20 noyabrdan 18 dekabrga qadar Qatarda bo’lib o’tadigan Jahon chempionatidan so’ng «Real» sobiq bosh murabbiyi Zinedin Zidan Fransiya terma jamoasi murabbiyiga aylanadi. «Bir yarim yil avval Zidan «Real»ni tark etganida, Fransiya terma jamoasi taklifini kutib, hech qaysi klubda murabbiylik qilmasligini aytgandi.
Kutish tugadi: Jahon chempionatidan keyin Fransiyani Zinedin Zidan boshqaradi», – deb yozdi jurnalist Serxio Valentin Twitter’da.
Zidan 1994 yildan 2006 yilgacha Fransiya terma jamoasida 108 ta o’yin o’tkazib, 31 ta gol urgan. Terma jamoa tarkibida yarim himoyachi 1998 yilda Jahon chempioni va 2000 yilda Yevropa chempioniga aylangan.
Zidan bosh murabbiy sifatida «Real» bilan uch marta Chempionlar Ligasini yutgan, ikki marta Ispaniya chempioni bo’lgan.
Mutaxassisning Madrid klubini tark etishi 2021 yilning 27 mayida ma’lum bo’lgan edi. O’shandan beri Zidan murabbiylikka qaytmadi.