* * *
«Pamit»ingiz pand bervotgan bo’lsa, yangitdan o’zimni tanishtiriy. Men qoraqamishlik Qarg’aboy akangiz bo’laman. Maynaxonga uylanib Sibirga opketuvdim. Esladingizmi? Barakalla, o’zimizdanakansiz!
Endi-i, oka, «Toshkanning tarig’ini yegan qarg’a Makkatillodan qaytib keladi», degan gapni menga gapirib yurmang, iltimos! Birinchidan, men hayotda tariq yemiyman. «Egzatichiski» ovqatga o’rgangan boyvachchalardan sira kam yerim yo’q. Ikkinchidan men Qoraqamishning bolasiman. «Prapiska» sho’tta. Ha, mayli, tushungan odamakansiz-ku, hammasini bilasiz… Nima? Maynaxon ko’rinmaydi deysizmi?.. Shundog’am dog’lanib, qovrilib turgan dardimga paxta yog’i sepdingiz-da, brat! «Inastranka»larning vafosi yo’g’akan. Keyin-chi, undaylar g’irt molparast, davlatparast bo’larkan. Bilmadim… Afgankalar shunaqa bo’ladi shekilli. Nega desangiz, boshqa inastrankalarniyam ko’rganmiz. Ammo bunaqasi bo’lmagandi. Ishonasizmi, ota-onamga tanishtiray, qarib qolishdi, o’ttiz-qirq yil o’shalarning xizmatini qilar desam, vaabщe bo’lmaydiganidanakan-ku bu afgankalar. O’zi yosh ko’ringanminan arganizm tamom bo’lganakan. Nari borsa, maynaxonlar o’n yil yasharkan. Bizniki esa to’qqiz yil yashab qo’ygan chiqdi. Bunisigayam ko’z yumdim. Otam Qarg’a Moiseevich yelkamga qoqib tushuntirdi. Ammo inastrankam molparastligini ko’rsatib tozza sharmanda qildi qarg’ani. Ketayotganimizda lof bo’lmasa qirqtacha qarindoshi bizga ilakishgandi. Ha endi… Qaynsingillar-da hammasi!.. Hammasi kelinnikiga otlanibdi. Chidadim. G’ala-g’ovurigayam, bir-birini qarg’ab, tishlab tashlashlarigayam bardosh qildim. Sibirdayam rosa oshna-og’aynilarning oldida sharmandamni chiqarishdi. Suyuqoyoqmi bu mayna xalqi bilmadim-u, uch yuzga yaqinlab qolgan otaxonlargayam ko’z suzib, sayrashgisi kelib, jilpangalyverib xit qildi qaynsingillar. Ha endi… Menam ko’chada yurgan bolaman. To’dadagi oqsoqollar «Kimlarni boshlab kelding? Shu maynadan bo’lak xotin qurib ketganmidi?», deyaverib izza qilishdi. «Otaxonlar, ko’ngil ekan-da, nima qilay? Shu Maynaxonni ko’rdim-u, qag’illashniyam unutib telbanamo bo’p qoldim» deb zo’rg’a qutulovdim. Maynaxonning oxirgi qilig’i oshib tushdi. Shu qilig’ini deb otam Qarg’a Moiseevich sal qursa qarg’ab yuborayozdi…
Essiz, shu Maynaxonga ko’ngil bergandan chumchuqni suyib qolsam bo’lmasmidi…
Ishonasizmi, ota-onamniyam ozmi-ko’pmi biznesi bor Sibirda. Ha endi tirikchilik-da, brat! Tayganing shundoq chap biqinida katta go’ngtepa ochishgan. Oyim Qarg’axon Volfovna ikkovlari shu go’ngtepaning orqasidan kun ko’rishadi. Bir kun Maynaxonni ofisga oboruvdim. Go’ngtepani ko’rdi-yu, yungi teskarilandi. «Mana shu go’ngtepani menga xatlab berasan», deb turvoldi. Yaramas qaynsingillar ota-onamni yumdalab tashlayozdi. Burgutvoy akaga bir-ikki dollar berib arang haydattirdim. Ko’rdingizmi, brat, bu dunyoda sevgi, muhabbat deganlari bo’lmagan gapakan. Haydattirvordim hammasini. Maynaxon ketayotib uyalmasdan qo’rqitdiyam meni. Nimaymish, mendan, otam Qarg’a Moiseevichdan o’ch olish uchun atayin Afg’on taraflarga o’tarmish-da, patining orasiga bomba berkitib kelib o’sha go’ngtepamizda… Nimaydi?.. Nima devdi-ya bachchag’ar… Ha-a, «tirror» uyushtirarmish. «Patingdan kelganini qil», devordim…
Uzr, brat, sizniyam ancha tashvishga qo’ydim. Dardlashgim keldi-da bir!..
Labbay? Ha-a, hozir nima bilan bandsan demoqchimisiz? Qoraqamishdaman. Bir-ikkita «shpana» chumchuqboylarga tayinlab qo’ydim. Ehtiyotkorlik yaxshi-da! Basharti o’sha Maynaxonni ko’rsalaring, adabini berlaring dedim…
Bilmadim. Erkak kishiga yolg’izlik sira to’g’ri kelmaskan. «Tirror»chi bo’lsayam, baribir Maynaxonga o’rganib qolgan ekanman. Hozir yana kechalari bag’rim muzlab chiqyapti…
Uylanishim kerak. Otam Qarg’a Moiseevichning aytishicha, bu dunyoda Musichaxonlardan yaxshi xotin yo’g’imish. Ja-a, tejamkor, muloyim, beozor, asosiysi, sevib qolishsa qattiq sevvorisharmish. Otam menday yolg’iz o’g’liga yomonlikni ravo ko’rmaydi-ku, axir! Hozir kunduzlari asta ko’chaga chiqib Musichaxonlarni kuzatyapman. Ammo gap bitta. Uylansam, faqat Qoraqamishning Musichaoyiga uylanaman. To’yniyam shu yerda o’tkazaman. Eshitib qolsangiz, albatta mo’ralab o’ting, brat, nasib bo’lsa, to’ydan oldin tepalikdagi go’ngtepada azon vaqti naq uch yuz qarg’aga go’ng berishni niyat qildim! «Paka!..»
Olimjon HAYIT