Toros tog’larining yarim oy shakli bilan o’ralgan, O’rta Yer dengizi va moviy osmon ranglarining mukammal qorishuvi, shuningdek, ayni paytda ko’ngilochar sayohat manzili deganda xayolga birinchilardan bo’lib keladigan ushbu marshrut – ya’ni Antaliya, tarix, madaniyat, tabiat, dengiz, hamda, quyoshni o’zida mujassam etgan ertaknamo shahardir.
Antaliya dunyodagi eng ko’p tashrif buyuriladigan shaharlardan biri va buning o’nlab sabablari mavjud. O’rta Yer dengizi sohilida g’arbdan sharqqa qarab cho’zilgan 640 kilometrlik qirg’oq chizig’i, shaharni qirg’oqqa parallel ravishda o’rab turgan Toros tog’lari bilan dengiz, qum va quyoshni sevuvchilar, hamda, tabiatda adashib qolishni istaganlar Antaliyada o’zlariga o’nlab maqbul variantlarni topishlari mumkin.
Shaharning eng g’arbiy qismining Teke yarim orolida, Qadimgi Likiya madaniyatining muhim markazlaridan biri bo’lgan Antik Patara shahri joylashgan. Sharqqa qarab harakatlanar ekansiz, Demre qo’ltig’ida so’lim tabiatni, har bir burchakda esa, qadimgi sivilizatsiya izlarini uchratishingiz mumkin. Kas – dunyodagi kam sonli suv ostiga sho’ng’ish markazlaridan biri sanaladi. Kemerda ko’plab hashamatli kurort mehmonxonalari va haybatli Tahtali tog’i joylashgan. Antaliya shahrining markazini tashkil etgan Kaleichi, Sharqiy O’rtaer dengizining eng muhim o’rta asr portlaridan biri bo’lgan qadimiy Attaelia shahrini, Saljuqiylar izlarini va tabiat mo»jizalarini birlashtiradi. Pamfiliya sivilizatsiyasining muhim port shahri bo’lgan Sankt-Polning asosiy to’xtash joylaridan biri bo’lgan Perge antik shahri, ajoyib tuzilmalari bilan ta’sirchan tarixiy markazga aylantirilgan.
Belek, maxsus loyihalashtirilgan maydonlari bilan dunyoning noyob golf markazlaridan biri sanaladi. Belek mintaqasida jahon standartlariga javob bera oladigan xizmatlar, tabiat va turli qulayliklarga ega yuqori darajadagi kurort mehmonxonalari ham mavjud. Bu yerdan bir oz shimolga yursangiz, dunyodagi eng yaxshi saqlanib qolgan qadimiy teatrlardan biri Aspendos antik teatriga borishingiz mumkin. Daryoga o’rmonlar orasidan sizib kelib, ko’piklardek ko’pirgancha qo’shilib ketadigan Manavgat sharsharasi va uning yonidagi dengiz sohilida joylashgan Apollon ibodatxonasi va Side qadimiy shahri, o’rganish uchun bir kun ham yetmaydigan madaniy boyliklarga ega. Qarag’ay o’rmonlari va sharsharalari bilan maftun qiluvchi Alaniya, O’rta Yer dengizigacha cho’zilgan tarixiy qal’asi bilan shaharning sharqida joylashgan.
Tog’lari
Taxtali tog’i
Taxtali tog’i Antaliya shahar markazining g’arbiy qismida, Kemer tumanidagi Beydag’lari milliy bog’i ichida joylashgan. Tog’ Kemer qirg’oq chizig’iga juda yaqin bo’lsada, tog’ning cho’qqisi 2365 metr balandlikda joylashgan.
Toros tog’lari
Toros tog’lari yoki oddiygina Toroslar, ko’plab Yevropa mamlakatlarini bosib o’tgan Alp tog’larining Onado’lidagi qisman davomidir. Toros tog’lari Turkiyada O’rta Yer dengizi sohiliga parallel ravishda Antaliyaning g’arbidan, ya’ni, Teke yarim orolidan boshlanib, butun Antaliyani dengizga parallel ravishda aylanib o’tadi va Suriya chegaralariga kirib davom etadi.
Ko’prikli kanyon milliy bog’i
Ko’prikli kanyon milliy bog’i Antaliya shahar markazidan 85 km shimoli-sharqda, Manavgat tumanidan 63 km shimoli-g’arbda, Ko’pruchay daryosi yoqasida joylashgan. Ushbu tabiiy hudud 1973 yilda Milliy bog’ sifatida ajratilgan va e’lon qilingan. Milliy bog’ning manba qiymatini tashkil etuvchi Ko’pruchay ta’sirida vujudga kelgan vodiy, Turkiyaning eng uzun kanyonlaridan biri bo’lib, uzunligi 14 km, devor balandligi esa, 100 metrdan ortiqdir.
Ko’prikli kanyon milliy bog’i o’zining tabiiy, tarixiy va madaniy boyliklari tufayli tashrif buyuruvchilarga ko’plab ko’ngilochar tadbirlarni taklif etadi. Ko’pruchay va uning atrofida kanoe (eshkakli qayiq)da sayr qilish va kanyonda bo’ylab sayohat qilish, shuningdek, rafting; suzish, piyoda sayr qilish, qoyaga ko’tarilish, mo’ljalga otish, velosport, baliq ovlash, yovvoyi tabiatni kuzatish, lager, fotografiya, piknik, jip safari va plato ekskursiyalari kabi o’nlab turli xildagi tadbirlarni amalga oshirishingiz mumkin. Shuningdek, siz Selge antik shahrini va bir qismi Milliy bog’da joylashgan Avliyo Pavel yo’lini marshrutingizga kiritishingiz mumkin.
