BURGA
Ucharga qanotim yo’q
Biz burgalarga beqanotlik yo’rgakda tekkan ekan. Ota-buvalarim ham o’z kuchi bilan hatto kichik ariqchadan hatlab o’ta olmaydigan ojiz burgalar bo’lishgan. To’g’ri-da, ucharga qanoting bo’lmagandan keyin chirangandan nima foyda? Mana, menam har xudo bergan kun shuning jabrini tortib yashayman. Parvoz qilishdek baxt ta’mini faqat qush, mushuk, itningmi yunglari orasiga berkinib olsamgina totishim mumkin. Ayniqsa, it akalarim boplashadi buni. Har berilib chopishganda, yayrab ketasan burga. Xuddi o’zing yugurayotganday yotgan yeringda gerdayib qo’yasan. Azbaroyi jo’shib ketganingda, sakrab yuboray deysan-u, tirikchilikning mazasi qochishi mumkinligi esingga tushib o’zingni tiyasan.
Meni hamma yomon ko’radi
Tan olaman, ko’rimsiz, yoqimsizman. Birovlar meni turgan bitgani ziyon deb o’ylashadi. Nimaymish, men kasallik tarqatarmishman. Tuhmat ham evi bilan-da! Kimdir men tarqatgan kasallikdan o’lganini eshitganmisiz? Hayotda eshitmagansiz. To’g’ri, men mehmon bo’lib ketgan maskanlarda burga izi qoladi. Ammo bu iz uncha-muncha izlardan emas. Mana, misol uchun bir kuni o’zimizning qishloqda yashaydigan Toshqul akaning bilagini astagina chimdib-chimdib qochdim. Sho’rlik bir oy burun xotini bilan ajrashib, juda xafa edi. Sal chalg’irmikan, hech qursa meni qidirib vaqt o’tkazarmikan devdim. To’g’ri qilibman. Burgaga allergiyasi bor ekan. Toshqul aka qichinishga tushdi. Alamiga chidolmay, bilagidagi qizil donachalarga qarab meni qidirdi. Bilaman, topolmaydi. Chunki biz burgalar kichkinamiz. Ignaning teshigigayam sig’ib ketaveramiz. Oxiri nima bo’lishini kutib Toshqul akaning ko’ylagi yengiga berkingancha tek yotaverdim. Toshqul aka jonholatda do’xtirxonaga chopqilladi…
Ishonasizmi, o’sha kuni Toshqul aka do’xtirxonadan og’zi qulog’ida qaytdi. Donachalarga dori surgan hamshira bilan tanishib qolibdi. Bir haftadan keyin to’y bo’ldi. To’y mening sharofatim bilan bo’ldi, oka! Shunday ekan, meni yomon ko’rmang! Ba’zida bo’lsayam qadrimga yetib ture-eng!
Hasadgo’y qarindoshim
Olaparning yungida yashaydigan jiyanim bilan urishib qoldim. Bir kunga uning o’rniga navbatchilikda turib berarmishman. Zaril keptimi? Olaparning qanaqaligini yaxshi bilaman. Nuqul yerga dumalaydi, og’ayni, jo’ralari bilan mushtlashgani mushtlashgan. Jiyanim shuni biladi. O’ziyam necha o’limlardan qolgan. Olaparning jo’ralari so’yilday tirnoqlarini bilib-bilmay beliga botirib olganda, o’zim borib malham surganman, ko’nglini ko’targanman. O’limdan saqlab qolganman. Endi o’sha jafoni mendek mehribon, oqibatli tog’asiga ravo ko’rganiga o’laymi? Ha-a, hasadi kelarkan menga jiyanimning. Goh Toshqul aka, goh kelinchakning kiyimlariga o’ralishim, o’ynoqlab-o’ynoqlab, irg’ishlab-irg’ishlab qorin to’ydirishim jiyanimga yoqmaskan. Nimayam qilardim? Bittagina qarindoshim bor edi, uniyam yo’qotdim. Umuman-chi, unaqangi qarindoshdan nishi o’tkir pashsha yaxshi. Harqalay o’sha hasad qilmaydi. Kaltak yesayam, quvg’inga uchrasayam, dixlofosga bo’g’ilib o’lsayam, birovga ola qaramaydi.
Mushukning o’zboshimcha burgasi
Peshona qursin, keyingi paytlarda biz burgalarga qiron keltiradigan bo’lishdi. Chigirtkalar to’dalashib kelib hammaning rizqini o’marib ketsayam tek o’tirishadi. Nari borsa, quvlashadi. Biz burgalarni avaylabgina chimdib qochganimiz uchun darrov dorixonaga chopib dorilash payiga tushishadi. Dorisi risoladagiday bo’lsaykan, alam qilmasdi. Hidi burningga yopishsa, joningni uzib oladi. Epini topsang, qochasan, yo’qsa, o’lib ketaverasan.
