Muzqaymoq, asosan yoz mavsumida tanovul qilinadigan mazali shirinlik turi ekanligi hech kimga sir emas. Betakror ta’mli, ko’p asrlik tarixli va xushbo’y hidli ushbu shirinlik – Turkiya shirinlik madaniyatining durdonasidir. Qaysi jamiyat bo’lishidan qat’i nazar, ular, albatta, o’zlarining muzqaymoq reseptlariga ega.
Yozning ajralmas shirinligi bo’lgan muzqaymoq Turkiyada tarixiy ahamiyatga ega. Shu darajadaki, Marash muzqaymog’i Turkiyaning tengsiz ta’mlari orasida uni dunyodagi mashhurligini orttirmoqda. Marash muzqaymog’i reseptiga o’tishdan oldin, maqolamizda Marash muzqaymog’ining paydo bo’lishi, brendga aylanishi, turistik maqsadlarda ishlatilishi, qisqasi, muzqaymoqning qanday jahon brendi holiga kelganligini tushuntiramiz va albatta, yuqorida aytib o’tilgan ajoyib Marash muzqaymog’i reseptisidan ham hikoya qilinadi. Uy sharoitida tayyorlanishi oson bo’lgan Marash muzqaymog’i resepti bilan ushbu maqolamizni bitirib, maqsadimizga erishamiz.
Turklarda muzqaymoq tayyorlash usuli
Muzqaymoqning ko’plab mazali navlari mavjud bo’lgan turk oshxonasida muzqaymoqchilik kasbi alohida o’rin tutadi. Bundan tashqari, turklarning ajdodlari Ota yurtda (O’rta Osiyo) bo’lganida muzlatilgan taomlar shirinlik sifatida iste’mol qilinganligi haqidagi dalillarni uchratish mumkin. Mintaqaning geografik sharoitidan kelib chiqqan holda yoz oylarida turli usullar bilan muzlatilgan meva va sharbatlar iste’mol qilingan. Vaqti kelib, Anato’liyada XIII asr Saljuqiylar davrida muzlatilgan shirinliklar qorni saqlash uchun maxsus ishlab chiqilgan qor idishalarda tayyorlanganligi kuzatilgan.
Usmoniylar davrida ham davom etgan muzlatilgan shirinlik tayyorlash an’anasi yanada kengroq tus ola boshladi. Saroy tomonidan tayinlangan “qorchiboshi” va “muzchiboshi” kabi amaldorlar – savdogarlar uchun shirinlik tayyorlashda zarur bo’lgan qor miqdorini ta’minlab, tarqatar edi. XVII asrdan boshlab muzqaymoq tayyorlashning biz bilganimizdek, haqiqiy usuli boshlangan. Shuningdek, Marash muzqaymog’i yoz oylarining sevilib tanovul qilinadigan shirinligi va tijoriy mahsulotga aylanganligi ham bu davrga to’g’ri keladi.
Kahramanmarash muzqaymog’i qanday paydo bo’lgan?
1920-yilda Aleppodan kelib, Kahramanmarashga joylashgan Xoji Mehmet ismli shaxs mintaqada salep (turk ichimligi) bilan muzqaymoq tayyorlashni boshlaganida paydo bo’ldi. Oradan ko’p o’tmay, “Kal Ali” laqabli shaxs salep va echki sutini temir qoshiq bilan aralashtirib, uni yanada ixcham va quyuq holatga keltirishi bilan mashhur Marash muzqaymoqlarining poydevori qo’yildi.
Marash muzqaymoqlarining o’ziga xos “rivojlanishi” ham xuddi paydo bo’lishi kabi yaqin bir davrga to’g’ri keladi. 1980-yillarning o’rtalariga qadar uylarda va kichik korxonalarda ishlab chiqarilgan Marash muzqaymoqlari ustaxonalarga texnologik qurilmalar kirib kelishi bilanoq yanada kattaroq sektorga aylandi. Xuddi shu davrda sovutish moslamalarini qo’llash va muzqaymoqni saqlash tizimlarining rivojlanishining ortidan Turkiyaning boshqa shaharlariga ham Marash muzqaymoqlarini tarqatish boshlandi. Bugungi kunda Marash muzqaymoqlari sotiladigan shaxobchalar ko’p joyda, jumladan chet el davlatlarida ham ochilgan. Yuqorida zikr qilingan barcha jarayonlardan so’ng, Marash muzqaymoqlari milliy va xalqaro miqyosda tanilgan lazzatlardan biriga aylandi.
