Niderlandiyaning Elysian startapi to’liq elektr vositasida harakatlanuvchi tizimga ega ko’p o’rindiqli samolyotni ishlab chiqish uchun Panta Holdings kompaniyasidan 10 million dollar sarmoya oldi.
Hozircha bu faqat loyiha bo’lib, uning imkoniyatlari nazariy hisob-kitoblar bilan tasdiqlangan. Biroq, loyiha mualliflari 2033 yilgacha ishlaydigan prototipni yaratishga qodirligiga ishonchlari komil.
Elysian ishlab chiquvchilari fikriga ko’ra, ularning transport vositasidagi 360 Vt⋅s /kg sig’imli akkumulyatorlar bir marta quvvatlantirilgach, 800 kilometr masofani bosib o’ta oladi. Bugungi kunda 500 Vt⋅s /kg quvvatga ega versiyalar allaqachon mavjud bo’lib, ular masofani 1000 kilometrga oshiradi, shundan so’ng samolyot dunyodagi barcha tijorat reyslarining qariyb yarmiga xizmat ko’rsatishga davogar bo’la oladi. Bu ilm-fan sohasida inqilob bo’lishi va elektr texnologiyasi juda og’ir va uchish uchun noqulay degan qarashlarga chek qo’yishi kerak.
Tuzilishiga ko’ra, Elysian samolyoti o’tgan asrning o’rtalarida energiya samaradorligi pastligi bilan ajralib turadigan tor korpusli samolyotlarni eslatadi. Uning uzun va uchi egri keng qanotlari bor, batareyalar va shassilar qanotlar ichida joylashgan bo’lib, bu samolyot korpusining og’irligini 15 foizga tejaydi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday samolyotni ishlab chiqish uchun 10 million dollar yetarli emas, buning uchun milliardlab dollar va yillar kerak bo’ladi.
Elysian uchun asosiy muammo – zamonaviy aeroportlarda bunday hajmdagi batareyalarni tezda quvvatlantirish uchun infratuzilma hamda ularga texnik xizmat ko’rsatish xizmatining yo’qligi. Shuningdek, samolyotga og’ir yukni ko’tarishga, uzoq muddat davomida harakatlanishga, sovuq ob-havo sharoitiga bardosh bera oladigan maxsus batareyalar kerak bo’ladi, deb xabar beradi techcult.ru.