image0

2024 yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar rekord ko‘rsatkiyaga – 2,7 trillion dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga ko‘p degani va sovuq urush tugaganidan beri eng keskin o‘sish sifatida qayd etildi. Bu haqda Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) hisobotida so‘z boradi.

Institut ma’lumotiga ko‘ra, mudofaa xarajatlarining oshishi ketma-ket o‘ninchi yil kuzatilmoqda. Eng katta o‘sish Yevropa va Yaqin Sharqda ro‘y bergan va bu to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainadagi urush va G‘azo sektoridagi mojarolar oqibati. Xususan, Germaniyada harbiy xarajatlar sezilarli darajada oshib, 88,5 milliard dollarni tashkil etdi – bu 2023 yilga nisbatan 28 foiz ko‘proq. Endilikda Germaniya harbiy byudjeti hajmi bo‘yicha AQSH, Xitoy va Rossiyadan keyin dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallamoqda.

Ukraina va Rossiyada ham rekord darajadagi mudofaa xarajatlari qayd etilgan. Jumladan, Ukraina o‘tgan yili yalpi ichki mahsulotining 34 foizini mudofaa uchun ajratgan. Taqqoslash uchun – Germaniya bu maqsadga YAIMning taxminan 2 foizini sarflagan.

Rossiya harbiy xarajatlarini 38 foizga oshirib, 149 milliard dollarga yetkazgan. Bu uning yalpi ichki mahsulotining 7,1 foizini tashkil etadi. Xitoy ham harbiy xarajatlarini 7 foizga oshirib, 314 milliard dollarga yetkazgan va shu tariqa 30 yildan beri davom etayotgan o‘sish tendensiyasini davom ettirgan.

AQSH esa harbiy xarajatlar bo‘yicha yetakchiligini saqlab qoldi – uning mudofaa byudjeti 997 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu global harbiy xarajatlarning 37 foiziga teng degani.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yilda dunyoning eng yirik 100 ta qurol ishlab chiqaruvchisi 632 milliard dollar ishlab topgani xabar qilingandi. Qurol savdosidan tushgan daromadlarning o‘sishi butun dunyoda kuzatilgan, ayniqsa Rossiya va Yaqin Sharq kompaniyalari orasida yuqori bo‘lgan. Ushbu sanoatdagi 100 ta yirik global kompaniyalarning qurol sotishidan tushgan umumiy daromadi 2022 yilda pasaygan, ammo 2023 yilda keskin oshib, 632 milliard dollarga yetgan. Bu esa bundan ikki yil oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 4,2 foizga ko‘p.