PULMANISA…

 

Mulohaza

 

Hamma meni yengiltak deb o’ylaydi. Nimaymish, qo’ldan-qo’lga o’tib yurarmishman. To’g’ri, tan olaman, meni hamma yaxshi ko’radi. Qo’polga, ahmoqqa yo’ymang-u, ammo bu haqiqat, meni ko’rsa, hatto boshi og’rib turgan piyonistayam bezovtalanib qoladi. Men bilan sirlashish, tillashish, uchrashish payiga tushadi. Faqat uniki bo’lishimni xohlaydi. Boshqalardan o’lguday rashk qila boshlaydi. Basharti, eng yaqin ulfati yo qarindoshi bir kunga berib turishni iltimos qilsa, tamom, g’azabga keladi, kerak bo’lsa, o’sha o’zboshimcha bilan yoqalashishgacha yetadi. Men ana shunday sohibjamol, jozibaliman. Shunday ekan, iltimos, men haqimda gapirayotganda sal o’ylang, aks holda, siz bilan kelisholmay qolamiz. Negaki men juda injiq va o’ziga bino qo’yganlardanman.

Qadr

 

Men ham boshqalar qatori qadrimga yetishlarini, avaylab-asrashlarini istayman. Meni oyoqosti qiladigan, xuddi buyumdek duch kelgan yerga irg’itib qochadiganlar, hammaning oldida qadrimni bir tiyin qiladiganlarni yoqtirmayman. Ayniqsa, qo’li ochiq odamlarni ko’rishga ko’zim yo’q. Chunki undaylar meni asrab-avaylash o’rniga duch kelganga tortiq etib yuboraverishadi. Natija nima bo’ladi? Albatta, qo’ldan-qo’lga o’ta boshlayman. Insofli odamning qo’liga tushsam-ku, mayli, u meni ko’z qorachig’iday asrardi, begona ko’zlardan nariga berkitardi, sevardi, hurmatimni joyiga qo’yardi. Xudo ko’rsatmasin, avvalgi xo’jayindan battarrog’iga uchrasam, tamom bo’lganim shu. Tinchim yo’qoladi, oromimga putur yetadi, masxaralanish, yurt kezishdan bo’shamay qolaman. Shuning uchunmi, hamisha hushyor bo’lishga, xo’jayin tanlashda adashmaslikka urinaman.

Zamonaviy qizman

 

Ayting, shu turishimda qaysi nozanindan kamman?! Yuzimni silagan yigitning tashvishlari ariydi, og’zining tanobi qochadi, yuragi bezovta urib, o’zini qo’yarga joy topolmay qoladi. Shunga arziyman-da! Xudoga shukr, turish-turmushim binoyiday. Pulmanisa desa deguday go’zalman. Belimdagi belbog’imning o’zi dunyolarga arziydi. Shunday bo’lgandan keyin arzirli xoja izlashga haqliman. Nolimayman, shu kungacha hali orzularim ushalmay qolmadi. Ko’z ostimga olgan pahlavon borki, bir jilmayishda ilintira olaman. Juda noyob bo’lganim uchunmi, faqat o’zim kabi ketvorgan mashinalarda yuraman, hashamatli hovlilardagina yashayman. Men kirgan hovli borki, o’yin-kulgiga to’ladi, taom deganining eng zo’rlari qozonda qaynaydi. Ammo bir narsani tan olishim kerak, kundoshlar menga ola qara boshlashadi. G’iybatimni qilishadi, orqavoratdan tosh otishga chog’langanlariniyam ko’rib qolaman. Baribir, parvo qilmayman. Axir ularniyam tushunish kerak. Hammalarining davri o’tibdi, zamonaviy tilda aytganda, modadan qolishibdi, hech kim ularni pisand qilmay qo’yibdi. Sho’rliklarni faqat sabzavot sotiladigan bozorlarga olib borishadi, shinavandalariyam haligiday ko’rimsizgina, sodda, to’pori erkaklar. Bechora kundoshlarim-ey, o’shalarning qo’liga tushgandan keyin ro’shnolik ko’risharmidi?! Albatta, yo’q. Sal o’tib undanam battar maskanlarga tushishadi, xor bo’lishadi, ovoz chiqarmasalar-da, ich-ichdan yum-yum yig’lashadi. Men bo’lsam, o’sha mahal bir-biridan ozoda, yog’ tushsa yalagudek, qishda issiq, yozda muzday do’konlarni aylanayotgan, husnimni ko’z-ko’z qilayotgan, noz bilan yangi oshiqlarimga boqayotgan bo’laman.

