Dunyoning eng sifatli atirgullari yetishtiriladigan Isparta zamini dunyoda atirgul moyi ishlab chiqarish bo’yicha birinchi o’rinda turadi va dunyodagi atirgul moyining taxminan 65 foizi ushbu shaharda ishlab chiqariladi.
Insonlarning kundalik hayotida alohida o’rin tutgan atirgul, bu sevgi, go’zallik, muhabbat va hurmat ifodasini o’zida mujassam etgan guldir. Atirgulning kelib chiqishi Sharqiy Osiyoga borib taqaladi. Aniq bo’lmasa-da, atirgul yog’i va gul suvining dastlab Eron yoki Hindistonda ishlab chiqarilgani, so’ngra Anatoliya, Yevropa, Shimoliy Afrika va Sharqiy Osiyoga tarqalgani ma’lum.
Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, atirgulning yer yuzida mavjudligi kamida 35 million yillik tarixga ega bo’lsa, atirgulning insoniyat tarixidagi o’rni va ahamiyati esa kamida 5000 yillik rang-barang tarixga asoslanadi.
Osiyodan dunyoning boshqa hududlariga savdo yo’li bilan yetib borgan atirgul o’zining go’zal hidi va shifobaxshligi tufayli qadimdan turli rivoyatlarga sabab bo’lgan. Atirgul, xushbo’y hid shinavandalarining eng sevimli guli hisoblanadi.
Darhaqiqat, atirgul bog’lari qadimgi davrlarda Finikiyaliklar, yunonlar va rimliklar uchun bug’doy dalalari va bog’lar kabi muhim ahamiyatga ega bo’lgan.
Turkiyaning Isparta shahri atirgul yetishtirish bo’yicha dunyoda eng yetakchi o’rinda turadi va dunyodagi jami atirgul moyining taxminan 65 foizini ishlab chiqaradi.
Ispartada yetishtiriladigan bu xushbo’y guldan atirgul moyi, atirgul ekstrakti, atirgul suvi kabi turli hil tabiiy mahsulotlar ishlab chiqariladi va kosmetika soxasida keng foydalaniladi.
Atirgul yog’i: Pardoz buyumlari va kosmetika sanoatining eng muhim va qimmat xomashyolaridan biri bo’lgan atirgul yog’i pushti moyli atirgullarni bug’ distillash usuli bilan qaynatish orqali ishlab chiqariladi. Jahon standartidagi atirgul moyi dengiz sathidan 1050 metr va undan yuqori balandlikda joylashgan Isparta va uning viloyatida yetishtirilgan atirgullardan olinadi. Har yili may-iyun oylarida yig’ilgan atirgullar ob-havo sharoitining hissasi natijasida yuqori sifatli atirgul yog’i yetishtirishni ta’minlaydi.
Atirgul ekstrakti: Bu yangi, fermentatsiyadan o’tmagan, rangi va o’ziga xos tuzilishini o’zgartirmagan pushti atirgullarni ekstraksiya usuli bilan qayta ishlash natijasida olingan qaymoqsimon, quyuq gul moyi.
Atirgul suvi: Bu gul yog’ini ishlab chiqarish jarayonida olingan yog’li suvni distillangan, toza va issiq suv bilan birga-bir nisbatda aralashtirish natijasida olingan atirgul hidli tabiiy suvdir. Tabiiy ishlab chiqarilgan atirgul suvi ko’p marta filtrlanadi, shishalarga solinadi, qadoqlanadi va sotuvga chiqariladi. Atirgul suvlari tabiiy bo’lib, tarkibida zararli moddalar bo’lmagani uchun terini oziqlantiruvchi va taranglashtiruvchi xususiyatlari tufayli ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari va shirinliklarda xushbo’y hid sifatida, tana va pardozni tozalash uchun ishlatiladi.
Kosmetika: Qo’l va teri kremi, qo’l va tana kremi, turli soch turlari uchun shampunlar mamlakatdagi eng sifatli mahsulotlarga teng formulalar bilan ishlab chiqariladi. Mahsulotlar zamonaviy sifat nazorati laboratoriyalarida sifat va salomatlik tekshiruvidan so’ng bozorga taklif qilinmoqda. Zavodlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimentini yaqin kelajakda yanada kengaytirish ko’zda tutilgan.