BOZORDA
(hajviya)
Bozor aylanib yurgandim. Sotuvchilardan biri kutilmaganda qo’limga gilos tutqazdi.
— Qarang shirinligini!.. Xuddi mallasoch qizlarga o’xshaydi!.. Menga qarang, nega teskari o’girilayapsiz? Sotib olsangiz-chi!..
— Pulim yo’q.
— Vey, arzongarovga bervoraman.
— Pul yo’q dedim-ku!
— Mana, sizga besh yuz beraman. Endi sotib olasizmi?
— Qanchadan o’zi? — so’radim uning harakatiga tushunmay.
— Kilosi besh yuz so’m.
— Qimmat ekan. Bo’pti, men ketdim!
— To’xtang, mayli, uch yuzga beraman!
— Ikki yuzga bersangiz, olaman.
— Vey, pul meniki bo’lsa, yana savdolashayapsizmi? Buyoqqa bering besh yuzni!
— Bermayman. To’rt yuz so’m bering, o’shanda qaytaraman pulingizni.
— Qancha? Ie, besh yuz so’m pulimni olishim uchun sizga to’rt yuz berishim kerakmi? Esingiz joyidami?..
Shu kuni sotuvchi juda yomon ahvolda qolgandi. To’g’ri, pulini qaytarib berdim. Ammo… Shunchaki emas… Bir kilo gilos evaziga.