Marash muzqaymog’i va turizm
Marash muzqaymog’i ta’midan tashqari, o’zining ajoyib taqdimoti bilan xotiralarimizdan joy olgan ta’mdir. Mavsumiy iste’moli yuqori bo’lganligi sababli, yoz oylarida dam olish maskanlarida sotuvlari ortib borayotgan mahsulotdir. Ammo yoz oylarida uning sotuvi raqobat darajasida ortib borayotganining sababi nafaqat uning ta’mi, balki biz boshida aytib o’tganimizdek, o’zining g’ayrioddiy ravishda xaridorlarga sotayotgan vaqtdagi taqdimoti – “shou” ham sabablardan biridir.
Muzqaymoq tayyorlash o’tmishdan hozirgi kungacha yetib kelgan hunarmandchilik turidir. Bugungi kunda ushbu hunarmandchilikning ishlab chiqarish va taqdimot bosqichlari alohida soha sifatida davom ettirilmoqda. Hammamizga tanish bo’lgan tushunchaga aylangan “Marash muzqaymoqchisi” mahsulotning deyarli ajralmas qismi va muzqaymoq ta’mining siri sifatida ko’riladi. Marash muzqaymoqlarini taqdim etish va ishlab chiqarish bilan shug’ullanadigan muzqaymoq ishlab chiqaruvchilarning milliy kiyimlari va akrobatik harakatlari turizmda muhim rol o’ynashini ta’minlaydi. Avval dam olish maskanlarida boshlangan “Marash muzqaymoqchisi” an’anasi hozirda xorijdagi turli xil tadbirlarda davom etib kelmoqda.
Marash muzqaymog’i resepti
Uy sharoitida muzqaymoq tayyorlash turk oshxonalarida uzoq vaqtdan beri davom etmoqda. Marash muzqaymog’i tayyorlanishi qiyin bo’lgan muzqaymoq turi bo’lsa-da, biz siz bilan qiyinchilik tug’dirmaydigan reseptni bo’lishishga qaror qildik.
Kahramanmarashda 32 turdagi Marash muzqaymog’i reseptlari mavjud. Har bir reseptda ishlatiladigan masalliq turlari va jarayonlar bir-biridan farq qiladi. Tijoriy maqsadda ishlab chiqariladigan Marash muzqaymoqlarida qo’llaniladigan texnologik qurilmalar bilan turli xil muzqaymoq navlarini tayyorlash mumkin. Shuning uchun, biz siz uchun taklif qiladigan Marash muzqaymog’i reseptida uyda yoki bozorda osongina topishingiz mumkin bo’lgan masalliqlar ro’yxatini tayyorladik:
– 5 stakan sut
– 1 stakan donador shakar
– 1 choy qoshiq sof salep (paketlarga qadoqlangan saleplarni ishlatmaslikka harakat qiling).
Marash muzqaymog’ini tayyorlash quyidagicha:
Tayyorlangan 5 stakan sutni qozonchaga to’king va qaynatishni boshlang.
Qaynayotgan sutga siz tayyorlagan shakar qo’shing va qaynatishda davom eting.
Bundan tashqari, salepni suv bilan eritib yuboring (alohida joyda kichik idishda eritishingiz mumkin).
Sekin-asta eritilgan salepni qaynayotgan shakarli sutga to’kib tashlang va sutni bir vaqtning o’zida aralashtirib turing.
Salepning sutda to’liq erishi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun, sutga aralashtirilgan salep to’liq eriganiga ishonch hosil qilguningizcha aralashtirishda davom eting.
Qaynatilgan sutni gaz plitasidan olib tashlang va aralashtirgan holda sovutib oling.
Etarli haroratga yetgan sutni muzlatgichga qo’yishingiz mumkin bo’lgan idishga quying va muzlatgichga qo’ying.
15 yoki 20 daqiqadan keyin muzlay boshlagan aralashmani temir qoshiq yordamida aralashtiring. Muzqaymoq saqich konsistensiyasiga ega bo’lmaguncha bu jarayonni har 20 daqiqada takrorlang.
Muzqaymoq quyuq holatga kelganda uni muzlatgichdan olib, dasturxonga tortishingiz mumkin.