image0

Shubhasiz, insoniyat Yerdagi eng aqlli tirik mavjudotdir. Shuningdek, boshqa turlarda ham ko‘nikma va instinktlardan tashqari, holatdan kelib chiqib fikrlash va harakat qilishga undovchi aql mavjud bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda uy yumushlarini bajarayotgan, egasiga taqlid qilayotgan va g‘ayritabiiy harakatlarni amalga oshirayotgan jonzotlarga ko‘pincha duch kelmoqdamiz. Xo‘sh, o‘zi hayvonlarning aql darajasi qanday bo‘ladi? Ular faqat o‘rgatilganini takrorlaydimi yoki mustaqil qaror ham qabul qiladimi? Maqolada olimlarning bu borada o‘tkazgan tadqiqotlari va “aqlli deb topilgan” jonzotlar haqida so‘z boradi.

Shimpanze

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon1Inson DNKsiga 98 foiz o‘xshash DNKga ega shimpanze hayvonot olamidagi eng aqlli jonzotlardan biri hisoblanadi.

1960 yilda shimpanze birinchi bo‘lib asbob-uskunalardan foydalangan hayvon sifatida hujjatlashtirilgan. Keyingi tadqiqotlar shimpanzelarda murakkab ijtimoiy hayot, insonnikiga o‘xshash his-tuyg‘ular va “fikrlash” qobiliyati – metakognitsiya mavjudligini aniqladi.

2014 yilda “Nature” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, ayrim xotira va aql o‘yinlarida shimpanzelar hatto odamlardan ustun ekanligi aniqlangan. 
Uosho ismli shimpanze ishoralar yordamida ingliz tilini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan va 2007 yilda vafot etguniga qadar 350 ta ishorani tushungan.

Delfin

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon2

Ushbu dengiz jonivorlari shu darajada aqlliki, ko‘pchilik delfinni eng aqlli jonzot deb hisoblaydi. Bu suv sutemizuvchilari murakkab ijtimoiy hayotga ega, mavhum tushunchalarni tushunadi, asboblar ishlatadi, muammolarni hal qiladi, murakkab hissiyotlarga ega. Tadqiqotlar ba’zi delfin turlari o‘zini oynada tanib olishi va metakognitsiyaga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Ular ham xuddi itlar kabi inson buyruqlarini bajarishi mumkin. 2013 yilda olimlar delfinlar bir-birini muayyan tovush bilan chaqirishini aniqlab, bu ularning ismlari bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular bu nomlarni kamida 20 yilgacha eslab qoladi.

Bonobo

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon3

Shimpanzening qarindoshi bo‘lgan bonobolar ham nihoyatda aql-zakovatga ega. Ba’zi tadqiqotchilar ularni shimpanze va orangutanlar bilan birga, “tafakkur nazariyasi” deb ataluvchi kognitiv qobiliyatga ega deb hisoblaydi. Tadqiqotlar bonobo va shimpanzelar tanish yuzlarni 26 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham eslab qolishini ko‘rsatgan.

Shimpanze va odamlardan farqli o‘laroq, bonobolarda bir-birini o‘ldirish holatlari kuzatilmagan. Erkak bonobolar tez-tez janjallashadi, lekin bu janglar boshqa katta maymunlar orasidagiga qaraganda ancha yumshoq o‘tadi.

Kashalot

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon4

Kashalot bugungi kunda Yer yuzidagi eng katta miyaga ega hayvondir: 7-9 kilogramm. Kashalotlar oilaviy guruhlarda yashaydi va har bir guruh o‘ziga xos madaniyatga ega. Ular o‘zaro “koda” deb ataladigan tovush tizimi orqali muloqot qiladi. Har bir guruh kodasi boshqasidan farq qiladi, bu holat inson tilidagi shevaga o‘xshaydi.

Bundan tashqari, kashalotlar bir-biridan o‘rganishda juda mohir. Tadqiqotlar XIX asrda ovchilar tomonidan faol nishonga olingan bu jonzotlarning bir-biriga qochishni o‘rgatganini ko‘rsatadi.

