* * *
31 dekabr. Kechasi DAN xodimi katta tezlikda kelayotgan «JIP»ni to’xtatdi. Avtomobil to’xtab, ikki nafar barzangi pastga tushdi va undan so’radi:
— Xo’sh, nima deysan? Nega to’xtatding?
Azbaroyi qo’rqib ketgan DAN xodimi tutila-tutila, dag’-dag’ titrab ularga so’z qotdi:
— Men… Haligi… Folbinman… S-sizlarga… Fol ochib qo’yaymi?
* * *
Erkak do’stidan so’radi:
— Senga bir aqlli savol beraman.
— Xo’p.
— Bolalik qachon tamom bo’ladi?
— Bolalikmi? Orzularingni, xohishlaringni Qorbobomas, Qorqiz ado etishini istay boshlaganingda.
* * *
Qorboboga maktub:
— Salom qari to’nka! Bilasanmi, men senga ishonmay qo’yganimga ikki yil bo’ldi. Salom bilan: Eshmat Toshmatovich. 50 yosh.
* * *
Yangi yil bayramining ertasiga erkak ayoldan so’radi:
— S-singlim, u-uyimga olib boradigan yo’lni ko’rsatib yubora olmaysizmi?
— Ko’rsata olaman.
— Ko’rsating!.. Ie, to’xtang, siz qaysi manzilda yashashimni qaydan bilasiz?
— Chakagingni o’chir, alkash! Men xotiningma-an!!!
* * *
Er xotinidan so’radi:
— Xotinjon, Yangi yilda senga nima sovg’a qilay?
— Voy… Bilmadim, dadasi!
— Bo’pti, o’ylab olishing uchun senga yana bir yil muddat beraman.
* * *
5 yoshli bolakay onasidan so’radi:
— Oyi, do’stim Ahmadjonni laylak olib kelganmi?
— Ha.
— Meni karamning ichidan topib olgan ekansiz. Shu rostmi?
— Rost, bolajonim, rost.
— Yangi yilda sovg’alarni Qorbobo olib keladimi?
— Ha.
— Oyi, unda dadam bizning uyda nega yashab yuribdi?
* * *
— Og’ayni, bu yil yangi yilni qaerda qarshi olmoqchisan?
— «Odnoklassniki»da… Sinfdoshlar bilan yig’ilib, bayram qilmoqchimiz.
* * *
Erkak do’stiga dedi:
— Biz xotinim bilan yangi yilda bir-birimizni sovg’alar emas, ajoyib fikrlar bilan siylaymiz.
— Qanaqa fikr? Tushunmadim.
— Ovsar, eshit! Masalan, fikr bilan siylash gali menga yetsa, shunday deyman: «Xotinjon, boya do’konga kirgandim, vaabщe ketvorgan norkali shuba ko’rdim. Xoh ishon, xoh ishonma, o’sha shubani senga judayam sovg’a qilgim keldi-yu, pulim yetmadi!»
Olimjon HAYIT tayyorladi