Odatda, insonlarga umumiy baho berganda ikki xil fikr o’rtaga chiqadi. Bir toifa kishilar: «Dunyoda mutlaq yomon odam bo’lmaydi!» desa, boshqa toifa buning aksini aytadi, ya’ni «Hayotda mutlaq yaxshi insonlar yo’q!» deyishadi. Mana shu bir-biriga ziddek ko’ringan, aslida esa mohiyati bir bo’lgan fikrlar ortidan yaxshigina munozaralar ham kelib chiqishi mumkin.
Aslida, yaxshi yoki yomon bo’lish ham nisbiy. Siz yaxshi deb biladigan odamni boshqa birov yomonlar qatoriga qo’shishi ehtimoldan uzoq emas. Buning sababi, yo ikkingizning qarashlaringiz turlichaligi, yoki o’sha siz yaxshi tomonlari bilan taniydigan odamning chindan ham yomon jihatlari bor va buni boshqalar bilgani holda sizga sezdirmaydi. Bu masalaga qanday oydinlik kiritish mumkin? Shu savol sizni qiziqtirsa, braziliyalik mashhur adib Paulo Koelo qalamiga mansub quyidagi hikoyaga diqqat qiling:
Mashhur rassom Leonardo da Vinchi «Maxfiy kechalar» nomli rasmini yaratish haqida o’ylarkan, katta bir qiyinchilik bilan yuzlashdi. Yaxshi tomoni, u Iso payg’ambarning ko’rinishini, yomoni esa Iso payg’ambarning do’sti bo’lgan va sirli kechada unga xiyonat etadigan Yohudaning ko’rinishini tasvirlashi kerak edi. Rassom boshlab qo’ygan suratini chala qoldirib, bu ikki kishiga o’xshashi mumkin bo’lgan odamni izlay boshladi. Bir kuni xor ansambli bergan konsertda ansambl a’zolaridan biri xayolidagi Iso siymosiga juda uyg’un ekanligini payqab qoldi. Uni o’z rassomchilik ustaxonasiga taklif qilib, o’sha kishining ko’rinishidan ko’plab nusxalar ko’chirib chizdi. Oradan ikki yil o’tdi. «Maxfiy kechalar»ni har qalay tamomlay deb qolgandi. Ammo Leonardo da Vinchi haligacha ko’rinishi Yohudaning timsolini ifodalay oladigan biror kishi topolganicha yo’q edi. Da Vinchi ishlayotgan cherkovning kardinali rasmni ertaroq bitkazishi uchun rassomni qistay boshladi. Bir necha kunlik izlashlaridan so’ng Leonardo vaqtidan avval keksaga o’xshab qolgan yosh bir odamni topdi. Uvada kiyimlardagi bu odam mastligidan o’zini bilmas darajada so’qmoq chekkasida yiqilib yotardi. Rassom tezda yordamchilariga bu odamni majburlab bo’lsa-da, cherkovga olib borishlarini aytdi. Chunki unga berilgan vaqt nihoyalab borayotgan edi. Cherkovga borgach, yordamchilar bu kimsani oyoqda tik turg’azib, suyab turishdi. Bechora nima bo’layotganini anglayolmas, da Vinchi esa bu kimsaning aftidan ufurib turgan gunohni, e’tiqodsizlikni, xudbinlikni qog’ozga tushira boshladi. Leonardo ishni tugatgandi hamki, sarxushlikning ta’siridan qutulgan haligi kimsa nursiz ko’zlarini ochdi va shu zahoti devordagi rasmga qarab qoldi. Hayrat va mahzunlikka chulg’angan ovozi bilan shunday dedi:
— Men bu rasmni ancha oldin ham ko’rgan edim…
— Qachon?! — deb so’radi da Vinchi sarosimada.
— Uch yil avval, — dedi haligi g’arib odam. — Qo’llarimda, hovuchimda turgan narsalarni yo’qotishimdan avval… U vaqtlari bir ansamblda qo’shiq kuylardim. Qanchadan-qancha orzularim bor edi… Bir rassom mening ko’rinishimga qarab Iso suratini chizish uchun taklif qilgandi…
Siz Iso payg’ambarni yaxshi bilasiz. Iso payg’ambar o’zining havoriysi bo’lgan Yohuda uni sotishini avvaldan bashorat qiladi va bu bashorati amalga oshadi. Yuqoridagi hikoyada bu ikki timsol yaxshilik va yomonlikning ramzlari sifatida olinib, bir-biriga qarshi qo’yilgan. Hikoya orqali nima demoqchi bo’lingani kunday ravshan. Ya’ni bir insonda yetarlicha yaxshi xususiyatlar ham, yomon xususiyatlar ham jamlangan bo’ladi. Hamma gap bularning qaysi birini ko’proq namoyon qilishda. To’g’ri, hammani bir ko’zda ko’rish qiyin ish, ammo mutlaqo imkonsiz emas-da. Hammaga birdek yoqishning ham iloji yo’q. Yana bir joyda ko’zim tushgandiki: «Barchaga yaxshi ko’rinishni istovchilardan qo’rqing! Chunki bunday odam bugun sizga yaxshi ko’rinishni istasa, ertaga dushmaningizga ham yoqishni xohlab qoladi-da». Demak, to’laqonli yaxshi yoki to’laqonli yomon odam bo’lmaydi. U holda shunday bo’lingki, Yaratganning tanlovida yaxshilar qatoriga qo’shila oling!
Shahzod ShODMON