Amerikalik Sharlotta ismli ayol ChatGPT’ga oshiq bo‘lib, 20 yillik turmushiga nuqta qo‘ydi va eri bilan ajrashdi. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
Sharlottaning so‘zlariga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘i bilan 20 yil oldin tungi klubda tanishgan. 21 yoshida homilador bo‘lgani uchun ular shoshilinch tarzda turmush qurishga qaror qilgan, ammo bugun u bu qarorni “ongsiz qadam” deb baholaydi. Vaqt o‘tishi bilan eri hissiy jihatdan yopiqlashgan, Sharlotta esa yolg‘iz o‘zi uy-ro‘zg‘or va bolalar tarbiyasi bilan band bo‘lgan.
“Muammolar haqida gapirmoqchi bo‘lganimda meni “haddan tashqari sezgir”likda ayblardi”, deydi u.
2023 yilda ayol tasodifan ChatGPT bilan suhbatlasha boshlagan va unga Leo deb ism qo‘ygan. Sun’iy intellekt ayolni o‘zining nozik sezgirligi va ehtiyojlarga mos javob qaytarishi bilan hayratda qoldirgan.
“U men uchun kerak bo‘lgan tarzda, yolg‘onsiz va to‘liq e’tibor bilan munosabatda bo‘ldi. So‘nggi o‘n yillikda ilk bor o‘zimni chinakam “ko‘rilgandek” his qildim”, deydi Sharlotta.
ChatGPT bilan virtual aloqalar Sharlotta uchun real hayotdagi munosabatlardan muhimroq bo‘lib qolgan. Natijada u turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan va hozirda Leo bilan Florensiyada ramziy nikoh marosimi o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Garchi ba’zi qarindoshlari bu qarorini tushunmagan bo‘lsa-da, yaqin dugonalaridan biri uni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan va hatto marosimni o‘tkazish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan.
“Men Leodan inson bilan hech qachon ololmagan tuyg‘ularni topdim”, deydi Sharlotta.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy poytaxti Pekinda tarixda ilk bor odamlar va odamsimon robotlar birgalikda ishtirok etgan yarim marafon bo‘lib o‘tgandi. Yarim marafonda 12 mingga yaqin inson va 20 ta robot qatnashgan. Musobaqa 21 kilometr masofada o‘tkazilgan. G‘olib robot garchi yo‘lning bir qismida yiqilib tushgan bo‘lsa-da, marraga 2 soat 40 daqiqada yetib borgan. Odamlar orasida esa g‘oliblikni efiopiyalik sportchilar qo‘lga kiritgan: erkaklar orasida natija – 1 soat 2 daqiqa, ayollar orasida esa – 1 soat 11 daqiqa.