***
— Hisoblab ko’rsam, ikki yil birga yashab qo’yibmiz… Azizim, sizga juda o’rganib qolgan ekanman. Hatto sizsiz borliqni, hayotimni tasavvur eta olmasdim. Biz bir umr birgalikda umrguzaronlik qilamiz, bir-birimizni ardoqlaymiz, sevamiz deb o’ylardim. Afsuski, unday bo’lib chiqmadi. Men endi sizga munosib emasligimni anglab yetdim. Muhabbatim, sizga bo’lgan chek-chegarasiz mehrim o’z xohishim bilan sizdan voz kechishga majbur etdi. Chunki bilaman, sizni men bilan ko’rishsa, ko’chadagilar ustingizdan kulishadi, masxaralashadi, sizni oyoq uchida ko’rsatishadi. Sevgan ko’nglim esa bu savdolarni sira ko’tara olmaydi. Ammo bilamanki, siz ham meni hech qachon unutmaysiz. Ahyon-ahyonda bo’lsa-da, yodga olasiz, birga o’tkazgan tunlarimizni, bir-biridan yorug’ kunlarimizni eslab entikasiz, sog’inasiz. Alvido, azizim, alvido! Sizni Yaratganning panohiga topshirdim!
Sizga cheksiz muhabbat bilan:
Bolalikdagi So’rg’ichingiz!
***
E’LON:
— Diqqat, «Enguchi» ko’chasidagi uylardan birining yerto’lasida qirq yil saqlangan «Qadimiy vijdon» sotiladi! Ohori to’kilmaganiga kafolot beramiz. Bu vijdon uncha-muncha vijdonlardan emas. Egasiga itdek vafodor, hech qachon injiqlanib, jahl qilib, qaysarlanib, aqllilik qilib, yig’lab, potirlab egasini xit qilmaydi. Hamisha sukut saqlaydi. Egasi mushkul vaziyatlarga tushib qolsa, artistlik qila oladi. Basharti sotishni ixtiyor qilsangiz, jon deb sotila biladi. Sizni tezlab, qayrab, ruhlantirib dushmandan ayovsiz o’ch olishga undab turadi. Hadeganda qadamingizni o’lchab, bo’lar-bo’lmas maslahatlar berib sizni bezovta qilmaydi. Bir marta baqirib uxlatib qo’ysangiz bas, kerak bo’lsa yuz yil miq etmay uxlaydi.
Yuzsizlar, ikkiyuzlamachilar, tamballar, qasamxo’rlar, firibgarlar, hasadchilar, g’iybatchilar, ko’nglida ko’miri borlar, xiyonatkorlar, ko’rnamaklarga yuz foiz chegirma bor!
***
Keksayib qolgan pashsha deraza oynasiga tinmay o’zini urardi. Sal nari uchib boradi-da, katta tezlikda kelib yana oynaga uriladi. Nimalardir deb ba’zida vizillab ham qo’yadi.
Oynaning narigi tarafida esa, yosh, navqiron zangori pashsha o’tirardi. Mana, bir yarim soatdan beri shu yerda qimirlamay o’tirib, keksa pashshaning qilig’ini tomosha qilyapti. Sira tushunmaydi. Nega qariya o’zini oynaga uradi? Jonidan to’yganmi?
Keksa pashsha unga e’tibor qilmasdi. Qahramonlarcha oldinga intilar, to’xtovsiz oynaga urilishda davom etardi. Oxiri kuchi qolmadi. Yiqilib tushdi. Zo’rg’a o’rnidan turib derazaning ochiq qismiga yetib oldi-da, tashqariga chiqmoqchi bo’ldi. Yana bo’lmadi. Parda ilingan temirga osilgandi sirpanib ketdi. Tag’in polga quladi. Yashil pashsha yugurib oldiga kelib sekin so’radi:
— Kechirasiz, bobo, agar sir bo’lmasa, ayting-chi, nega bekordan-bekorga o’zingizni oynaga uryapsiz? Derazaning bir tomoni ochiq turibdi-ku! O’sha yerdan chiqib ketaversangiz bo’lmaydimi?
Keksa pashsha arang jag’ini qimirlatib javob qildi:
— Sen ahmoq ekansan, bolakay! Ochiq oynadan hammayam chiqib ketishni biladi. Xo’sh, uchib chiqding, uchib kirding!.. Nima maza topasan? Kalla bilan ishlash kerak, bolakay! To boshing g’urra bo’lmaguncha urilaverishing lozim. Vizillashgayam kuching qolmaganda sekin ochiq yerga qarab yursang yarashadi. Men hozir qanchalar maza qilayotganimni bilsayding!..
Yashil pashsha qari pashshaning shishib ketgan boshiga qaramaslikka intilardi. Keksa pashsha bo’lsa, davom etdi:
— Mening dadam bir umr boshi bilan oynaga urilib yashagan. Rahmatli onam ham oynaga bosh urishni yaxshi ko’rardi. Mengayam vasiyat qilishdi. Qachonki, qiyinchilikning nima ekanini butun vujuding bilan his etsang, o’shandagina odam bo’larkansan!
