18 iyun – 3 iyul kunlari Vengriya suv sporti turlari bo’yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Unda O’zbekiston terma jamoasi vakillari ham suzish, sinxron suzish va suvga sakrash dasturlarida ishtirok etishadi. Bu haqda O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, terma jamoadan quyidagi sportchilar chempionat uchun yo’l oladi.
Suzish: Xurshidjon Tursunov, Aleksey Tarasenko.
Ta’kidlanishicha, Tursunov 50 metrga batterflyay va 50 metrga erkin usullarda suzish, Tarasenko esa 100 va 200 metrlarga erkin usullarda suzish dasturida startga chiqadi.
Suvga sakrash: Botir Hasanov, Marsel Zaynetdinov, Kamronbek Xodjimov.
Hasanov va Zaynitdinov bo’lajak jahon chempionatida 10 metrdan sinxron sakrash dasturida, Xodjimov esa 3 metrli tramplindan sakrash bo’yicha o’z omadini sinab ko’radi.
Sinxron suzish: Dinara Ibragimova, Diana Oneks, Ziyodaxon Toshxo’jayeva, Anna Vashenko, Vyacheslav Rudnev.
Ibragimova hamda Rubnev birgalikda mikst dasturida, Oneks va Toshxo’jayeva duet chiqishlarida qatnashsa, Vashenko zaxira sportchisi sifatida ro’yxatdan o’tgan.
Eslatib o’tamiz, ushbu jahon chempionati aslida o’tgan yili Yaponiyaning Fukuoka shahrida o’tkazilishi lozim edi. Tokio-2020 Olimpiadasi 1 yilga kechiktirilgach, dunyo birinchiligi ham 2022 yilga qoldirildi. Biroq 2021 yil yakunida Fukuoka ma’muriyati epidemiologik vaziyat sabab musobaqani qabul qila olmasligini bildirgach, mezbonlik Budapesht shahriga o’tdi. Shu tariqa, Vengriya poytaxti so’nggi 7 yil ichida ikkinchi bor mazkur nufuzli startni qabul qilmoqda.