image0

Qonxo‘r vampirlar uzoq yillardan buyon kinofilmlar uchun qiziqarli va eskirmas mavzu bo‘lib keladi. Nima deb o‘ylaysiz, ushbu kino ssenariylar shunchaki uydirmami yoki bu gaplar ostida asos yotadimi? Ochig‘ini aytganda, bugungacha ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgan bir holat borki, unga ko‘ra, ba’zilar vampirlar borligiga ishonadi, boshqalar esa inkor etadi. Bugun aynan o‘sha voqea tafsilotlarini yoritishga qaror qildik. Maqolani o‘qir ekansiz, vaziyatning qanchalik jiddiy va asosli ekanini anglaysiz.

Paolening iddaolari

1700 yillar boshida Arnold Paole ismli sobiq askar yer olish niyatida Serbiyaning Meduegna qishlog‘iga ko‘chib o‘tadi. Boshqalar kabi g‘ariblikda kun kechira boshlagan Paole atrofidagilarga Meduegnaga kelishidan oldin vampirlar hujum qilganini aytadi. Unga ko‘ra, Paole vampirlar bilan urishib, o‘ldirishga erishgan va ulardan butunlay qutulish uchun vampirning qabri tuprog‘ini yeb, qonini o‘ziga surkab qutulgan.

1725 yilda Paole aravadan yiqilib, bo‘yni sinishi oqibatida vafot etadi. U dafn etilgach, taxminan uch haftadan so‘ng, dahshatga tushgan to‘rt nafar qishloq aholisi ularni poylab yurgan Paoleni ko‘rganini da’vo qiladi. Ko‘p o‘tmay, ushbu to‘rt kishi ham vafot etadi. Ammo hech qanday baxtsiz hodisa holati kuzatilmagan edi.

Shu onda qishloq ahli Paolening vampir tomonidan ta’qib qilingani va undan qanday qutulgani haqidagi so‘zlarini eslaydi. Muhokamadan so‘ng, vafotidan qirq kun o‘tgan Paolening qabri ochiladi. Odamlarni hayron qoldirgan holat shu ediki, jasad parchalanmagandi. Teri qurimagan, ko‘z, burun, og‘iz va quloqlaridan hali ham yangi qon oqayotgan edi. Qo‘l va oyoq tirnoqlari, soch va soqoli o‘sib ketgandi. Ko‘ylak, kafan va tobut ichini qon bosib ketgan edi.

Odamlar shu zahotiyoq Paolening gaplari rost bo‘lgan, vampirlarni o‘ldirayotgan mahalda esa kasallik unga ham yuqib qolgan degan fikrga keladi. Uni to‘liq o‘ldirish uchun yuragiga qoziq qoqiladi. Jarayonni kuzatib turganlar uning chinqirib yuborganini aytgan. Shundan so‘ng, uning jasadi yoqib yuboriladi. Keyingi qadamda “Paole qurbonlari”ga aylangan to‘rt kishining jasadi qazib olinib, ularga ham xuddi shunday munosabat qilinadi.

Hukumatning aralashuvi

Shu bilan Meduegnadagi vampir hodisasi nihoyasiga yetgandek ko‘ringan edi. Ammo besh yil o‘tib, 1731 yilda, atigi bir necha haftada 17 kishi betob bo‘lib, vafot etadi. Turli manbalarga ko‘ra, o‘lganlar orasida 10 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlar bor edi. Ular og‘riqli teshib kiruvchi his, ko‘krak og‘rig‘i, isitma va tanadagi noxush silkinishlardan shikoyat qilgan.

Stanoska ismli ayol kechasi qichqirib uyg‘onadi va bir necha hafta oldin sirli tarzda vafot etgan yigit uning yotoqxonasiga kelib, bo‘g‘ishga uringanini aytadi hamda ertasi kuni vafot etadi.

Qishloq aholisi bu haqda o‘sha paytda Serbiyaga hukmronlik qilgan Avstriya imperiyasining harbiy ma’muriyatiga xabar qiladi va imperatorlik ishni o‘rganish uchun epidemiya xavfi tufayli yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Gleyzerni jalb qiladi. U qishloqqa kelib, tergov o‘tkazadi, ammo hech qanday yuqumli kasallik alomatlarini topa olmaydi va barchasiga to‘yib ovqatlanmaslik sabab bo‘layotganini ma’lum qiladi.