***
Zamonaviy reklamadan:
— Turmush o’rtog’ingiz maoshingiz kamligini yuzingizga solib tinchlik bermayaptimi? Keyingi kunlarda qo’shni ayol ko’zingizga «issiq» ko’rina boshladimi? Qaynonangiz qiziga gap o’rgatib joningizga tegyaptimi? Qaynilar hadeganda do’qlab asabingizni buzyaptimi? Qaynsingillar sizga ola qarayaptimi?..
Zudlik bilan qo’lingizga smartfoningizni oling-u, Qoraqamish va talabalar shaharchasi orasidagi kichik bog’ga boring!
Aytishlaricha… Shu bog’da «pokemon»lar ko’pmish!
***
Oltinchi sinfda o’qiydigan nevara o’g’il keksa bobosining yonida o’tirib kitob varaqlar, goh kular, goh jiddiy tortardi. Bobo nevarasiga zimdan tikilib qarar, ahyon-ahyonda bosh chayqab kulimsirardi. Bolakay kitob varaqlay-varaqlay, charchadimi, asta kitobni bir chetga qo’ydi-da, bobosidan so’radi:
— Bobojon, siz urushda bo’lganmisiz?
— Ha, bolam, bo’lganman.
— Urushda nemislarni rosa o’ldirganmisiz?
— Ha, shunday qilishimizga to’g’ri kelgan, bolajonim.
— Bobojon… Haligi… Bugun tarix darsida muallimamiz bir gapni aytdi.
— Nima dedi muallimang?
— Leningrad qamalida odamlar non topa olmay rosa qiynalishgan ekan. Shu to’g’rimi?
Bobo uzun soqolini tutamlab mahzun jilmaydi-da, nevarasining savoliga javob berdi:
— To’g’ri, Leningrad qamali juda og’ir kechgan. Non topolmaganimizdan sariyog’ni kolbasaga surib yeganmiz, bolam!
* * *
Yoshi qirqqa borgan uch do’st choyxonada ulfatchilik qilardi. Ikki do’st uchinchisiga tikilar, ko’ylagi yoqasi kirlangani, tugmalari qing’ir-qiyshiq qadalgani, sochlari pataklashganini ko’rib qur-qur bosh chayqab olishardi. Oxiri ikki do’stdan biri yorildi.
— Vey, Eshmat, qirqqa kiryapsan. Mana, biz Qo’shmat bilan uchtadan farzandli bo’ldik. Bosh bolalarimiz hademay maktabni tugatadi. Uylansang bo’lmaydimi bo’shashib yuravermay? Uying bo’lsa bor, ishlaysan. Birovdan kam yering yo’q.
Eshmat boshini qashib oldi-da, tanbeh bergan do’stiga tikilib dedi:
— Bilasan, men shu paytgacha idealimdagi ayolni qidirganman.
— Xo’sh, topdingmi o’sha idealingdagi ayolni? Yo haliyam qidirib yuribsanmi?
— Topdim…
— Ie, voy pismig’-ey! Nega shu kungacha indamading? O’zimiz so’ramasak, indamas ekansan-da-a?.. «Yuvish» kerak-ku! Xo’sh-xo’sh, oti nima? Nima ish qilarkan? Qaerlik ekan? Topish-tutishi qanaqaykan? Otasi boymikan?..
Eshmatning do’sti yog’dirib tashlagan savollaridan kulgisi qistadi-yu, kula olmadi. Alam aralash boshidagi yog’i chiqqan eski do’ppini zarda bilan olib yoniga tashladi va alamli shivirladi:
— Ha, o’shaydi idealimdagi ayol. Afsuski, nasib qilmadi.
— N-nega? Haligi… Nima bo’ldi unga?.. Kasalmikan? Yo… Haligiday… Olamdan o’tib qoldimi?..
— Yo’g’-e, nafasingni shamol uchirsin-e!
— Unda nega nasib qilmaydi? Muammo nimada?
— Muammo shundaki, o’sha ayol ham idealidagi erkakni qidirayotgan ekan.
* * *
6 yoshga to’lib-to’lmagan Qizil Shapkachayan oyisiga «zakaz» somsa yoptirib, o’rmon orqali buvisidan xabar olish uchun keldi. Oyisi tayinlaganidek, uy atroflariga qaradi. Bo’ri bakovul ko’rinmadi. Shundan keyin ko’ngli tinchlanib ichkariga kirdi. Buvisini somsa bilan siylab bo’lgach, bi-ir erkalangisi kelib tizzasiga boshini qo’ydi-da, so’radi:
— Buvijon, nega quloqlaringiz katta?
— Sening gaplaringni yaxshi eshitish uchun, bolam.
— Nega ko’zlaringiz katta?
— Seni yaxshi ko’rish uchun.
— Nega burningiz katta?
Bu savoldan buvisining ensasi qotdi-yu, norozi so’zlandi:
— Ey, Ara, avval o’zingga boq, tuzukmi!?.
