Ko’pchilikning bolaligi multfilmlarsiz o’tmagan. Hammaning o’z qadrli multfilmlari bo’lgan. Erta tongda maktabga ketish oldidan televizordan beradigan multfilmni ko’rmasdan ketmagan bola bo’lmasa kerak. Ana shunday qadrdon multfilmlardan biri «Tom va Jerri» multserialidir. 1940 yilning fevral oyida qaroqchi sichqoncha va posbon mushuk sarguzashtlari ilk bor ekran yuzini ko’rgan edi.
Bolalikning «haqiqiy qahramonlari»
«Tom va Jerri» — mushukcha Tom va sichqon Jerri bosh rollarda bo’lgan Amerika multseriali. Ushbu multfilmning ilk qismlari boshqa — Puss Gets The Boots nomi bilan efirga berilgan. Birinchi qismlarda qahramonlarning ham ismi boshqacha bo’lgan. Tom — Jasper, Jerri — Jinks. Ko’pchilikning bolaligini yodga soluvchi ushbu multserialning «otalari» multplikator Uilyam Hanna va Jozef Barbera hisoblanadi. Multfilmning boshlanishidagi sherni ko’pchilik eslasa kerak. U mana shu multserial yaratilgan mashhur Metro Goldwyn Mayer kinostudiyasining «yuzi» sanaladi.
Foto: Yandex
Dastlab multfilm 1940—1958 yillar davomida Metro Goldwyn Mayer studiyasida yaratilgan. Bu davr davomida ishlangan qismlarga Fred Kuimbi prodyuserlik qilgan. Bolaligimizga hamroh bo’lgan multserialning kichik musiqalarini Skott Bredli yaratgan.
Tom — deyarli hayotdan olingan obraz. Chunki mushukning harakatlari va mimikalarini Irvin Spens ismli rassom o’zining oynadagi aksiga qarab chizgan. Jerri esa Kennet Myus tomonidan chizilgan.
«Tom va Jerri» 1958 yilda «chet elga borib kelgan». Bu yilda multfilmning mualliflik huquqlari Chexoslavakiyaga sotilgan, lekin 5 yil o’tib yana Gollivudga qaytgan. Ammo boshqa studiyaga. Multfilmning qolgan qismlari bilan o’sha paytdan boshlab Sib-Tower 12 Productions by Chuck Jones kinostudiyasi shug’ullangan.
Birinchi qismda boshqa ismlar bilan chiqqan mushuk va sichqon ikkinchi qismdan boshlab biz uchun qadrdon Tom va Jerriga aylanishdi.
Foto: Yandex
Tom va Jerri olib chiqqan asosiy g’oya
Yoshligimizning asosiy qahramonlariga aylangan Tom va Jerri multfilmda nafaqat sichqonni tutish, unga ozor yetkazish qiyinligi yoki jazosiz qolmasligini, balki zamonaviy jamiyatning aktual muammolarini ham ochib berishga harakat qilgan. Multfilm ijodkorlari yosh amerikaliklarni murakkab va katta hayotga tayyorlashni ham maqsad qilgan. Multfilmda shafqat, hamdardlik, rahmdillik, sodiqlik, do’stlik, o’zaro yordam, tashqi tahdid, umidsiz vaziyatdan chiqish yo’llari va boshqa kichik, ammo esda qolarli tushunchalar ochib berilgan. Shuningdek, muhabbat, u uchun kurash, raqobatga va sport, klassik musiqa hamda dunyoga bo’lgan tushunchalarni shakllantirishga xizmat qilgan.
Foto: Yandex
«Katta shaharlarda ham kichik ko’ngilsizliklar bo’lib turadi». Multserialdagi sirli uy bekasi esingizdami? Ha, u aslida inson emas, hayvon qilib tasvirlangan xuddi boshqa qahramonlar kabi. Tomning uy bekasi 1940-50 yillarda qora tanli qilib tasvirlangan. Aynan shuning uchun multfilm irqiy kamsitishda ayblangan va unga ko’plab tanqidlar yog’dirilgan. Shu sababli Hanna va Barbera bekani oq tanli ayolga almashtirishga majbur bo’ladi. O’sha paytlarda ham AQShning ichki qonunlarida irqiy kamsitishga qarshi kurashilgan. Tanqidlar olib kelgan personaj ko’p o’tmay umuman ko’rinish bermay qo’yadi. U shunchaki odamlarga qiziq bo’lmay qolgan.
Ikki qahramon hayvon — Tom va Jerri insoniy xislatlar bilan boyitilgan: o’qish, sevish, o’yin o’ynash, o’t yoqish, musiqa chalish, kuylash va boshqa ko’plab ishlar qila olishadi.
Multserialning asosiy jihati shundaki, unda hech qaysi qahramon gapirmaydi. Barcha g’oya harakatlar, emotsiya va mimikalar orqali yetkaziladi.
«Oskar»
Multserialning eng yaxshi yillari sifatida 1940-58 yillar tan olinadi. Aynan shu yillar davomida u 7 marta «Oskar»ga loyiq ko’rilgan. «Tom va Jerri» birinchi «Oskar»ini vatanparvarlik uchun qabul qilgan. «Jangchi sichqon» qismining yakunida osmonga ko’tarilgan raketa portlaganida Amerika bayrog’ini hosil qiladi.
Foto: Yandex
Uilyam Hanna va Jozef Barbera
«Tom va Jerri» yana 6 marta 1944-, 1945-, 1946-, 1948- va 1951 yillarda ushbu nominatsiyaga loyiq ko’rilgan.
Bundan tashqari, multfilmning yana bir necha qismlari «Oskar» nominatsiyasiga da’vogarlar ro’yxatiga qo’shilgan, ammo ular yuta olmagan.
Uilyam Hanna va Jozef Barbera tomonidan yaratilgan multfilm shunchaki oddiy multserial sifatida emas, balki shedevr darajasidagi multiplikatsion film sifatida tarixda qoldi. «Tom va Jerri» brend darajasiga ko’tarildi.
2001 yilda «Tom va Jerri»ning «otalaridan» biri — Uilyam Hanna vafot etdi, 2006 yilga kelib Jozef Barbera ham bu dunyoni tark etgan. Mualliflari vafot etgan bo’lsa ham shedevr darajasidagi ushbu film ko’pchilik bolaligining va tarixning bir qismi sifatida qoldi.