Kabutar

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon5

Kabutarlar sanashni biladi, so‘zlarni tanib oladi, xotirasi kuchli va ko‘rish qobiliyati juda yaxshi. Ular har xil ob’ekt turlarini ajrata oladi. 2015 yilda olimlar kabutarlarga 128 ta rasmni 16 toifaga ajratishni o‘rgatgan. Keyinchalik yangi rasmlar taqdim etilganida, kabutarlar to‘g‘ri tasniflashda davom etgan. Ular hatto o‘zini oynada tanib olishga qodir.

1995 yildagi g‘ayrioddiy tadqiqotda olimlar kabutarlarga Monet va Pikasso kabi rassomlar asarlarini ajratishni o‘rgatgan. Mashg‘ulotlardan so‘ng, yangi asar ko‘rsatilganida, kabutar uni qaysi rassomga tegishli ekanini aniqlay olgan. Keyinchalik ular Sezanne va Renuar, Matisse asarlarini ham ajratishni o‘rgangan.

Fil

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon6

Quruqlikdagi hayvonlar orasida eng katta miyaga egalik qiluvchi bu ulkan jonzotlar ajoyib xotira, yuqori ijtimoiy aql, muammo yechish qobiliyati va murakkab hissiyotlarga ega.

Ular mustahkam oilaviy guruhlarda yashaydi va bir-birlariga yordam berishi, qayg‘urishi, o‘lgan yaqinlariga motam tutishi kuzatiladi. Fillar asboblardan foydalana oladi, vazifalarni bajaradi va hatto o‘z tanalari muammoni yechishga to‘sqinlik qilayotganini tushunadi.

Sichqon

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon7

Kasallik tarqatuvchi sifatida tez-tez tilga olinadigan sichqonlar aslida toza va aqlli jonzotlar hisoblanadi. 2020 yilda doktor Jennifer Graham sichqonlar mushukka qaraganda tez-tez o‘zini tozalashini ma’lum qildi.

Ular fokuslarni o‘rganishi, muammolarni yechishi, empatiya ko‘rsatishi, do‘stlarini qutqarishi va hatto tasavvur qilish qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin. 2014 yilda sichqonlarning o‘rganish va idrok qobiliyati bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotda aniqlanishicha, ular ba’zan insonlardan ham ustunroq natija ko‘rsatgan, ayniqsa “bilvosita toifaviy umumlashtirish” (o‘rgangan namunalarni yangi ma’lumotlarga tatbiq qilish) sohasida.

Orangutan

Faqat odamlar emas: eng aqlli 8 ta hayvon8

Barcha katta maymunlar rivojlangan aqlga ega va orangutanlar ham bundan mustasno emas. Ular ajoyib darajadagi o‘rganuvchilardir. Masalan, Chantek ismli orangutan ishora tilini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan ilk maymunlardan biri bo‘lgan, u hatto o‘zi yangi ishoralar ham yaratgan. Chantek antropolog tomonidan tarbiyalangan, xona tozalash, hojatxonadan foydalanish, o‘yin o‘ynash va rasm chizishni o‘rganib olgan.

2018 yilda “Science” jurnalida e’lon qilingan tadqiqot orangutanlar “kechiktirilgan murojaat” qobiliyatiga ega ekanini ta’kidlagan, bu hozir sodir bo‘lmayotgan narsalar haqida gapira olish qobiliyatidir. Tadqiqotchilar yo‘lbars sifatida niqoblanib orangutan ona va bolalar yoniga kirgan. Natijada, orangutan onalari yirtqichni ko‘rib, bolalarini xavfsiz joyga olib ketgan, ammo xavf yo‘qolganidan keyin ogohlantiruvchi tovush chiqargan.

“O‘sha paytda yirtqich model olib tashlangan bo‘lsa-da, orangutan urg‘ochilari baribir signal bergan”, deb yozadi olimlar.

Ularning taxminicha, orangutanlar bolalariga “ular xavf ostida bo‘lganini” tushuntirgan.

“Harakatni vaqt va makon jihatidan kechiktirish – bu murakkab kognitiv ishlov va umumiy aql belgisi”, deydi tadqiqotchilar.