***
Bugun Hormas Tolmasning kayfiyati ham rosmanasiga shoirona edi. Xayolan turli obrazlarni, qofiyalarni o’ylab topar, go’yoki u hozir yerda emas, qaerdadir baland-baland cho’qqilar osha parvoz qilib borardi. Xo’sh, nega? Chunki, u bugun sevgilisi Oyshabibining qo’lini so’raydi. To’y kunini belgilaydi.
Shu tobda uni yo’l chetida turgan militsiya xodimi chaqirib qoldi.
— Hoy, o’rtoq, — dedi militsioner Xormas Tolmasning yengidan tortib. — Siz negadir ko’zimga shubhali ko’rinyapsiz!..
— «Qanaqa o’rtoq? — ko’nglidan o’tkazdi Xormas Tolmas militsionerning qo’lini qayirib tashlab, oldinga intilarkan. — Men, axir, shoirman!..»
Yarim yo’lni bosib o’tgan ham ediki, qo’ltig’iga bir shisha ichkilikni qistirib olgan sersoqol erkak uning yo’lini to’sdi.
— Erkak!.. — dedi u chayqalib. — Ikkinchi bo’lmaysanmi? Kayf qilardik…
— Qanaqa erkak?.. — ensasi qotib nari ketdi Xormas Tolmas. — Men, axir, shoirman-ku!..
Aksiga olgandek, Oyshabibining uyiga yetay deb qolganda, gadoy to’xtatdi.
— Yigit, nonga pul yo’q. Yuz so’m ber!..
— Qanaqa yigit? — baqirib yubordi Xormas Tolmas. — Men shoirman, bildingmi?!..
Nihoyat ichkariga kirdi. Oyshabibi tungi kiyimlarda uni intizor bo’lib kutayotgan ekan. Xormas Tolmas xonaga kirishi bilan Oyshabibi uning bo’yniga osildi.
— O’zimning quyoncham! — deya erkaklay boshladi u. — O’zimning timsohim!..
— Qanaqa quyon? Qanaqa timsoh?.. Men, axir, shoirman, tushunsang-chi!..
Xormas Tolmas azbaroyi alam qilganidan qo’lidagi guldastani polga irg’itdi-yu, tashqariga — o’z uyiga jo’nadi.
Shunday qilib to’y ham to’xtaydigan bo’ldi.
Nimayam qilsin bechora?..
Bizning zamonda shoir bo’lish oson emas.
Odamlar xalaqit qilishadi.
***
Bir erkak avtohalokatga uchragandi. Miyasi ezilib ketibdi. Butkul ishlamay qolibdi. Shunda vrachlar miyani almashtirish kerak degan to’xtamga kelishdi. Ammo kimning miyasini o’rnatishadi? Buyoqda erkak sho’rlikning miyasi ochib qo’yilgan. Ishni tezlatmasa bo’lmasdi. Vrach erkakning xotiniga bir miyani ko’rsatdi. Piyonistaniki ekan.
— Ho, endi bir kamim piyonistaga xotin bo’lishmidi? — janjal ko’tardi ayol. — Shundayligicha tikib qo’yaveringlar! Qurib ketsin savil!
Afsuski, bunday tikib bo’lmasdi. Baribir boshqa miya o’rnatish shart edi. Vrach ikkinchi miyani ko’rsatdi. Joniga qasd qilgan erkakniki ekan.
— Ho, — dedi ayol. — Uyga kelib o’zini ossa, yana qiynalaymi? Kerakmas! Qurib ketsin savil!
Shunda ayolning qo’shnisi, veterinar Arslonqul Qo’ziboy o’g’li ajoyib fikr aytib qoldi.
Kecha baquvvat bir buqani yiqitgan ekan. Shu buqaning miyasi muzlatkichda turganmish. Vrach rozi bo’ldi. Veterinar Arslonqul Qo’ziboy o’g’li yugurgilab borib o’sha buqaning miyasini olib keldi. Vrach obdon miyani tekshirib ko’rgach, nihoyat yengil tortdi. Shu miya haqiqatan bemorga to’g’ri kelarkan. Ayolga ko’rsatgandi, qo’l siltadi:
— E, bilganingizni qiling! Qurib ketsin savil!..
Mana, avtohalokatga uchragan erkakka buqa miyasini o’rnatishgach, o’n kun muhlat berishdi. O’n kun ichida yangi miya yangi bosh bilan o’zaro kelishib olishi lozim ekan. O’n birinchi kuni ertalab bemorning xotini, vrach, kasalxona bosh vrachi, veterinar Arslonqul Qo’ziboy o’g’li palataga yig’ilishdi. Hayajonli lahzalar. Hamshiralar vrach nazoratida bemorni hushiga keltirishdi…
Bemor asta o’rnidan turdi-da, yig’ilganlarga bir-bir alamli qarab olgach, bor ovozda qichqirdi:
— Hammang-chi… Hammang… Mo’-o’-o’-o’-o’-o’!!!
O. HAYIT tayyorladi