BOLALAR BOG’ChASINING QO’RQINChLI QORBOBOSI
(hajviya)
Endigina universitetga o’qishga kirgan yilim. O’qish sirtqidaligi bois maktablardan biriga muallim bo’lib ishga joylashdim.
Jussam kichik, ozg’in bo’lganim uchunmi, yo qaysidir fe’lim o’tirishdimi, maktab direktori shu yilgi Archa bayramida Qorbobo bo’lib berishimni tayinladi.
Qorqizni ko’rsangiz. Mendan ikki qarich novcha, buning ustiga qomati o’ziga yetguncha kelishgan.
Xullas, meni Qorbobo kiyimida ko’rganlarning biri kuldi, biri lab tishladi. O’quvchilar orqavarotdan menga «Jajji Qorbobo» deb laqab ham qo’yishga ulgurishdi. Buni Archa bayrami tugagandan so’ng eshitdim.
Ammo bolajonlarni baribir xursand qildim. Gapdonroqligim ish berdi. She’r bormi, latifa bormi to’kib tashladim. Xullas, «sindirdim».
Haqiqiy qobiliyat yerda qolmaydi deganlari rost ekan. Jussamdan, ozg’inligimdan, qo’polroq aytadigan bo’lsam, beo’xshovligimdan kulganlar shundoq qarshimda tilini tishladi.
Direktor meni hammaning yonida huzuriga chorlab dedi:
— Hormasboy, maktabimiz yonidagi bolalar bog’chasidayam Qorbobo bo’lib berasiz! Bog’cha bolalariyam bir xursand bo’lishsin-da!
Yoshi katta muallimlar birdan «voh»lab yuborishdi.
Eh, shu pallada mening mamnunligimni ko’rsangiz edi! Terimga sig’may ketdim. Maktabga ishga joylashiboq e’tiborga tushibman! Katta-katta Qorbobolarning yo’lini beribdi. Ming shukr!
— Hormasboy, — Qorbobo kiyimida Qorqizni yonimga olib chiqib ketayotganimda direktorimiz qulog’imga shivirladi. — Bog’chadagilar aytishdi. Sizni quruq qo’yishmas ekan. Rozi qilisharkan. Bayram arafasi bir nimali bo’p qolasiz, inim!..
Oh, qarang-a! Xudo beraman desa, qo’shqo’llab berarkan-da! Aslida direktor archa bayramidagi ishim uchun alohida mukofot va’da qilgandi. Bog’chadanam nimadir qo’ltiqlab uyga borsam, xotinimning og’zi lang ochilib qolsa kerak-ov!.. Qiziq, nima berisharkin? Pulmi? Qancha? Be, himmat qilsa, bog’cha mudirasi bir dastasini bervorishi hech gapmas. Uni keyin nimaga sarflayman?.. Albatta Yangi yil bayramiga!.. To’xta, direktorimiz-chi? Ishni u topib berdi-ku! Arra qilishim shart emasmi? Uf-f, buyoqda Qorqiz ham ko’zini lo’q qilib oladi… Ha, mayli, buniyam yo’lini toparman. Hozir she’rlarni, latifa-yu, hikmatli so’zlarni yodaki takrorlab olay. Tag’in bog’cha bolalari oldida mulzam bo’lib yurmay…
Xayolan aytilajak gaplarimni, she’r, latifalarni qayta-qayta takrorlagancha bolalar bog’chasi binosiga yaqinlashdim.
Yo’q, men Qorbobo bo’lishim lozimligidan hayajonlanmasdim. Umuman hayajonlanayotganim yo’q. Bir tukim qimirlab ham qo’ymayotgandi. Haliyam bog’cha mudirasining himmati xususida bosh qotirar, pullarning qanchasini Qorqizga-yu, qanchasini direktorimizga berishni o’ylardim.
Qorqiz ikkimizni darvozadayoq tarbiyachi-yu, enagalar uzun-qisqa bo’lib tabassum bilan qarshi olishdi.
— Assalomu alaykum, bolajonlarimning mehribonlari! — dedim ingichka ovozda hassamni to’qillatib. — Men jajji nevaralarimni sog’inib uzoq o’lkalardan kelayapman! Qani mening nevaralarim?..
Davrada gur kulgi ko’tarildi. Bunga maktabda ancha ko’nikkandim. E’tibor qilmadim.
Kulganlarni imi-jimida urisha-urisha mudira bizga hamroh bo’ldi.
Birgalashib bolajonlar yig’ilgan xona tomon yurdik.
Xonaga yaqinlashgach, Qorqizga zimdan nazar tashladim. Sarvqomat Qorqizimning yuzlari cho’g’dek qizarib ketibdi. Hayajonlangan shekilli. Uni asta turtib ko’z qisgan bo’ldim va xonaga qadam qo’ydim.
Ikki-uch yosh atrofidagi bolajonlar chug’urlashgancha Qorboboni intiqlik bilan kutishayotgani sho’x kulgi, chapaklaridan sezilib turardi.
Ularning quvonayotganini ko’rib azbaroyi mehrim tovlanganidan hassamni to’qillatgancha ichkariga kirdim-u, baland ovozda qichqirdim:
— Assalomu alaykum, bolajonlarim!.. Men…
Shu tobda kutilmagan voqea yuz berdi.
Bolajonlar avvaliga birdan jimib qolishdi. So’zimni davom etirishimni kutishayapti shekilli degan xayolda gap boshladim.
Afsuski, gapim og’zimda qoldi.
Bolajonlar kutilmaganda baravariga «Ada-a-a!.. Oyi-i-i-i!..» deya baqirib yig’lay boshlashdi.
Achinarlisi, ular hadeganda yig’lashdan to’xtay qolishmasdi. Aksincha, soniya sayin qattiqroq yig’lashardi.
Qotib qoldim.
Nima qilishni bilmasdim. Chiqib ketaymi, yo turaveraymi?..
Azbaroyi o’zimni yo’qotib qo’yganimdan xayr-ma’zurniyam unutib shartta orqamga o’girildim-da, tashqariga chopdim…
Keyin bilsam, bolalar bekorga yig’lashmagan ekan. Maktabdagilar Qorboboga soqol topolmay, o’rniga ayiqning niqobini sotib olishgandi….
Bolajonlar o’sha niqobdan qo’rqib yig’lashibdi.
Olimjon HAYIT