Evropa futbolini yoritishga ixtisoslashgan https://www.euro-football.ru sayti jurnalistlari Osiyoning ikki karra eng zo’r futbolchisi bo’lgan O’zbekiston milliy terma jamoasining sobiq sardori Server Jeparovga bog’lanib, undan Eldor Shomurodovning “Roma”dan ijara asosida “Spetsiya”ga o’tganiga munosabat so’radi.
“Roma”da yetarlicha o’yin amaliyotiga ega bo’lmagan Eldor Shomurodov 2023 yilning 30 iyunigacha “Spetsiya” sharafini himoya qiladigan bo’ldi. 27 yoshli hujumchiga qishki transferlar vaqtida Italiyadan “Monsa”, “Sampdoriya”, “Verona”, “Spetsiya”, “Torino”, “Fiorentina”, “Kremoneze”, Germaniyadan “Bayer”, Ispaniyadan “Valyadolid”, Fransiyadan “Renn” va “Lill” klublari og’iz soldi.
O’zbekiston milliy terma jamoasining hozirgi sardori Italiyadan tashqaridan bo’lgan chorlovlarga rad javobini berdi. Eng optimal variant sifatida “Torino” tilga olingan va hujumchimiz klub bilan shaxsiy shartnoma bo’yicha o’zaro kelishuvga erishgandi. Biroq, “Roma” talabni oshirgach, transfer oxiriga yetmay qoldi.
Oxirida Eldorning oldida ikkita variant qoldi. Biri hali mavsumda g’alaba nashidasini surmagan autsayder “Kremoneze” va xavfli hududdan biroz tepada turgan “Spetsiya”. Oxir-oqibat, legionerimiz “Spetsiya”ga nasib qildi.
Server Jeparov o’z munosabatida “Spetsiya” Eldor uchun eng optimal variant bo’lmaganini alohida ta’kidladi.
– Shaxsan men uchun “Spetsiya” eng maqbul tanlov emas. Buni shunday izohlayman. Har qanday hujumchi boshqalarga muhtoj bo’ladi. Maydonda uni qo’llab-quvvatlab turadigan, forvardga qulay vaziyat yaratib beradigan va golli pas uzatadigan o’yinchi bo’lishi kerak.
“Spetsiya”da Eldor Shomurodovga ana shunday sharoit yaratilishiga amin emasman. Lekin har qanday vaziyatda ham Eldorga katta omad va muvaffaqiyatlar tilayman. Har bir futbolchi o’ynashi kerak, – dedi Server Jeparov.
Server Jeparov “Navbahor” futbol klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Uzoq yillik faoliyati davrida yurtimizda “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Metallurg” klublarida muvaffaqiyatli to’p tepgan.
Shuningdek, Server legioner sifatida ham juda katta tajriba to’plagan. Janubiy Koreyada “Seul”, “Sonnam”, “Ulsan”, Saudiya Arabistonining “Ash-Shabab”, Eronning “Istiqlol” va “Sepaxon”, Qozog’istonning “Jetisu” jamoalari sharafini munosib himoya qilgan.
Bu klublar tarkibida mohir pleymeykerimiz to’qqiz karra O’zbekiston chempioni, sakkiz karra mamlakat kubogi g’olibi, Janubiy Koreya chempioni va Liga kubogi sohibi, Saudiya Arabistoni chempionati oltin medal sovrindori, Eronning Xazfi kubogi egasi bo’lgan.
O’zbekiston milliy terma jamoasi safida 127 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 24 marta ishg’ol qilgan.
O’zbek futboli tarixidagi eng kuchli futbolchilaridan biri sifatida tan olgan Server Jeparov 2019 yili professional faoliyatini yakunlab, murabbiylik ishini boshladi.