Uyatsiz ekansiz

 

Voy, aka, bu nima qilganingiz?! Odam deganiyam shunaqa uyatsiz bo’ladimi?! Meni qaerga olib bormoqchisiz o’zi? Telefonga yopishib, ulfatingizga allanimalarnidir shipshitdingiz, indamadim. Bu fikringizdan qaytarsiz, deb umid qildim. Insofga kelmadingiz. Meni kim deb o’ylayapsiz o’zi?! Yo’q, men siz o’ylagan pulmanisalardanmasman. O’zimga yarasha orim, nomusim bor, o’rgilay. Indamasakan, deb bilgan ishingizni qilib ketaverarkansiz-da! E, yo’-o’q, menam anoyilardanmasman. Tezda mashinangizni orqaga buring-da, uyimga oborib qo’ying. Agar hozir aytganim bo’lmasa, bilib qo’ying, qaytib qoramni ko’rmaysiz. Sizni ko’rsam, ming kilometr naridan o’tib ketaman. Ha-a, shunday bo’lsin, qoqindiq, tushunadigan yigit ekansiz-ku harqalay!..

Basharang qursin, shilqim! Yuzlarimni chimdib-chimdib, husnbuzar toshgan basharangga ishqalading, indamadim. Qo’yib bersa… Mayli, bu dunyoda har xil odam bor-da! Nima dedingiz? Qaerga olib ketmoqchiydi, deb so’radingizmi? E, aytishga tilim bormaydi. Menday pulmanisani jirkanch bir narsaga almashmoqchiydi… Qurib ketsin undaylar!

Yomon tush

 

O’tgan kuni kechasi judayam yomon tush ko’ribman. Bozordaymishman. Xo’jayin qanaqadir ko’kimtir ko’ylak kiygan, beligayam shunaqa belbog’ boylagan ayolni ko’ksiga mahkam bosgancha turganmish. Men tomonga qayrilib qaramasmish. Jahlim chiqib ketdi. Alamimdan dodlab yuborayozdim. Ammo dodlamadim. G’ururim yo’l bermadi. Qaddimni g’oz tutgancha ko’kimtir ko’ylakli o’sha ayolga yaqin bordim.

— Ha, oyimcha, — dedim unga, — Boyvachcha xoja kerak bo’ldimi?! O’z yurtingda topilmadimi shunaqasi? Basharangga bir qara, kimlarga o’xshaysan! Uyalmasdan anavi soqoltoyni ko’ksingga bosvolganing-chi?! Kuning shu qariyaga qolibdi-ku! Ko’pam kerilaverma!

— Bundan buyon sen xo’jayiningga kerakmassan, — dedi ko’kimtir ko’ylakli ayol. — Bozorgayam faqat meni olib boradi. Maqtansa, faqat meni ko’z-ko’z qilib maqtanadi. O’l-a!

Azbaroyi jahlim chiqqanidan ko’kimtir ko’ylakli ayolning yoqasidan olibman. Xayriyat, uyg’onib ketdim. Qarasam, tushim ekan. O’zim esa xojamning chap kissasida savlat to’kib o’tirganmishman. Qur-qur u kishi yuzlarimni silab-silab qo’ymoqda. Shundan keyingina xotirjam tortdim…

Ha, men, baribir, xojamning suyuklisiman. Meni asrab-avaylasa, qadrimga yetsa, kayfini chog’layveraman, to’lishaveraman, cho’ntagini qappaytiraveraman. Sizam bilib qo’ying, mening muhabbatimga erishmoqchi bo’lsangiz, qadrimga yeting! Omadingizni bersin! ChAO-O!!!

Olimjon HAYIT

 

loading…