Angliyaning Staffordshir grafligi Stok-on-Trent shahrida yashovchi ayol homiladorligidan xabar topganidan so’ng to’rt soat o’tib sog’lom qizchani dunyoga keltirdi.
28 yoshli Daniell Adams shifokorga qornidagi og’riqlardan shikoyat qilib murojaat etdi. U og’riq sababi qabziyat, appenditsit yoki buyrak toshlari bo’lishi mumkin deb taxmin qildi. Ammo ultratovushli tekshiruv uning 9 oylik homilasi borligini ko’rsatdi va ayolni boshqa kasalxonaga yo’naltirishdi.
Homiladorligini bilgan Adams yig’lab yubordi, chunki o’z ginekologining so’zlari tufayli o’zini bepusht hisoblardi. Tekshiruvdan so’ng to’rt soat o’tib unda zudlik bilan kesarcha kesish jarrohlik amalini o’tkazishdi – ayol sog’lom qizaloqni dunyoga keltirdi. “Bu dunyodagi eng yaxshi tuyg’u edi, u bizni oilaga aylantirdi. U hayotimizni tutashtirdi”, – deydi Adams sevgan insoni bilan turmushini nazarda tutarkan.
Qizi tug’ilgandan so’ng Adams kasalxonada to’rt kun yotdi.
Bundan avval Angliyaning Uest-Yorkshir grafligi Galifaks shahrida yashovchi ayol tez yordam mashinasida ko’zi yoriyotganda beshinchi bolasiga homiladorligini bilgani xabar qilingandi. Beldagi og’riq tufayli chaqirilgan tez yordam shifokorlari unda appenditsit borligini taxmin qilishgandi, ammo ayol mashinada ketayotganda tug’ayotganini sezib qoldi.
SEVINCh tayyorladi.