Insoniyat, dunyo tarixiga nazar solsangiz, o’tmishda kelajakdan so’ylovchi alohida odamlar ko’pchilikni tashkil etganiga guvoh bo’lasiz. Asrlar osha ularga turlicha munosabatda bo’lingan. Ba’zilar ularni shayton malaylari deya tahqirlasa, ba’zilar payg’ambar darajasida hurmatlagan. Ayrim bashoratchilar esa davlatlar rahbarlarining tazyiqlariga uchragan, ularni o’limga mahkum qilishgan.
XX asrni bashoratchilarning gullab-yashnagan davri deb atash to’g’riroq bo’lsa kerak. Asr davomida hatto davlatlar rahbarlari, badavlat va mashhur shaxslar bashoratchilar, ekstrasenslar ko’magisiz bir qadam oldinga yurishmagan. Shundaylar sirasiga fashizm asoschisi va homiysi Adolf Gitler, Artur Konan Doyl, Amerika sobiq prezidenti Ruzveltlarni kiritsa bo’ladi. Ularning shaxsiy ekstresens, bashoratchilari bo’lgan va barchalari o’shalarning aytgani bo’yicha harakatlar sodir etishgan. Basharti bashoratchining aytgani yuz bermasa, yoki aksi sodir bo’lsa, o’sha zahoti u bilan shartnoma bekor qilingan, yoki oqibati o’lim bilan tugagan. Misol uchun, Gitler juda ko’p bashoratchilarni tekshiruvdan o’tkazgan. Shularning biri Karl Kraftni tanlagan. Kraft mistika olamida o’z davrining tengsiz bashoratchisi sifatida fashizm asoschisida kuchli tasavvur uyg’ota olgan. Qolgan bashoratchi va ekstrasenslarni Gitler to’ppa-to’g’ri konslagerlarga tashlagan…
O’sha paytlarda Lui de Voll, Karl Kraft, Jeyn Dikson, Jin Xyuston kabi bashoratchilarning qabuliga kirish oson emasdi. Odamlar, asosan boyvachcha va mashhur shaxslar oylab kutishardi. Oddiy odam ularning qabulidan umid qilmasa haqiqatga yaqinroq edi.
EDGAR KEYSI
O’zining bashoratlari bilan dunyodagi korchalonlarni hayratga sola bilgan shaxslardan biri amerikalik Edgar Keysi edi. U mistika ustasi va kuchli bashoratchi sifatida o’z davrida yashagan odamlar qarshisida nom qozongan. Edgar Keysi jodu, reinkarnatsiya, mistik tabiblik bilan shug’ullangan. Trans holatiga kirish ham Edgar uchun mushkul emasdi. Ammo bunday harakatga gohi-gohida rozilik bildirgan. Chunki trans holatidan chiqqach, u o’zini juda yomon his eta boshlardi U sobiq sovetlar mamlakati parchalanishi, Birinchi va Ikkinchi jahon urushi boshlanish sanasini to’g’ri topgan bashoratchilardan sanaladi.
NOSTRADAMUS
O’z davrining yana bir mashhur bashoratchilaridan biri fransiyalik Mishel de Nostrdam xalqlar orasida buyuk Nostradamus nomi bilan katta hurmatga ega bo’lgan. Hayoti davomida bu alximik ko’plab bashoratlarni yozib qoldirgan. Ular to’rt misrali she’rlar ko’rinishida bitilgan. Hozirgi kunda ham olimlar Nostradamusning o’sha bashoratlarini tarjima qilib tugata olishmadi. Nostradamus qirol Genrix II ning favqulodda o’lim topishini bashorat qilgan. Odamlar o’sha bashorat to’g’ri chiqqandan keyin Nostradamusni e’zozlay boshlashgan. Aynan u qirol Lyudovik XIV kardinal Mazarini olamdan o’tishi bilan 1661 yildan boshlab Fransiyani boshqara olishini ham bashorat qilgan. Bundan tashqari, u Napoleon Bonapart hukmdorligi bilan bog’liq bir necha bashoratlarini ilgari surgan va bashoratlari to’g’ri chiqqan. Qolaversa, hozirgi MDH davlatlari 73 yil totalitarizm azobini boshdan kechirishlariga ham ishora qilib o’tgan. Bunda bolsheviklar hukmdorligini nazarda tutgan.
