat xizmati bilan birga (rahbar yoki ta’sischi sifatida) tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanib kelayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, agentlik tomonidan davlat xaridlari sohasida o’tkazilgan o’rganishlarda hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g’olib bo’lganligi aniqlandi.

Xususan, 2021-2022 yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd so’mlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar bo’yicha o’rinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va ta’minot xodimlari, 30 ta holatda injener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalarni huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo’lgan.

Shu kabi Surxondaryo viloyatida 155 ta holatda 16,1 mlrd so’mlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xo’jalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda bo’lim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo’lganligi aniqlandi.

Masalan, Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish bo’yicha 8 mlrd. so’mlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning yetakchi mutaxassisi ta’sischiligidagi mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan to’g’ridan-to’g’ri shartnoma tuzilgan.

Xuddi shunday, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd. so’mlik, Farg’ona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd. so’mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd. so’mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd. so’mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd.so’mlik davlat xaridlari bo’yicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar to’qnashuvi holatlariga yo’l qo’yilgan.

«Ushbu holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yo’l qo’ymaslik haqida taqdimnomalar kiritildi, shuningdek, davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo’yicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yo’l qo’yilishining oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda», — demoqda agentlik.