Go’ynuk darasi
Antaliya shahar markazidan 36 km janubi-g’arbda, Kemerning shimolda joylashgan Go’ynuk darasi; o’zining so’lim tabiati, ko’m-ko’k daraxtlari, tabiiy sharsharalari va hovuzlari bilan deyarli yer yuzidagi jannatga aylangan. Ushbu dara dunyoga mashhur Likiya yo’lida joylashgan.
Kekova
Kekova, uzunligi 7,4 km, kengligi taxminan 500 metrga yetgan orol bo’lib, Uchog’iz (Teimiusa) va Kale (Simena) qishloqlari bo’ylab cho’zilgan. Eng baland cho’qqisi 188 metr bo’lgan orolni feruza dengiz o’rab olgan.
Kekova – so’nggi yillarda tobora ommalashib borayotgan orollardan sanaladi. Chayag’zi (Andriake) dan amalga oshiriladigan qayiq sayohatlari «Kekova sayohati» deb atala boshlandi. Bundan ham muhimi, orol atrofidagi arxeologik tabiiy himoya hududlariga “Kekova muhofaza hududi” nomi berilgan.
Kash – Antaliyaning g’arbiy qismida joylashgan, she’r va qo’shiqlar yoziladigan, dam olish va hordiq chiqarish uchun afzal sanalgan, tor ko’chalari va tabassumli odamlari bilan sizni o’ziga tortadigan «shinamgina» shaharcha so’zi bilan ta’riflashga loyiqdir.
Kash sizga o’nlab tadbirlarni va’da qiladi. Ulardan eng mashhuri Kashning kichik bandargohidan jo’naydigan qayiqlarga minib, moviy qo’ltiq bo’ylab sayohat qilishdir. Bundan tashqari, bu sokin qo’ltiqda Turkiya va Yevropada eng mashhur sho’ng’ish manzillari mavjud. Kanyon, Dimitri (Pamuk), Besmi oroli, Buyuk g’or va Limanag’zi Kashning eng taniqli va istiqbolli sho’ng’ish joylaridir.
Sohillari:
Konyaalti sohili
Turkiyaning eng mashhur sohillaridan biri bo’lgan Konyaalti sohili Antaliya shahar markazidan atigi sakkiz kilometr g’arbda, ya’ni shahar ichida joylashgan. Moviy bayroq sohibi va 7,5 km uzunlikdagi sohil Antaliyaning eng muhim tabiiylik siymolaridan biridir.
Kaputash sohili
Birinchi darajali tabiiy muhofaza qilinadigan hudud bo’lgan Kaputash sohili Kash-Kalkan avtomagistralida joylashgan. Kaputash – dengizga tutashgan vodiyning og’zida joylashgan sohildir. Oq qumlardan iborat ushbu sohil – ochiq havoda to’q ko’k, yaqinlashganda moviy, qirg’oqdan qaraganda esa feruza rang bo’lib tovlanadigan afsunkor dengiz hisoblanadi.
Chirali sohili
Kemer tumanidagi Chirali sohili janubiy tomondan Qadimgi Olimpos shahri, shimoli-g’arbidan esa Yanartash (Ximera) bilan o’ralgan. Chirali sohilining uzunligi 3,2 km va kengligi 10 dan 50 metrgacha. Sohil dengizdan yengil qiyalik bilan ko’tariladi va ikkala uchida qoyalar bilan chegaralanadi. Umuman olganda, u mayin qumlari bilan mashhur.
Patara sohili
Patara sohili Turkiyadagi ikkinchi eng uzun sohildir. Uning kengligi 280 metrdan 1500 metrgacha, umumiy uzunligi esa 14 kilometrni tashkil qiladi. Maxsus atrof-muhitni muhofaza qilish hududi deb e’lon qilingan Patara, shuningdek, Turkiyadagi Saretta Sarettas noyob toshbaqalarining ham ko’payishi uchun maqbul hudud sanaladi.
Injekum sohili
Injekum – Alaniyadagi Avsallar shaharchasidagi sohil bo’lib, u o’ziga xos qumi bilan mashhur. Mayingina sariq qumi va sayoz dengizi bu sohilni o’ziga xos qiladigan asosiy omillardir.
Lara sohili
Lara sohili Antaliya shahar markazidan 18 kilometr janubi-sharqda joylashgan. U sohil qumliklarining kengligi va nafis qumga egaligi bilan mashhurdir. Shuning uchun Lara sohili odamlar orasida Oltinqum sohili deb ham ataladi. Lara sohilining uzunligi ikki kilometr, kengligi esa o’rtacha 45 metr.
Damlatash va Kleopatra sohili
Damlatash va Kleopatra sohillari Alaniya qal’asining g’arbida joylashgan bo’lib, ikkala plyaj ham “Moviy bayroq” sohiblaridir. Damlatash sohili Damlatash g’orining ro’parasida joylashgan. Tarixdan Misr malikasi Kleopatra va Rim imperatori Antoniuslarning aynan bu yerda suzganlari bu yerning dong’ini yanada oshiradi va Kleopatra nomi bilan ham mashhurdir. Dengiz ko’zoynaklari bilan suzilsa, baliq va boshqa dengiz jonzotlarini ko’rish imkoniyati mavjud.