DO’XTIRGA ARZ-DOD

(hazil she’r)

***

Kel, do’xtirjon, dardimizni bo’lishamiz,

Dard tutganda birgalashib so’lishamiz.

Mayli, agar ko’nglingiz cho’kmasin desang,

O’lishdayam birgalashib o’lishamiz.

Kel, do’xtirjon, dardimizni bo’lishamiz.

***

E, baqirma, bemorga hech baqirmaslar,

O. Hayitni “Hayitov” deb chaqirmaslar,

Dilga og’ir botar gapdan gapirmaslar,

Kel, do’xtirjon, dardimizni bo’lishamiz,

Dard tutganda birgalashib so’lishamiz.

***

Xastaman-ku, darrov chopib kelmading-a,

Men g’aribni mundoq ko’zga ilmading-a,

Ming chirandim, baribir do’st bo’lmading-a,

Kel, do’xtirjon, dardimizni bo’lishamiz,

O’lish bo’lsa, birgalashib o’lishamiz.

***

Hay, qanisan, ko’z ko’kardi, ko’rinmaysan,

Murosali bo’lishga hech urinmaysan,

Yalintirib, yolvortirib erinmaysan,

Kel, do’xtirjon, dardimizni bo’lishamiz,

Ja zo’r kelsa, dovlashamiz, urishamiz.

***

Qara, lekin, jahlim chiqsa ketvoraman,

Sen do’xtirning bahridanam o’tvoraman,

Otam aytgan gapni menam aytvoraman,

Kel, yaxshisi, dardimizni bo’lishamiz,

Kelisholsak, bir yo’l topib kelishamiz.

Olimjon HAYIT