Yaqinda urg’ochi burgaxon tanishimni ko’rib qoldim. Rangida rang qolmabdi. Bir chetda qiltillabgina zo’rg’a turibdi.
— Ha, falonchixon, sizga nima bo’ldi? Ja abgorsiz-ku! Tinchlikmi? — deb so’radim atrofida girgitton bo’lib. — Bir hafta oldinam gulday ochilib yurgandingiz. Birov xafa qildimi?
— Mosh opa mushukning yungini xudo menga ko’p ko’rdi, burgaboy aka, — dedi tanishim yig’lamsirab. — Bir o’limdan qoldim.
— Mahalla mushuklari bilan yulishganmidi? Birov yarimining tirnog’i kirib ketdimi?
— Shunday bo’lsa alam qilmasdi, — uv tortib yig’lay boshladi burgaxon. — Mosh opani egalari dorilab tashlashdi. Yaxshiyam pinakka ketib qolmagan ekanman. Yo’tala-yo’tala, arang sakrab chiqdim. Ana endi nima qilarimni bilmay garangman.
— Albatta garang bo’lasiz, — dedim burgaxonni koyigan bo’lib. — Hazilakam dori surtisharmidi!?. Zaharning o’zi-ku yer yutkur dorisi!
— Endi nima qilsam ekan-a, burgaboy aka? — mo’ltiragancha menga boqdi burgaxon. — Bu turishda rasvo bo’laman-ku!
— Odamlarning kiyimi ichini makon tutishingiz kerak, — dedim mehrim jo’shib. — Xohlasangiz, ikkovimiz Toshqul akaning koftasi ichida yashaymiz.
— Siz bilan-a? — burgaxonning birdan chehrasi yorishdi-yu, noz aralash so’radi. — Qanday bo’larkin?
— Axir… Men sizni sevaman, burgaxon, — dedim battar burgaboyligim tutib. — Topganimiz o’rtada bo’lsa yomonmi? Bir oila bo’lardik!..
Burgaxon iymanibgina bosh egdi. Sukut alomati rizo deganlar. Asta qo’ltig’idan oldim-u, sevimli makonimga — Toshqul akaning koftasi ichiga sakradim.
Yaqinda yangi yil ekan
Bu bayramni menam juda yaxshi ko’raman. Boisi, hech kimning biz bilan ishi bo’lmaydi. Uy egalari dasturxon tuzab, ashulani varanglatib qo’yib olishadi. Baqir-chaqir avjiga chiqadi. Nimalarnidir ichishadi, yeyishadi, qotib-qotib kulishadi. Garchi ularning tilini tushunmasam-da, menam gohida kulgilarga jo’r bo’laman. Yo’q, qiziq gapdan kulmayman. Burgaxon ikkimiz nihoyat erkin sakray boshlaganimiz xush yoqadi. U bilakdan bu bilakka, u beldan bu belga sakrab irg’ishlaymiz. Azbaroyi quvonganimizdan o’zimizning tilda bir-birimizni qutlab charchamaymiz.
Asosiysi, shu bayram bahona bo’lib biz ham antiqa taomlar, vitaminlarga to’yinamiz. Tanamiz yayraydi, negadir kayfiyatimiz haddan ziyod chog’langanidan dumalab tushar darajaga yetamiz.
Shularni o’ylab tursam, Toshqul akani yaxshi ko’rib ketaman. Nega deganda, bunaqangi bayramni Toshqul aka bir oygacha to’xtatmaydi. Bayram kutishni bir boshladimi, tamom, oxirigacha kutadi. Kimga yaxshi? Burgaxon ikkimizga yaxshi. Bir oygacha rohatda yashaymiz. Kayfiyat degani umuman tushmaydi. Toshqul aka yo’l qo’ymaydi. Qani, hamma burgayam shunaqa joyni, Toshqul akaday odamni topsin-chi! Topib bo’pti!.. Shunday odamning badaniga donachalar toshtirmasam, Toshqul akaga jabr yetkazmasammi deyman-u, iloj qancha? Bizgayam tirikchilik kerak-da!
Faqat bir narsa alam qiladi. Yangi yilda Qorboboni ko’ra olmayman. Qorbobo kelganda burgaxonimni olib tashqariga chiqay desam, kankurent ko’p. Joyni egallab qo’yishlaridan cho’chiyman. Ha mayli, shunisigayam rozimiz. Ishqilib, kelasi yangi yilgacha eson-omon yetib olaylik! Hurmat bilan kushandangiz Burgaboy! Salomat bo’ling!
Olimjon HAYIT