Xitoyda elektr tokidan foydalanib sabzavotlarni tezroq va kuchliroq o’sishga «majbur qilishmoqda».
«Olimlar kashfiyotni qo’llab-quvvatlashmoqda. Chunki dunyoda yirik sanalgan tadqiqot natijalari meva va sabzavotlar kimyoviy pestitsid va o’g’itlarsiz yetishtirilishi mumkinligini tasdiqlamoqda». Bu haqda Kun.uz nashri South China Morning Post ma’lumotiga asoslanib xabar bermoqda.
Xitoylik sabzavot yetishtiruvchilarida uch asrdan beri olimlarni o’ylantirgan savolga javob mavjud: Elektr quvvati o’simliklar o’sishiga yordam bera oladimi?
Bu savolga javob topish uchun Xitoy dunyodagi eng yirik tajribalardan birini o’tkazdi. Mamlakat bo’ylab, Sinszyandan tortib Tinch okeanining sohil bo’yi hududlarigacha maydoni 3 600 gektardan ortiq issiqxona xo’jaliklari Xitoy hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan «elektromadaniyat» dasturida ishtirok etmoqda.
Yaqinda Xitoy qishloq xo’jaligi fanlari akademiyasi va hukumatga qarashli tadqiqot institutlari turli iqlim, tuproq sharoitlari va yetishtirish usullariga ega hududlarda o’tkazilgan 30 yillik tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Natijalar katta yutuq sifatida qabul qilinyapti. Ushbu texnologiya sabzavotlar yetishtirishni 20-30 foizga oshirdi. Pestitsidlardan foydalanish 70-100 foizga kamaydi. O’g’itlar iste’moli ham 20 foizdan ortiq ko’rsatkichga pasaygan. Sabzavotlar yer sathidan uch metr balandlikka o’rnatilgan va issiqxona tomining u burchagidan bu burchagigacha cho’zilgan mis simlar tagida o’smoqda. Simlar tezkor musbat zaryadlarni 50 ming voltgacha generatsiya qila oladi.
Yuqori chastotali elektr toki havo va tuproq orqali o’tadigan bakteriya va viruslarni o’ldiradi. U bug’lanishni tezlashtirib, suvlarning barglarda uzoq vaqt turib qolishini ham bartaraf etadi.
Qishloq xo’jaligi bo’yicha ilmiy xodim va loyihaning yetakchi a’zosi professor Lyu Binszyanning aytishicha, simlar orqali o’tuvchi elektr toki hajm bo’yicha smartfon ishlash kuchining bir necha milliondan bir ulushini tashkil qiladi.
«Bu o’simliklar va yaqin masofada turgan odamlarga umuman zarar qilmaydi», – degan u.
Tadqiqotning ijobiy natijalariga ko’ra, elektrlashtirilgan fermalar maydoni Xitoyda juda tez kengaymoqda. Lyuning so’zlariga ko’ra, yiliga 1000 gektardan 1300 gektargacha.
Bu esa yaqin 12 oy ichida yerga elektrmadaniy ishlov berishda 40 foizli o’sishga erishish mumkin.
«So’nggi investitsiyalar xususiy sektordan tushmoqda. Biznes rivojlanmoqda. Biz texnologiya va qurilmalarni Niderlandiya, AQSh, Avstraliya va Malayziya kabi boshqa mamlakatlarga ham yetkazmoqdamiz. Xitoy butun dunyodan bir qadam oldinda», – deydi Lyu.
Xitoy yetakchi pozitsiyani egallamoqda
Elektromadaniyatga bo’lgan qiziqish yerga organik ishlov berish o’sishi bilan paydo bo’ldi. Xitoy hukumati bu boradagi tajribalarni 1990 yilda moliyalashtirishni boshladi.
Pekindagi sabzavotlar yetishtiruvchi yirik Yufa Jingnan Vegetable Production and Sales kompaniyasi katta texnigi On Fen kompaniya 2014 yilda dasturda ishtirok etgani va natija «juda qoniqarli» bo’lganini aytib o’tgan.
Ikki yil ichida elektr quvvati natijasida yetishtirilgan sabzavotlar 1,2 mln yuan (175 ming dollar) qo’shimcha daromad keltirdi.
Bir gektar elektrlashtirilgan issiqxona uchun kuniga15 kilovat-soatga yaqin elektr energiyasi talab etiladi, bu esa o’rtacha amerikalik oilaning bir kunda ishlatadigan elektr quvvatining yarmidir.
Bunday issiqxonalarda yozgi yomg’ir hidini his etish mumkin. Namlik past darajada va o’simliklar ham kam kasallanadi.
Mutaxassisning so’zlariga ko’ra, qurilmani o’rnatish narxi eng murakkab jihat sanaladi. U o’n minglab yuanga teng. Davlat ko’magisiz kompaniya barcha issiqxonalarini ana shu dasturga ulash imkoniga ega bo’lmasdi.
«Elektr quvvati ham suv va havo kabi atrof-muhitning bir qismi», – deydi loyihada ishtirok etgan yana bir mutaxassis Go.
«O’simliklarda ionlashtirilgan ko’plab qismlar musbat va manfiy zaryadlarga ega. Ular yaqin masofada joylashgan sun’iy elektr tokiga reaksiya qilishi mumkin», – degan u.
Xitoyda yiliga 1 trillion yuanlik sabzavot yetishtirayotgan maydoni 4 million gektardan ortiq issiqxonalar mavjud.
Professor Lyuning jamoasi boshqacha yondashuvga amal qilmoqda va sabzavotlarni yetishtirish uchun elektromadaniy texnologiyani qo’llaydigan yagona ixcham kamera loyihasini ishlab chiqmoqda.
«Har bir oila o’ziga kerakli mahsulotni ayvonchasi yoki hovlisida yetishtira oladi», – deydi u.
Kamera yorug’lik va elektr maydonining sun’iy manbaidan foydalanib, o’simliklar o’stiradi va kasalliklar oldini oladi. Ekspluatatsiya avtomatik tarzda parvarish va xizmat ko’rsatishsiz amalga oshiriladi.
«Kun kelib mitti kameralar yirik fermer xo’jaliklarining muqobil shakliga aylanadi. Bu esa yana bir qishloq xo’jaligi sohasidagi kashfiyotni amalga oshirgan bo’lar edi», – deydi Lyu.