Yaqin bir hafta davomida yerliklar erta tongda osmonda bir safga tizilgan holda bir vaqtning o‘zida oltita sayyorani ko‘rishi mumkin. Bu haqda “The Associated Press” xabar berdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, sayyoralar yulduzlarga qaraganda deyarli miltillamasdan, yorqin nuqtalardek ko‘rinadi. Ularni kuzatish uchun osmon ochiq bo‘lishi va baland binolardan yiroq joy tanlanishi kerak.
Astronomlarning aytishicha, Venera, Yupiter, Saturn va xira nurli Merkuriy oddiy ko‘z bilan ham ko‘rinadi, Uran va Neptunni esa durbin yoki teleskop yordamida kuzatish mumkin bo‘ladi. Eng yaxshi ko‘rinish tong otishidan biroz oldin yuz beradi: osmonning sharqiy qismida Yupiter va Venera yonma-yon jilvalanadi, biroz yuqoriroqda va yon tomonda Saturn ko‘rinadi, Merkuriy esa ufqqa yaqin, pastroqda paydo bo‘ladi.
Joriy yilning 19 avgust kuni Merkuriy Quyoshdan eng katta burchak ostida uzoqlashadi va uni ko‘rish osonroq bo‘ladi. Oy oxirida u Quyosh nuri ichida ko‘zdan yo‘qoladi. Shundan so‘ng paradga nozik Oy hiloli ham qo‘shiladi.
Sayyoralarning keyingi safargi bunday “to‘liq yig‘ilishi” 2026 yilning fevral oyida kutilmoqda. Shuning uchun avgust oyi tonglari bu yili bir vaqtning o‘zida oltita osmon jismiga guvoh bo‘lishning so‘nggi imkoniyati bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ertaga, 17 avgust kuni 2025 PM nomli, diametri 50 metr bo‘lgan asteroid Yer yonidan uchib o‘tishi xabar qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u xavfli toifaga kiradi, biroq uning Yerga tushish ehtimoli juda past.


