NAURU DAVLATI HAQIDAGI HAQIQATLAR
Bu jajji davlatni dunyo xaritasidan qidirib topishning o’zi bo’lmaydi. U Tinch okeanining g’arbiy qismida joylashgan. Umumiy maydoni 21 kvadrat kilometr, aholisi esa 11 500 kishidan iborat. Nauru 1968 yili mustaqillikka erishgan. Nauruning rasmiy poytaxti yo’q. Davlat parlamenti majlislari 820 kishi istiqomat qiladigan Yaren okrugida bo’lib o’tadi.
Davlatning yagona aeroporti, temir yo’li ham mavjud. Temir yo’lning uzunligi atigi 4 kilometrni tashkil etadi. Bu yerda ichimlik suvi yo’q. Shu narsa mamlakat aholisiga deyarli har kuni jiddiy muammolar tug’diradi. Ichimlik suvi tankerlar yordamida Avstraliyadan keltirib tarqatiladi.
Qachonlardir Nauruda fosforitlarning juda katta hajmdagi zahirasi mavjud edi. Aholining hayot tarzi juda yuqori bo’lgan. Hozirga kelib zahira ham tamom bo’ldi va davlatning tashqi qarzlari maksimum darajaga yetdi. Har o’n kishidan to’qqiz nafari ishsiz. Nauru aholisining 90 foizi ortiqcha vazndan azob chekadi. Ularning har uchinchisi qandli deabet bilan og’rigan. Aytishlaricha, Nauru aholisi qachonlardir daromad zo’rligida, fosforitdan keladigan pullar kuchi bilan kam harakatlangan. Tayyor boylikni yeb yotishni ma’qul ko’rgan. Hozirgi ahvol xuddi o’sha paytlardan qolgan asorat ekan.
Nauru joylashgan oroldagi ilk fuqarolar uch ming yil oldin paydo bo’lgan. Yevropaliklar esa XVIII asr oxiriga qadar bu davlat haqida hech qanday ma’lumotga ega bo’lmagan. 1798 yili Jon Firn yetakchiligidagi ekspeditsiya a’zolari ilk bor Nauruga qadam qo’ygan. O’shanda Nauruda 12 ta qabila yashardi.
Naurudagi eng ommalashgan sport turi og’ir atletika hisoblanadi. Hatto, mamlakat prezidenti Stiven Markus ham sobiq og’ir atletikachi. 1999 yili u og’ir atletika bo’yicha o’tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo’lgan.
Yaqin-yaqinlargacha Nauru aholisi mehmon kutishni bilmasdi. Davlat sayyohlarni qiziqtiradigan hech qanday harakat sodir etmasdi. Shu sababli ham 1967 yili Nauruda ishlab chiqariladigan «Volkswagen» avtomobilining bor yo’g’i 3 tasigina sotilgan.
Olimjon HAYIT tayyorladi