Dunyoga mashhur ichimlik bo’lgan turk qahvasi Turkiya madaniyatida muhim o’rin tutadi. Ichimlikning ahamiyati shu qadar yuqoriki, 2013 yilda YuNESKO 5 dekabrni “Butunjahon turk qahvasi kuni” sifatida belgilagan. Keling, bu kunni issiq, ko’pikli turk qahvasi hamrohligida nishonlaymiz!
Turk qahvasi an’anaviy turk madaniyatida alohida o’rin tutadi. Qahvaning puxta pishirish texnikasi, xushbo’y hidi, o’ziga xos ko’pikli yuzasi va taqdimoti turk mehmondo’stligi va hamrohligining bebaho unsurdir. Turk qahvasi uchun “Qahva qirq yillik unutilmas onlar taqdim etadi” iborasi bu ichimlikning Turkiyadagi kundalik hayotda va do’stlikda ajralmas o’rni borligidan dalolatdir.
Turk qahvasi o’zining xushbo’y hidi va nafis ko’pigi hamda dasturxonga zamonaviy tortiq qilish usullari bilan qahva ishtiyoqmandlarini o’ziga rom etadi. Ko’ngil ochuvchi va quvvat beruvchi xususiyatlari bilan ham mashhur bo’lgan turk qahvasi o’ziga xos ta’mi va an’anaviy ahamiyati tufayli 2013 yilda YuNESKOning “Nomoddiy madaniy meroslar ro’yxati”ga kiritilgan. Turk qahvasi YuNESKO ro’yxatiga kiritilgan sana bo’lgan 5 dekabr “Butunjahon turk qahvasi kuni” sifatida nishonlanadi.
Noyob lazzat va ko’p asrlik pishirish texnikasi
Qahva Turkiyaga ilk bor Yaman orqali Usmoniy Turklar Imperiyasi sultoni Sulaymon (1520-1566) davrida kirib kelgan. XVI asr o’rtalarida Istanbulda jamoat qahvaxonalari ochila boshlandi va mashhurligi tobora ortib borgan bu ichimlik keng ommaga tanitildi. Turk qahvasidan lazzatlanish ushbu mintaqada va undan tashqarida keng tarqalgach, savdogarlar qahva danaklarini chegaralar osha savdo qila boshladilar. Shunday qilib, o’zining kuchli ta’mi va jozibali marosimi bilan mashhur turk qahvasi Yevropadagi qahvaxonalarning sevimli ichimligiga aylandi.
Turk qahvasini boshqa qahva turlaridan ajratib turadigan eng muhim xususiyat bu uni maydalashning nozik jarayon ekanligidadir. Avval qahva danaklari kukunga aylantiriladi, keyin qaynoq suvda sekin pishiriladi va eng oxirida dasturxonga tortiq qilinadi. Bu usul finjonning tubiga cho’kkan kukun qatlamiga olib keladi. Bundan tashqari, uni tayyorlash usulining o’ziga xosligi turk qahvasini boshqa turdagi qahva ichimliklaridan ajratib turadi; Yevropa qahvasidan farqli o’laroq, turk qahvasini tayyorlash usuli bizgacha asrlar davomida o’zgarmasdan yetib kelgan.
Turk qahvasining yana bir o’ziga xos jihati uning taqdimotida, ya’ni dasturxonga tortilishidadir. Turk qahvasi kichik finjonlarda, bir stakan suv va bir parcha turk luqumi bilan birga beriladi. Suv tomoqni «xo’llab», qahva ta’miga urg’u berishingizni, luqum esa “tilingizni shirin qilishingizni” ta’minlaydi.
Turk qahvasi – ijtimoiy hayot va an’analarning ajralmas qismidir
Turk qahvasi Turkiyada ijtimoiy ahillik va madaniyatning asosiy unsuri hisoblanadi. Misol uchun, qahva har doim ovqatdan keyin beriladi. Shuningdek, qahva do’stlar bilan suhbatning ajralmas qismidir: uyga mehmon tashrif buyurganda, uy egasi mehmonlardan birinchi navbatda “qahva ichishni xohlaysizmi?”, deb so’raydi. Kelinning qo’lini so’rash uchun bo’lajak kuyov kelinning uyiga tashrif buyurganida, bo’lajak kelin sovchi va uning oilasi uchun turk qahvasini tayyorlaydi. Afsonaga ko’ra, agar nomzod kelin o’z da’vogariga turmushga chiqishni istamasa, qahvada shakar o’rniga tuz ishlatib, maqsadini oshkor etadi.
Shuningdek, “Qahva folbinligi” deb nomlanuvchi maydalangan qahvani talqin qilish an’anasi ham bor: Qahva ichgandan so’ng, finjon likopchaga teskari qo’yiladi va qahva qoldiqlaridan hosil bo’lgan shakllar talqin qilinadi. Ushbu go’zal va hayoliy an’ana ham turk madaniyatining ajoyib qismi sanaladi.
Turk qahvasi doimo o’ziga xos voqe’liklarga boy va biz bu ko’pikli, xushbo’y ichimlikning bayramini 5 dekabr, “Butunjahon turk qahvasi kuni”da nishonlashdan bag’oyatda xursandmiz!