Pekinda XXIV  qishki Olimpiya o’yinlari yakunlandi. Murakkab epidemiologik vaziyat bo’lishiga qaramay, Xitoy hukumati ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga muvaffaq bo’ldi, deya yozmoqdaO’zbekiston Milliy Olimpiya Qo’mitasi.

«Tashkiliy qo’mita mehmonlarning salomatligini maksimal darajada nazorat qildi va o’z oldiga qo’ygan maqsadga to’laligicha erisha oldi. Musobaqaga tashrif buyurgan mehmonlar bir necha kun davomida Xitoy xalqining mehmondo’stligi, mamlakatning zamonaviy sport inshootlari va eng toza ekologik qishki Olimpiadaga guvoh bo’lishdi»,-deyiladi qo’mita xabarida.

Qayd etilishicha, «Qush uyasi» stadionida o’tkazilgan tantanali yopilish marosimi ajoyib badiiy chiqishlarga boy bo’lgan. Marosimda so’zga chiqqan Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi prezidenti Tomas Bax ham ushbu o’yinlar insoniyat tarixidagi eng yorqin Olimpiadalardan biri bo’lib qolishini ta’kidlagani aytiladi.

An’anaga muvofiq, marosimda XOQ  bayrog’i kelgusi qishki Olimpiada mezboni Italiya davlatiga tantanali ravishda topshirilgan.

O’zbekiston Turizm va sport vazirligiga ko’ra, Norvegiya umumjamoa hisobida birinchi bo’ldi.

Eslatib o’tamiz, 2022 yilgi Olimpiya o’yinlarida O’zbekiston sharafini himoya qilgan Komiljon To’xtayev diskvalifikatsiya qilindi. Bunga sportchining marra chizig’iga yaqin joylashgan darvozadan o’tishda xatoga yo’l qo’ygani sabab bo’ldi.

olympic.uz