Xitoyning geologiya fanlari universiteti (Uxan) tadqiqotchilari Mars sayyorasida qadimda okean bo’lganini isbotlovchi dalil topdi, deb xabar beradi «Sinxua» agentligi.
Professor Syao Lun rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi Xitoyning Mars yuzasini tadqiq qilayotgan «Chjujun» apparati orqali olingan ma’lumotlarni o’rganib, ilk bor Mars yuzasida dengiz cho’kmalari mavjudligiga petrologik dalil topganini isbotladi.
Agentlikning ta’kidlashicha, tadqiqot davomida qadimda Marsda yirik miqdorda suyuqlik bo’lgani aniqlangan.
Yerdan turib amalga oshirilgan kuzatuvlar natijasida bundan 3,7 milliard yil burun Qizil sayyora yuzasida chuqurligi 140 metrlik okean suvlari mavjud bo’lgani aniqlangan. Ayrim olimlarning fikricha, suvlarning katta qismi koinotga bug’lanib ketmagan, aksincha Mars tuprog’ining tagida yashirinib yotgan bo’lishi mumkin.