Arxeologlar Saqqara shahrida Misr piramidalari yaqinidagi qadimiy nekropolda joylashgan qabr ichidagi haykallar ustida ishlashmoqda.
Mahalliy arxeologlarning xabar berishicha, Qohiraning janubidagi yettita qadimgi qabrdan mushuklarning o’nlab mo’miyolari va mo’miyolangan skarabey qo’ng’izlarining noyob kolleksiyasi topilgan.
Jamoa Saqqara nekropolidagi izlanishlari mobaynida muhrlangan holatda saqlanadigan boshqa qabrning eshigiga ham borib ko’rgan.
Misrning qadimgi oliy kengashi bosh kotibi Mustafo Vaziriyning aytishicha, buzilmaydigan eshik ichkaridagi narsalarga teginilmaganligidan darak beradi. Mutaxassislar kelgusi hafta eshikni ochishni rejalashtirmoqda.
Giza piramidasi qurilganidan ko’p vaqt o’tmay qurib bitkazilgan qabr miloddan avvalgi 2500 yildan 2350 yilgacha hukmronlik qilgan Qadimgi podsholikning V sulolasi davrida qurilgan deya taxmin qilinmoqda.
Saqqara Qadimgi Misr poytaxti — Memfis uchun ikki ming yildan ziyod vaqt mobaynida nekropol vazifasini bajargan.
O’tgan olti oy mobaynida manzilgohda ishlagan arxeologlar u yerdan ko’plab mo’miyolangan hayvon va qushlarni, yog’och haykallarini o’z ichiga olgan yangi moddiy manbalarni topishgan.
Qabristondan aniqlangan kolleksiyada mushuk boshli ma’buda — Bastetni aks ettirgan tasvirlar keng tarqalgan.
Guruh a’zolari bo’yalgan yog’och kobra va timsoh jasadini, hayvonlarni tasvirlaydigan oltin haykallar to’plamini, shuningdek, tulkilar, turfa idishlar, yozuv uskunalari va papirus savatlari kabi narsalarni topishga muvaffaq bo’lishdi.
Qadimgi Misrda odamlar keyingi hayotlarida tanalarini saqlab qolish uchun mo’miyolangan. Hayvonlar, masalan, skarabeylar mo’miyolanishi diniy tasavvurlar bilan bog’liq bo’lgan.
«(Mo’miyolangan) skarabey chindan ham noyob topilma. U haqiqatan ham kamyob narsa, — deydi Vaziriy. — Bir necha kun ilgari biz o’sha tobutni topib olganimizda, ular skarabey tasviri bilan muhrlangan edi».
Shuningdek, skarabeylar qadimgi Misrda quyosh xudosi Kepri bilan bog’liq diniy marosimlarda ahamiyatga ega bo’lgan.
Vaziriyning aytishicha, bu kashfiyotlar tog’da ko’milgan va faqatgina qisman ochib ko’rilgan qabrlarda yotgan edi, u yerda yana ko’plab shunga o’xshash kashfiyotlar qilish mumkin.
2013 yilda qazishma ishlari to’xtatilgan edi. Shu yilning boshida esa qayta ish boshlandi.
So’nggi yillarda 2011 yildagi prezident Husni Muborak hokimiyatdan ketishiga sabab bo’lgan “arab bahori” voqealaridan beri hali ham tiklanmagan turizm sektorini qayta tiklash uchun harakat qilayotgan Misr yangi tarixiy kashfiyotlarni ko’paytirishga urinmoqda.