BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

JIN VOQEASI

(hajviya)

 

Jopar Salomov bir kuni kutilmaganda axlatxonadan xum topib oldi. «Ie, axir, bu zo’r-ku!.. Ilgari xumning ichida jinlar yashaydi, nimaiki istaging bo’lsa, hammasini bir zumda ado etadi, deyishardi… Qani, menam bir xumni ishqalab ko’ray-chi!..» Jopar xayoliga kelgan ajoyib fikrlardan to’lqinlanib, shosha-pisha uyiga keldi-da, eshikni ichkaridan tambalab, xumni ishqaladi. Ishonasizmi, yanglishmagan ekan… Bir payt xum ichkarisidan qora tutun burqsib, ro’parasida negadir xafaqon, egniga chopon hamda eski ishton kiygan, ko’rinishidan xuddi jinlarga o’xshab ketadigan jonzot paydo bo’ldi. Jopar xursandligidan o’zini qo’yarga joy topolmay qoldi shu tobda. Ie, qarshisida sehrli xizmatkor turadi-yu, hayajonlanmaydimi?!

— Hoy jin, menga quloq sol! — dedi Jopar o’zini jiddiy tutib, — Bor, hoziroq menga aroq keltir do’kondan!.. Keyin… Yoniga bir lagan tovuq go’shtiyam qo’shib kelasan!..

Haligi jin unga hayron bo’lib qarab turdi-da, norozi bosh chayqab, tilga kirdi:

— Menga qara, o’zi yoshing nechada-a?..

— Menimi?.. Yigirma beshda…

— Yigirma besh?.. Vey, uyalmaysanmi-a?.. Mening yoshim nechadaligini bilasanmi?..

— Y-yo’q… Nechada?..

— Uch yuzda, bildingmi?.. Sen hali burningni artishni tuzuk-quruq eplolmaysan-u, o’zingdan kattaga ish buyurishingni qara!..

— K-kechirasiz… M-men o’ylabmanki…

— O’ylabman emish… O’ylagandan keyin yaxshilab o’ylash kerak, tirrancha!

— H-ha, mayli, uzr… Keling, o’tiring! — O’zini yo’qotib qo’yayozgan Jopar jinning atrofida parvonadek aylana boshladi. — Qani, marhamat qilsinlar!

Jin kresloga astoydil yastanib o’tirib olgach, oyog’ini Jopar tarafga cho’zdi.

— Etikni yech!

U tezda jinning etiklarini, choponini yechib qoziqqa ildi.

— Oting nima o’zi? — so’radi jin biroz nafasini rostlagandan so’ng.

— Jopar.

— Shunaqa degin… Unda quloq sol, Jopar, menga biron-bir ichadigan o’tkirroq narsangdan olib kel!

— Axir… Mening pulim yo’q… — xijolatdan yig’lagudek bo’lib bosh egdi Jopar.

— Vey, mening achchig’imni chiqarma sen bola, ha!.. Yo’qsa, hov anavi bo’shagan shishaning ustiga o’tqazib qo’yaman. Qani, tez do’konga chop-chi, bo’l tez, dedim!..

Bechora Jopar bo’lganicha-bo’ldi. Qo’rqqanidan yugurgancha qo’shninikiga chiqib qarz oldi-yu, do’kondan ichkilik keltirdi. Ichkariga kirganda jin astoydil televizor ko’rish bilan band edi. Jopar yana tanbeh eshitmaslik uchun darrov stakanga ichkilik quyib jinga uzatdi. Yaramas, rosa ichadigan xilidan ekan. Gazak ham qilib o’tirmadi. Faqat bir marta «chif» deb qo’ydi, xolos. Biroz o’tib badani qiziy boshladi shekilli, yana Joparga o’girildi.

— Hoy bola, yaxshi, ketvorgan qizlardan yo’qmi-a?..

— Yo’g’-a… M-men unaqa qizlarni tanimayman…

— Tanimaysanmi?.. Unda hoziroq bo’shagan shishaning ustiga o’tirasan… Bor, qidirib ko’r!.. Qanaqangi landovursan o’zing?.. Tag’in yigirma beshga kirganmish bu kishi…

Jopar noiloj yo’lakka chiqib Tamara, Galya degan tanishlariga qo’ng’iroq qila ketdi… Ha, qo’ng’iroq qilayotib sal nariroqda haligi bo’shagan shishani ko’rib qoldi-yu, g’azabi qo’zg’ab «Padaringga la’nat!» degancha oyog’i bilan tepib yubordi. Shu payt deng, shishaning ichidan qora tutun burqsib, qarshisida ro’mol o’ragan, uzu-un ko’ylak kiygan qandaydir ayol paydo bo’ldi. U atrofni erinmay kuzatib chiqqach, Jopardan so’radi:

— Erimni ko’rmadingmi?

— Nima?

— Mening Jinimni ko’rmadingmi deyapman? Nima balo, karmisan?

— Ha-a, jinmi?.. Y-yo’q…

— Voy yaramas-ey, agar rostini aytmasang, mana shu bo’shagan shishaning ustiga o’tqazib qo’yaman, gapir!

— Qarang-a, men gapingizga yaxshi tushunmay qoldim-da!.. Haligi soqolli jinni aytyapsizmi?.. U shu yerda, ichkari xonada o’tiribdi.

Ayol Joparni turtib yuborib ichkariga yo’l oldi. Oradan bir-ikki daqiqa o’tar-o’tmas, xonada nimaningdir qattiq taraqlagani, jinning dodlagan ovozi eshitildi.

— Xap, senimi?! — deya Joparga o’qraydi jin ura solib xonadan chiqarkan, — Hali shoshmay tur!..

Shu gapni gapirdi-yu, ko’z ochib yumguncha ikkalasi ham bo’shagan shishaning ichiga kirib g’oyib bo’lishdi. Qutulganiga shukr qilgan Jopar esa, og’ir tin olib shishani omonatgina cho’ntagiga soldi va jon talvasasida axlatxonaga tashlab keldi.

Olimjon HAYIT tayyorladi