“Koinot go‘zali 2024” (Miss Universe 2024)ning daniyalik g‘olibasi rasizmni targ‘ib qiluvchi so‘zlarni kuylab, o‘zining TikTok sahifasiga joylagani uchun odamlar undan tojni qaytarib olishni talab qilmoqda. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, daniyalik model Viktoriya Ker Teylvig Nyu-Yorkdagi “Empire State Building” tepasida suratga olgan 20 soniyalik TikTok videosida Jay-Z’ning “Empire State of Mind” qo‘shig‘ini kuylagan. U qo‘shiqda mavjud bo‘lgan rasizmni targ‘ib qiluvchi haqoratomuz so‘zlarni kuylagan.
Bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Ba’zi foydalanuvchilar Viktoriyaning unvonini qaytarib olishni talab qilmoqda. Ammo mazkur masala bo‘yicha koinot go‘zali yoki tashkilot rasmiy izoh bermadi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 16 noyabr kuni Meksika shahrida “Miss Universe” tanlovining 73-soni o‘tkazildi. Tanlovning final bosqichida 21 yoshli daniyalik Viktoriya Ker Teylvig Miss Nigeriyani mag‘lub yetib, chempionlikni qo‘lga kiritgan birinchi daniyalik ayol bo‘ldi.
Nashrga ko‘ra, bu yilgi tanlovda ilk marotaba Belarus, Eritreya, Gvineya, Makao, Maldiv orollari, Moldova va O‘zbekiston kabi mamlakatlar ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Miss Planet 2024” g‘oliblari e’lon qilingandi.