Qishloq ahli esa bu tushuntirishni keskin rad etib, vampirlar bezovta qilayotganini aytadi va qishloqni tark etish bilan tahdid qiladi. Shundan so‘ng, Gleyzer ba’zi jasadlarni qazib olishga rozi bo‘ladi. Jasadlarning ayrimlari parchalanib ketgan bo‘lsa-da, boshqalari xuddi Arnold Paole kabi og‘iz atrofida qon bilan topiladi. Gleyzer bu haqda Belgraddagi Oliy Boshqaruvga xabar berib, vampirlarni yo‘q qilish kerakligini aytadi.

Bu voqealar haqida xabar Vena shahrigacha yetib boradi va imperator o‘lim holatlarini tekshirish uchun maxsus komissiya tayinlaydi. Harbiy jarroh Yohannes Flakinjer, ikki zobit va yana ikki harbiy shifokor Meduegnaga yuboriladi. Flakinjer kelganidan so‘ng, yana ikki kishi vafot etadi va qishloq aholisi avvalgi qurbonlar jasadini yana qazib oladi. Rasmiy hisobotda Flakinjer bu jasadlarning vampir holatida ekanini yozadi.

Flakinjer so‘nggi paytlarda vafot etganlarning hammasini qazib olishni buyuradi. Qazib olingan 40 ta jasaddan 17 tasi Arnold Paoleniki kabi holatda edi. Bu jasadlarning barchasining yuragiga qoziq sanchiladi va yoqib yuboriladi.

Shunday qilib, 1732 yilda Flakinjer voqea tafsilotlarining barchasini jamlab “Ko‘rilgan va aniqlangan” (Visum et Repertum) nomi bilan rasmiy hukumatga taqdim etadi. Bu hisobot Avstriya imperatoriga topshiriladi va butun Yevropada keng tarqalib, bestsellerga aylanadi.

Ruhoniylar aralashuvi

Katolik cherkovi esa jasadlarning kesilishi va yoqilishidan xavotirga tushib qolgandi. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, qiyomat kuni tirilishini kutayotgan nasroniy jasadlar buzilsa, jannatga kira olmaydi. Olmutz yeparxiyasi yepiskopi kardinal Shtatembrak so‘rovi bilan Katolik cherkovi vakili, rim-katolik arxiyepiskopi Juzeppe Davanzati bu ishga jalb qilinadi.

Davanzati uzoq vaqt vampirlar masalasini o‘rganadi va bu hodisa inson tasavvuri mahsuli, ehtimol, jinlarning ishi deb xulosa qiladi. U jasadlarni tinch qo‘yishga va vampir haqida gapirayotgan odamlarga esa ruhiy yordam berishga chaqiradi.

Bu orada, fransuz rohibi Antuan Augustin Kalmet vampirizm bo‘yicha o‘z qarashlarini bildiradi. U “Vengriya, Moraviya va Sileziyadagi ruh va vampirlar haqidagi risolalar” kitobida bu masalani jiddiy o‘rganish kerakligini, vampir jasadlari jinlar tomonidan harakatlantirilayotganini ilgari suradi.

Imperator aralashuvi

Avstriya imperatori Mariya Tereza bu da’volarni tekshirishga o‘z shaxsiy shifokori Gerard van Svitenni yuborganidagina mazkur bahs-munozaralar barham topdi. Van Sviten hech qanday vampir mavjud emasligini xulosa qildi. Shundan so‘ng, imperator qabrlarni ochish va jasadlarni buzishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi.

Umuman olganda, mazkur holatga o‘xshash g‘ayritabiiy vaziyatlar tarixda ko‘p bora sodir bo‘lgan. Masalan, “O‘lgunicha o‘ynagan va hushidan ketgunicha kulgan odamlar: ular nega bunday qilgan?” sarlavhali maqolada ham shunday hodisalar haqida so‘z boradi. Bu kabi ommaviy noodatiy va noinsoniy harakatlar sodir bo‘lgan barcha davr va joylarni umumlashtiruvchi bitta omil mavjud. U ham bo‘lsa – mamlakat boshdan kechirayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida vujudga kelgan ommaviy depressiya.