TUYa HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR…

 

1. Misr sahrolarida yashovchi ko’chmanchi aholi tuyani juda qadrlaydi. Umuman olganda, «Tuya» so’zi arabchadan tarjima qilinganda, «Go’zallik» ma’nosini beradi.

2. Garchi o’rkachi bo’lsa-da, tuyaning umurtqasi to’g’ri o’sgan.

3. O’rkachga yig’ilgan yog’ tuyani nafaqat ochlikdan asraydi, balki haddan ziyod issiq havoda ham tana haroratini me’yorda ushlab turadi.

4. Tuya bir ichishda 200 litrga yaqin suv ichadi. Keyin haftalab chanqash neligini bilmasdan yashaydi.

5. Dunyoda eng qaysar jonivor aslida eshak emas, tuya ekan. Agar yotib dam olishni xohlasa, hech qanday kuch uni o’rnidan qo’zg’ata olmaydi. Turg’azmoqchi bo’lgan odam chegaradan chiqsa, yuziga tuflab tashlaydi.

6. Tuya tepishga ham usta. U otlar kabi oldinga va orqagagina emas, to’rt tomondagi odam yo hayvonni tepa oladi. Oyoqlari shunday harakatga moslashgan. Ulardagi elastiklik darajasi yuqori.

7. Afrika davlatlarida tuya ilohiy jonivor sifatida qadrlanadi.

8. Tuya suv bor joyni 50-60 kilometr uzoqlikdan his etadi. Bir kecha-kunduzda 30-40 kilogramm ovqat yeydi.

9. Qishda sovuqdan saqlanish uchun tuya tanasida uzun va qalin yunglar o’sib chiqadi.

10. Tuya go’ngi haddan tashqari quruq bo’lgani bois sahrolarda yashovchi ko’chmanchi qabilalar bu go’ngni qish kunlarida yoqilg’i sifatida ishlatadi.

11. Tuya o’rtacha 35-40 yil umr ko’radi.

12. Tuya dengiz yoki daryoga tushsa ham a’lo darajada suza oladi.

13. Tuya o’z vaznidan 50 foiz kam og’irlikka ega yukni to’xtamasdan 40 kilometr masofagacha ko’tarib bora biladi. Agar ustida yuk bo’lmasa, to’xtovsiz yuz kilometrlab yo’l bosadi.

14. Agar zarurat tug’ilsa, tuya otdan ham tez chopadi.

15. Bir va ikki o’rkachli tuyalar jinsiy munosabatga kirishsa, ulardan tug’ilgan bola «nortuya» deb ataladi.

16. Tuya suti sigirnikidan ikki hissa foydaliroq. Bu sut tarkibida kalsiy, magniy, temir, fosfor, «S», «D» vitaminlari, foydali minerallar hamda mikroelementlar ko’p.

Olimjon HAYIT tayyorladi