VANGA
Bolgariyalik bashoratchi Vanga ham dunyo ahlini o’z bashoratlari bilan hayratga sola bildi. U so’qir edi. Bolaligidan quyun changaliga tushgan-u, ko’rish imkonidan mahrum bo’lgan. Bir umr so’qirlikda yashadi va olamshumul bashoratlarni o’rtaga tashladi. Masalan, Vanga Angliya malikasi Diananing tasodifiy o’limini ham oldindan aytgan. Ajablanarlisi, Vanga bu fojia o’zi yorug’ dunyoni tark etgan kuni sodir bo’lishini alohida ta’kidlagan. Shunday bo’ldi ham. Shu bilan birga u Amerika hech qachon dunyoga yagona hukmdor bo’la olmasliginii, kunlarning birida sezilarli darajada ojizlashib, qo’l ostidagi davlatlar ustidan hukmronlikni ham yo’qotishini bashorat qilgan. Vanga qachonlardir Rossiyada bir xonanda paydo bo’lishi va dunyoni o’z san’ati bilan lol qoldirishini aytgan. O’shanda u Filipp Kirkorovni nazarda tutgandi. Vanga u bir kun kelib estrada qiroli sifatida e’tirof etilishini alohida ta’kidlagan.
RASPUTIN
O’z davrining mashhur olimi Grigoriy Rasputin bashoratchilikdan ham alohida iste’dodga ega bo’lgan. Ammo yolg’onni ko’p ishlatishi tufayli zamondoshlari kabi mashhurlik shohsupasini u qadar zabt eta olmagan. Lekin Chernobil atom elektr stansiyasidagi falokat haqida qilgan bashorati to’g’ri chiqqan. Rasputin aytgandiki, Chernobil atom elektr stansiyasi butun dunyo bo’yicha ajal qulfi hisoblanib, o’sha qulf kutilmaganda ochiladi-yu, qon bo’lak-bo’lak, qotgan holatda yer yuzini qoplaydi. Bu ajal qulfi yetti asr falokat yuz bergan joyda hayot bo’lmasligini ta’minlaydi…
Rasputin 2013 yilgi Uzoq sharqdagi suv toshqini, Uchinchi jahon urushi boshlanish vaqtigacha bashorat qilgan.
MESSING
Volf Grigoryevich Messing ham o’z davrining o’ta sirli bashoratchilaridan hisoblangan. Uning aytadigan bashoratlari daf’atan miyasiga kelgan va darhol ularni yo qog’ozga tushirishi, yo aytishi lozim bo’lgan. Ba’zan bashoratlar miyasiga quyilib kelishi oqibatida o’lim bilan olishishiga ham to’g’ri kelganligi tarixiy ma’lumotlarda ko’rsatib o’tiladi. Messing Ikkinchi jahon urushi boshlanish vaqti va bu urushda nemislar mag’lub bo’lishini Germaniyaga tashrifi doirasida bashorat qilgan ekan. Bu voqea Germaniyadagi teatrlardan biri sahnasida sodir bo’lgan. Aytishlaricha, Messing sahnada o’sha bashoratini to’xtovsiz gapirgan holda e’lon qilgan va so’zini tugatishi bilan polga yuztuban yiqilib hushidan ketgan. Xuddi shu bashorati tufayli Messing gitlerchilar ta’qibiga uchragan. Lekin topa olishmagan. Messing keyinchalik g’alaba sanasini ham aniq bashorat qilgan. Keyingi bashorati esa Stalinning o’limi bilan bog’liq bo’ldi. Ajablanarlisi, bu bashoratni Stalinning o’ziga Kreml yaqinida aytgan. Uni Stalin o’shanda tekshirib ko’rish uchun Kremlga taklif etgandi. Haqiqatan, Messing bashorat qilishicha, Stalin 1953 yil 5 martida miyaga qon quyilishi tufayli jon bergan.
Messingning eng dahshatli bashoratlaridan biri o’z o’limi sanasini aytish bo’lgan. Haqiqatan, u xastalanib yotib qolgan. Qarangki, jon shirinligidan taqdir hukmini qaysidir yo’l bilan o’zgartirishga, qismatdan qochib qutulishga uringan, ammo uddasidan chiqa olmagan.
O. HAYIT tayyorladi