Bolgariya hukumati chiqargan qaror eshitgan quloqni ham ajablantirishi tayin. Gap shundaki, hukumat bo’g’oz sigirni Yevropa ittifoqi chegarasini noqonuniy kesib o’tgani uchun o’lim jazosiga hukm qildi. Bu haqda AFP agentligiga asoslanib kun.uz ma’lum qildi.
Penka laqabli sigir Bolgariyaning Kopilovsi qishlog’i atrofida o’tlab yurib, Bolgariya-Serbiya chegarasigacha borib qolgan va Yevropa ittifoqi hududidan chiqib ketgan.
Sigirni mahalliy fermerlardan biri topib, egasiga qaytargan. Biroq Bolgariya hukumati sigirni davlat chegarasini noqonuniy kesib o’tishda aybdor deb topib, uni dori vositasi yordamida o’ldirish kerak, degan qaror qabul qilgan.
Sigirning egasi bu qarorga qarshi chiqqan. U chegarani kesib o’tayotganda sigirini hech kim to’xtatmaganini aytib achchiqlangan. Boz ustiga, sigir 3 oydan keyin tug’ishi kerak bo’lgan.
Ma’lum qilinishicha, hukumat “qoidabuzar” sigirni Yevropa ittifoqi qonunlaridan asrab qololmasligini aytgan. “Bu bizga bog’liq emas. Biz Bryussel ko’rsatmalariga amal qilamiz”, deb aytgan Bolgariya veterinar xizmati vakili.